Bepushtlikka olib keluvchi yana bir kichik faktor - bu ayol bachadon bo‘yni suyuqligidir. Uning kimyoviy va fizik holati erkak urug‘ini bepusht bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Ma’lumki, erkak urug‘i ayol tuxumdoni tomon yo‘l olishida unga bachadon bo‘yni suyuqligi yordam beradi. Spermatozoidlar o‘zidan-o‘zi ayol tuxum hujayrasi tomon harakat qila olmaydilar. Ularni u yerga "yetaklovchi" suyuqlik kerak. Ana shu suyuqlik ayolda ovulyasiya davrida keskin ko‘payadi va uning holati spermatozoidlar uchun moyil bo‘lib qoladi.
Lekin bu suyuqlik nafaqat mavjud bo‘lishi kerak, balki u erkak urug‘i uchun kerakli holatda ham bo‘lishi zarurdir.
Ba’zida er-xotin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, biron kasallik aniqlanmaydi, orada jinsiy aloqa muntazam ravishda bo‘ladi, lekin homiladorlik yuz bermaydi. Shunda ayolning bachadon bo‘yni suyuqligini tekshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bachadon bo‘yni suyuqligi tufayli spermatozoidlarni nobud bo‘lishiga olib keladigan holatlar:
1. Bachadon bo‘yni suyuqligida erkak spermatozoidlarga qarshi antitanachalar mavjud bo‘ladi. Bunda jinsiy aloqadan so‘ng erkak urug‘i ayolning tuxum hujayrasiga yetib bormay turib nobud bo‘ladi. Chunki ayolning bachadon bo‘yni suyuqligidagi antitanachalar erkak urug‘ini ayol organizmiga yot deb bilib, nobud qiladi.
2. Infeksiya. Ayolning jinsiy a’zolaridagi infeksiya erkak urug‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatib, spermatozoidlarning urug‘lantirish qobiliyatini buzadi.
3. Suyuqlikning PH darajasi. Normada ayolning jinsiy a’zolaridagi PH 4.5 darajada bo‘ladi. Spermatozoidlarning bachadon bo‘yni bo‘ylab harakatlanishi uchun bu past hisoblanadi. Shuning uchun ovulyasiya paytida LH gormoni tufayli ayol jinsiy a’zolaridagi PH darajasi orta boshlaydi va 7 daraja atrofida va undan yuqori bo‘ladi. Bu muhit spermatozoidlarning harakati va tuxum hujayrani urug‘lantirishi uchun eng qulay hisoblanadi. Agar ayolda jinsiy a’zolari yoki bachadon bo‘yni suyuqligining PH darajasi ovulyasiya paytida oshmayotgan bo‘lsa, u holda spermatozoidlar bu muhitda tez nobud bo‘lib qoladi.
4. Bachadon bo‘yni suyuqligining fizik holati. Suyuqlik qanchalik suyuq va shilimshiq bo‘lsa, spermatozoidlar shunchalik tez va oson tuxum hujayra tomon harakatlana oladi. Ba’zi ayollarda jinsiy suyuqlik o‘ta quyuq va yo‘g‘on bo‘lishi mumkin. Natijada spermatozoidlar tuxum hujayraga yetib bora olmaydilar.
Yuqoridagi har bir holat bepushtlikka olib kelishi mumkin.
Qanday qilib bachadon bo‘yni suyuqligini fizik va kimyoviy holatini bilsa bo‘ladi?
Agar juftlikka bepushtlik diagnozi qo‘yilib, boshqa kasalliklar mavjud emasligi aniqlansa, bachadon bo‘yni suyuqligini tekshirish talab etilishi mumkin. Bu diagnostika barcha shifoxonalarda ham o‘tkazilmaydi (Doktor-D gospitalida ushbu diagnostikani o‘tkazish - Uzbaby.uz sayti tavsiyasi).
Suyuqlikni diagnostika qilish uchun kasalxonada uning jinsiy aloqadan oldin va keyingi holati tahlil qilinadi va unda spermatozoidlarning yashay olish qobiliyati va bunga ta’sir etuvchi omillar aniqlanadi.
Uy sharoitida bachadon bo‘yni suyuqligini tabiiy ravishda spermatozoidlarga qulay holatga keltirish imkoniyati bormi?
Buning uchun homilador bo‘lmoqchi bo‘lgan ayol muntazam ravishda quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
1. Kuniga kamida 2 litr ko‘k choy ichish;
2. Antigistamin moddasiga ega dori vositalarini qabul qilmaslik;
3. Sun’iy Vitamin C qabul qilmaslik;
4. PH darajasini oshirishga yordam beradigan sitrusli mevalardan ko‘proq iste’mol qilish. Umuman barcha meva va sabzavotlar bunga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
5. Jinsiy aloqa davomida erkak spermatozoidlarning yashay olishiga qulay muhit ta’minlovchi maxsus lyubrikant (moy) lardan foydalanish.
6. Homilador bo‘lish uchun jinsiy aloqani aynan ovulyasiya kunida amalga oshirish.
Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!