Salomatlik

Kamqonlikka davo parhezlar

Aslida, kamqonlikning sabablari ko‘p. Lekin surunkali qon yo‘qotishdan so‘ng kelib chiqadigan kamqonlik ayollarda ko‘p uchraydi. Masalan, homila tushganda, hayz ko‘rish cho‘zilib ketsa, tug‘ruqda, bachadon va tuxumdon kasalliklari tufayli qon ketishi, ko‘pincha, anemiyaga olib keladi. Shuningdek, tug‘ruqlar oralig‘idagi interval yaqinligi, ayniqsa, homiladorlikda organizmning temir moddasiga to‘yinmasligi kabilar kamqonlikka olib keladi. Ushbu xastalikni parhezshunos mutaxassislar tavsiya etgan taomlar bartaraf etishi mumkin. Bunday yeguliklarning ayrimlari haqida bilib olganingiz ma’qul.

Tovuq go‘shti va sabzavotli salat

Qaynatib pishirilgan tovuq go‘shtining yumshoq terisiz joylari olinadi. Bodringni somoncha shaklida, pomidorni halqa qilib, oshko‘klarni esa mayda to‘g‘raladi. Tayyor mahsulotlar yaxshilab aralashtirilgach, ustidan biroz qaymoq quyiladi. Bu salat oqsil, yog‘ va uglevodlarga boyligi uchun ham kamqonlikda shifodir.

Qaynatilgan qovoq

To‘q sariq rangli, ta’mi shirin qovoq suvda qaynatiladi. Pishgach, olib sovutish, so‘ng mayda to‘rtburchak qilib to‘g‘rash lozim. Ustidan shakar sepib, biroz qaymoq quyiladi va taomdan avval iste’mol qilinadi.

Suzmali salat

Tozalab yuvilgan oshko‘klar – shivit, kashnich, rayhon, rediskani mayda to‘g‘rang, bodringni parraklang. Masalliqlarning barini suzmaga aralashtiring. Ustidan tuz va murch sepib, dasturxonga torting.

Lavlagili darmondori

Lavlagini suvda qaynatib, yumshagach, po‘stidan tozalang. To‘rtburchak to‘g‘rang-u, idishga soling. Bir-ikki osh qoshiq qaymoq yoki shuncha miqdorda o‘simlik yog‘idan qo‘shib, aralashtiring. Bu xushxo‘r salat qonni ko‘paytirish xususiyatiga  ega.

Na’matakli damlama

Quritilgan na’matak mevalaridan 1 osh qoshig‘ini 1 stakan suvga soling va past olovda o‘n daqiqa qaynating. Yarim soatcha damlab qo‘yasiz. So‘ng ovqatdan avval ichib turishingiz kerak. Ushbu damlama tarkibida S vitamini miqdori juda ko‘p bo‘lib, oziq-ovqatlardagi temirning organizmda o‘zlashtirilishiga yordam beradi.

Turshak ivitmasi

O‘rikning quritilgan (turshak)i kamqonlikni davolovchi bebaho ozuqa sanaladi. Bir hovuch turshakni 1 litr qaynoq suvda ivitgach, suvini kun davomida ichib yursangiz, bardam va tetik bo‘lasiz.

Va yana...

Suvda qaynatilgan behini iste’mol qilish, qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzi va turp sharbatini oz-ozdan ichib turish ham kamqonlikda davo bo‘ladi. Shuningdek, olmada temir moddasi serobligi bois uni yeyish va sharbatidan ichib turish foydalidir.

Manba: Darakchi.uz