Farzandlarimiz bizdan-da aqlli, farosatli, hayotda qoqilmaydigan, omadli bo‘lishini istaymiz. Bu orzular amalga oshsin desak, uydagi muhitni ijobiy tomonga o‘zgartirishimiz zarur. Bolalarni ruhiy tushkunlik, ishonchsizlik hissidan qo‘rishning bir chorasi hayotning har bir daqiqasidan quvonishga, bo‘lib o‘tgan har bir voqeaga ijobiy fikr bildirishga o‘rgatishdir. Ota-onaning o‘ziga, hayotga ishonchi, albatta farzandlarida ham aks etadi.
Kichkintoyingizni ertalab chiqqan quyoshdan, oyisi pishirgan kulchadan, olgan “besh” bahosidan chin dildan xursand bo‘lishga o‘rgating. Bolaning hayotdan zavq oladigan xushchaqchaq inson yoki odamovi bo‘lib ulg‘ayishi aynan ota-onaning dunyoqarashiga bog‘liqligini unutmaylik.
* * *
Kishi umidsizlikka berilsa, qattiq siqilsa, qondagi adrenalin va kortizol miqdori keskin oshadi. Adrenalin qon bosimini ko‘taradi, qonning tez quyulishiga ham shu “jizzaki” gormon sababchi. Kortizol esa tanada yog‘ qatlamini hosil qilishda qatnashadi. Bu xavfli juftlik yurak xastaliklarining rivojlanishiga qulay zamin yaratadi.
* * *
Vaqtingizni behuda siqilishlar va aldamchi xayollar egallab olishiga yo‘l qo‘ymang. Buning foydasi yo‘q. Hadeb o‘tgan voqealarni, omadsizliklarni eslamang!
* * *
Ertangi muammolardan xavotirga tushmaslik uchun bugundan harakat qiling. Ya’ni, bugun rejalashtirgan har bir ishning uddasidan chiqing. Shundagina ruhiy zo‘riqishlardan saqlanib, kelajakdagi rejalarga ishonch bilan qaray olasiz.
Shukrullo JALILOV,
tibbiyot fanlari nomzodi
Manba: Darakchi.uz