Ko‘pincha odamlar yuqori martabaga erishishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘yadi va ko‘plab xatolar qilayotganini sezmasdan faqat o‘sha maqsad sari intiladi. Va afsuski, bu bilan o‘z maqsadiga erishishni uzoqlashtiradi. Ba’zi xatolar esa sizni belgilangan marradan butunlay uloqtirib tashlaydi.
Xo‘sh, bu qanday xatolar bo‘lishi mumkin?
- Ilhomni oshirish, shaxsiyatni o‘stirish va o‘z-o‘zini kamolotga yetkazish haqidagi kitoblarga haddan tashqari qiziqish
Bunday adabiyotlar juda ko‘p va haqiqatan ham juda ommabop. Bu kitoblardan foydali ma’lumotlar olish mumkin, lekin ba’zi kitobxonlar faqat kitob o‘qishning o‘zi ularni dadilroq, aniq bir maqsadga intiluvchi odamga aylantiradi deb o‘ylab xatoga yo‘l qo‘yadi. Chunki agar siz o‘qiganlaringizni hayotga tatbiq qilmasangiz, unda buning siz uchun hech qanday foydasi bo‘lmaydi.
- Hamma yangi usullarni amalga oshirishga intilish
Odamlarning ko‘pincha yo‘l qo‘yadigan xatosi: «men – zamonaviy odamman, shuning uchun men kasbiy o‘sish bo‘yicha eng zamonaviy usullarning hammasidan foydalanishim kerak» deb o‘ylashidadir. Qanday qilib o‘z kasbining ustasi bo‘lish, o‘z imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish haqida juda ko‘p adabiyotlarni uchratish mumkin.
Lekin, hammasini va birdaniga amalda qo‘llashga urinmaslik kerak. Chunki ko‘pchilik usullar hammabop emas va ular ba’zi odamlarga mos kelmasligi mumkin.
- Tajribali odamlarning maslahatlarini mensimaslik
O‘ziga va o‘z harakatlariga bo‘lgan ishonch – bu, albatta maqtovga sazovar. Lekin atrofingizdagi tajribaliroq, ayniqsa o‘z kasbining ustasi bo‘lgan odamlarning maslahatlarini eshitish va iloji boricha ularga amal qilish juda foydali.
- Gumonsirash
Boshqalarning fikriga katta ahamiyat bermaslik kerak. Qayerda bo‘lishingizdan, nima qilishingizdan va qanday odamlar bilan ishlashingizdan qat’i nazar – har doim va hamma joyda sizni tanqid qiladigan odamlar topilishi esingizda bo‘lsin. Tanqidni eshiting va boshqalarning fikriga e’tibor bering, lekin har doim o‘z nuqtai nazaringizni himoya qiling.
Manba: Daryo.uz