Bilasizmi?

Ishtahani qitiqlovchi, ozishga halaqit beruvchi 10 mahsulot

Shunday mahsulotlar borki, ularni qanchalik ko‘p iste’mol qilmang, yegingiz kelaveradi. Ishtahaning jilovini bo‘sh qo‘yish esa ozishingizga xalaqit qilib, qo‘shimcha vaznga yo‘l ochishi mumkin. Bilasiz-a buni? Xo‘-o‘-o‘sh, chiroyli qad-qomatga ega bo‘lish uchun taomnomanadan qaysi mahsulotlarni olib tashlash kerak? Quyida ana shu haqda ma’lumot beramiz.

Oq non

Do‘konlarda sotilayotgan oq non tarkibida Mendeleyev davriy jadvalida ko‘rsatilgan unsurlarning barchasi mavjud. Nonning uzoq vaqt saqlanishi, ta’mi buzilmasligi uchun unga turli qo‘shimchalar qo‘shiladi. Un tayyorlashda bug‘doyning eng foydali qismi hisoblangan po‘stlog‘ining tozalanishini bir eslab ko‘ring. Biriktiruvchi to‘qimalarning yo‘qligi sababli, u tezda hazm bo‘ladi va birozdan keyin yana och qolasiz.

Yangi siqilgan sharbat

Bundan bir necha yillar ilgari turli mevalardan siqib olingan sharbatlarni iste’mol qilish urfga kirgandi. Ammo diyetologlar sharbat tarkibida qand miqdorining ko‘pligi, meva etida biriktiruvchi to‘qimalarning yo‘qligi uni xavfli mahsulotga aylantirib qo‘yishidan tashvishga tushdilar. Ko‘p miqdorda sharbat iste’mol qilish insulinning keskin oshib ketishiga, ochlik hissining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar judayam sharbat ichgingiz kelsa, yaxshisi unga qaynatilgan suv aralashtirib iching. Shunda ta’sir kuchini qirqishga erishasiz.

Glutamat natriy

Bu modda asosan fast-fud va xitoy taomlari, yarim tayyor mahsulotlarga ayamasdan qo‘shiladi (agar mahsulot o‘rami ustida Ye621 degan yozuvga ko‘zingiz tushsa, uni sotib olmang). Mazkur mahsulotlarni iste’mol qilgach ishtahangiz ochilib, yanada ko‘proq ovqatlanishga moyillik paydo bo‘ladi. Bundan tashqari glutamat natriy ta’sirida leptin moddasining ishlab chiqishi qiyinlashadi.

Soyali souslar

Soya izoflavon garmoniga boy. Bu gormonlar organizmga estrogen kabi ta’sir ko‘rsatadi. Estrogenlar yog‘ ajralishini kuchaytiradi. Fabrikalarda ishlab chiqariladigan soya sousi tarkibida esa glutamat natriy moddasi mavjud.

Shirinlik o‘rniga nima?

Fruktoza, saxaroza, qandsiz jemlar – turidan qat’iy nazar inson sog‘lig‘i uchun zararlidir. Ularni iste’mol qilganingizda miyangizga «hozir hazm qilaman, kerakli kaloriya va moddalarni olaman», degan signal keladi, ammo bu narsa amalga oshmaydi-da. Oxir-oqibat organizmingiz sizdan bunday holat uchun badal so‘raydi. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida shirinlik o‘rnini bosuvchi mahsulotlar diabet kasalligiga chalinish ehtimolini oshirishi aniqlangan. Ozish uchun gazli shirin ichimliklar, sharbatlar emas, balki hech nima qo‘shilmagan oddiy suv qulaydir.

Makkajo‘xori bodrog‘i

Ertalabdan juda ko‘p miqdorda shirinlik iste’mol qilish kun bo‘yi ishtahaning yo‘qolishiga olib keladi. Bodroqxo‘r xonimlar, kosa tagidagi nim kosani uqdingiz-a? Qisqa muddatda insulinning oshib ketishi natijasida tushlikda me’yoridan ortiq darajada ovqat iste’mol qilishingiz shundan.

 

Tuzlangan va marinadlangan yeguliklar

Glutomat natriy kabi tuz va sirka ham ishtahaning karnay bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, bir dona marinadlangan bodring yoki pomidorni yegandan keyin o‘zingizni to‘xtata olmay, bankada qolganini ham ishtaha bilan yeyishga tushasiz. Yangi uzilgan bodring va pomidor bu darajada ishtaha ochmaydi.

Ziravorlar

Taomga ko‘p miqdorda ziravor qo‘shish me’yoridan ortiq darajada ovqat yeyishingizga olib keladi. Ovqatning haqiqiy mazasini his qilmagan ta’m bilish retseptori miyaga qorin to‘yganligi haqidagi signalni yetkizib bermaydi, oqibatda to‘yganingizni bilmay, yana taomlanasiz.

Mayonez

Salatlarga, turli taomlarga ishlatiladigan sevimli mayonezimiz ham xavfli mahsulotlardan biri hisoblanadi. Tarkibida ko‘p miqdorda yog‘ va qo‘shimchalar ozish istagida bo‘lganlarning eng xavfli dushmanidir. Ketchup, xantal souslari qatorida mayonez ham miyani aldab, ko‘proq ovqat iste’mol qilishga majbur qiladi.

Qad-qomatingiz go‘zal bo‘lishini istasangiz, asosiy qoidani unutmang! Taomni tabiiy mahsulotlardan tayyorlang. Ziravor va qo‘shimchalarni iloji boricha kamroq ishlating. Qani, shunda ham ozmay ko‘ring-chi.

Manba: Darakchi.uz