Salomatlik

Issiqda yurak-qon tomir tizimi kasalliklari xuruj qilmasin desangiz

Issiq ob-havo barcha yoshdagi insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yurak-qon tomir tizimida surunkali kasalliklari mavjud insonlar, qariyalar va bolalar aziyat chekadilar.

Yozning issiq kunlarida shifokorga murojaat etish holatlari ortadi. Ushbu kunlarda arterial qon bosimining ko‘tarilishi, qon aylanish tizimida o‘zgarishlar, infarkt miokardlar ko‘payadi. Jazirama issiq insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.

O‘ZINI HIMOYa QILISh ChORALARI

Kun davomida 5 marotaba ovqatlanib, imkon darajasida yashil va oq rangga ega barcha ho‘l mevalarni hamda yog‘siz taomlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. Suvni ovqat yeb bo‘lgach, 30 daqiqa o‘tgandan so‘ng kam-kam miqdorda ichish tavsiya etiladi. Issiq taomlardan ko‘ra sovuq taomlarni (okroshka, sabzavotli sho‘rvalarni) yeyish kerak.

Issiq kunda cho‘milish havzalarida juda sovuq suvga sho‘ng‘ib cho‘milish tavsiya etilmaydi. Negaki, sovuq suv tomirlar torayishini keltirib chiqaradi. Suvga sho‘ng‘ishdan oldin biroz soyada turish, tanani sovutish kerak. Bu kunlarda sovuq dushda cho‘milish ham tavsiya etilmaydi, negaki, suvda tomirlar torayadi, keyin esa keskin kengayadi. Yaxshisi, issiq kunda iliq dush qabul qilish kerak. Me’yoridan ziyod jazirama, bu davrda quyoshning faolligi oshgani bilan yanada xavf­li. Shu sababli oftobda toblanishda barcha ehtiyot choralarini ko‘rish kerak. Bu muolajani soat 12 dan 16 gacha qilmagan ma’qul. Oftobda toblanish paytida boshga albatta bosh kiyim kiyish lozim. Eng yaxshisi soyabon ostida, kuchli issiqda esa xo‘llangan ro‘molcha bilan boshni o‘rab yotgan ma’qul.

Jazirama kunlari ultrabinafsha nurlanishning darajasi oshganini hisobga olib, ko‘zga himoya ko‘zoynakni taqish zarur. O‘zingiz bilan gazlanmagan mineral suv oling. Issiq kunlarda yalang oyoq yurib turish foydadan holi emas, chunki tovonlarda ichki a’zolar faoliyatiga ta’sir etuvchi faol nuqtalar mavjud.

Jazirama kunlarda sport va jismoniy mashqlar bilan kuchli shug‘ullanish mumkin emas, chunki mashqlar paytida issiq almashinuvi 5 martagacha oshadi, shu sababli organizmda suvsizlik kelib chiqishi mumkin. Yugurish yoki trenajyorda shug‘ullangandan ko‘ra issiq paytda plyajda, soyada dam olgan foydali. Issiq kunlarda sintetik va tanaga yopishib turuvchi kiyim kiyish mumkin emas. Paxta va bo‘z matodan tikilgan kiyim-kechak, terini nafas olishi va ter chiqarishi uchun yengil va qulay. Sun’iy, sintetik matolar terining nafas olish jarayonini qiyinlashtiradi. Shuningdek, jazirama issiqda yuz terisiga krem va upa ishlatishni chegaralagan ma’qul, ular teridagi mayda teshiklarni berkitib, teri nafas olishini qiyinlashtiradi. Yozning jazirama issiq kunlari chekish va spirt­li ichimliklardan voz kechish uchun eng qulay payt hisoblanadi. Negaki, issiq kunlarda alkogolli ichimliklarni ichish qat’iy ma’n etiladi, tamaki chekishning zarari esa chekuvchi uchun ham, atrofdagilar uchun ham bir necha marta oshadi.

Uzoq vaqt ayniqsa, bosh kiyimsiz quyosh nurlari ostida bo‘lish tavsiya qilinmaydi. Muntazam turli suyuqliklar: suv, yaxshisi gazsiz mineralli suv, ko‘k choy va sharbatlar iste’mol etish tavsiya etiladi. Ular sovutilgan (lekin juda sovuq yoki muzlatilgan emas!) holda ichilsa chan­qoqni yaxshi bosadi. Choyni issiq holda ichish mumkin. Alkogol, pivo, kofe chan­qoq bosish uchun yaramaydi.

Bino yoki xonadagi haroratni nazorat etib turgan ventilyator yoki konditsionerlarning bevosita ostida bo‘lish noxush oqibatlarga olib kelishi mumkinligini esdan chiqarmaslik kerak.

Yurak-qon tomir tizimida kasalliklari bor bemorlar shifokor tavsiya etgan dorilarni o‘z vaqtida qabul qilib yurishlari lozim. Qon bosimi bor insonlar doimo qon bosimini nazorat qilib turishlari kerak. Hamda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar ham o‘z sog‘liqlariga befarq bo‘lmasliklari kerak.

Ushbu oddiy profilaktik tadbirlarni qo‘llab,ob-havoning eng jazirama kunlarida o‘zini yaxshi sezib, hamda salomatlik holatini yomonlashishini oldini olish mumkin.

PROFILAKTIKASI

Isib ketish va suvsizlanishni oldini olish uchun qo‘yidagi profilaktika ishlarini amalga oshirish kerak:

Tanaga to‘g‘ri quyosh nurlari tushishini oldini olish uchun xonalarni soya qilish, binolarga konditsioner o‘rnatish, stol usti, pol va devorlarga ventilyatorlar o‘rnatish, tanani sovutish uchun dushlardan foydalanish va hokazo.

Issiqlik urishining oldini olishda organizimning suvsizlanishdan saqlash kerak, demak issiq sharoitda zo‘riqtiruvchi jismoniy harakatdan qochish, iloji boricha ko‘proq suyuqlik ichish lozim. Biroq bu suyuqliklar alkogolli ichimliklar, achchiq choy va kofe bo‘lmasligi kerak. Suvni ham faqat ichmasdan, balki tananiyam nam sochiqlar bilan artish lozim. Issiq kunda ko‘chaga chiqqanda yengil tabiiy ochiq rangli kiyimlarni kiyish, hamda bosh kiyimini unutmaslik kerak.

Katta yoshdagilar va bolalar kunning issiq vaqtlarida toza havoda sayrdan voz kechganlari ma’qul. Bunday paytlarda suv havzalarida bo‘lish umuman tavsiya etilmaydi. Quyoshli kunda ochiq joyda turgan avtomobilga o‘tirishdan oldin hamma eshiklarini ochib shamollatish kerak. Issiq kunlarda ko‘p suyuqlik ichish bilan birga iloji boricha ko‘proq meva sabzavotlar yeyish maqsadga muvofiqdir.

Manba: Darakchi.uz