O‘zbekistonda to‘ylarni ixcham ko‘rinishda o‘tkazib beruvchi jamg‘arma tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Xabar berishlaricha, 2 mart kuni Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyat faollari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda kam ta’minlangan oilalar to‘ylarini davlat tomonidan ixcham tarzda o‘tkazib beruvchi jamg‘arma tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Prezident matbuot xizmati axborotida to‘ylarni ixcham o‘tkazish masalasi va jamg‘arma faoliyatiga doir qo‘shimcha axborot berilmagan.
Qayd etish joiz, 2 mart kuni internetda O‘zbekiston Prezidenti dabdabali to‘y marosimlari va ularga borayotgan amaldorlarni tanqid qilayotgani yozilgan audio tarqaldi.