Bilasizmi?

Kayfiyatni ko‘tarishning 9 ta oson yo‘li

Doimo yaxshi kayfiyatda yuruvchi kishilar stressdan uzoqda bo‘lishadi, yurak-qon tomir kasalliklariga kamroq chalinishadi, bosh og‘rig‘idan ham kam shikoyat qilishadi. Shunday ekan, kayfiyatni qanday ko‘tarish mumkin? Tabiatning go‘zal joyida quyoshning iliq nurlari ostida yayrabmi? Balki velosipedda sayr qilish kerakdir? Komediya tomosha qilsak-chi? Bunga o‘xshagan usullarni ko‘plab sanash mumkin.Unda muammo nimada? To‘g‘ri aytasiz! Bularning barchasiga vaqt kerak. Agar juda ham band bo‘lib, kayfiyatimizni ko‘tarishga vaqtimiz bo‘lmasa nima qilishimiz kerak? Keling, yaxshi kayfiyatga erishishning tez va oson yo‘llarini o‘rganamiz.

  1. Tabassum qiling

Ishda bo‘lsangiz, birorta hamkasbingizga, uyda bo‘lsangiz, oilangiz a’zolarining biriga  tabassum qilib ko‘ring,  sizning ham, siz tabassum yuborgan kishining ham kayfiyati ko‘tarilganini sezasiz. Chunki tabassum qilishda ishtirok etayotgan mushaklar qisqarganda, bosh miyada quvonchli his-tuyg‘u haqida axborot paydo bo‘ladi.

  1. Qaddingizni rostlang

Qadni tik tutib yurish qomatni chiroyli ko‘rsatibgina qolmay, odamning o‘z-o‘ziga ishonchini ham oshiradi, qadam tashlash yengillashadi, o‘z navbatida kayfiyat ham ko‘tariladi.

  1. Begonalar bilan suhbatlashing

Masalan, qahvaxonada buyurtmangizni kutayotganingizda ofitsiant bilan bir-ikki og‘iz suhbatlashib ko‘ring, bundan qalbingizda tiniqlik va bardamlik his qilgandek bo‘lasiz.

  1. Yangi g‘oyalar va mashg‘ulotlar toping

Kundalik hayotda o‘zingizga yoqadigan yangi mashg‘ulotlar va g‘oyalar topishga harakat qiling. Chunki, o‘zi uchun qiziqarli va yoqimli ish bilan band bo‘lish doimo faol bo‘lishga yordam beradi, o‘z-o‘ziga hurmat hissini uyg‘otadi, atrofdagilar bilan muloqotni yengillashtiradi, tabiiyki, kayfiyat ham ko‘tarinki bo‘ladi.

  1. Yaxshilik qiling

Kattami, kichikmi, qilingan yaxshilik insonda doimo baxt hissini uyg‘otadi.  Buni ko‘pchiligingiz yaxshi bilasiz. Shunday bo‘lsa-da, yana bir bor sinab ko‘ring, ko‘nglingiz tog‘dek o‘sganini his qilasiz.

  1. Oqilona pul sarflang

Baxtni pulga sotib olib bo‘lmaydi, deyiladi maqollarda. Lekin, pulni joy-joyida sarflab, kayfiyatni yaxshilasa bo‘lar ekan. Odam moddiy narsalardan ko‘ra, ma’naviy tadbirlarga pul sarflaganida kayfiyati ko‘tarilar ekan.

             7. Hayratlaning

Chinakam hayratlanish, qoyil qolish tuyg‘ulari insonda baxtlilik hissini chaqiradi. Kundalik hayotimizda sizda sal bo‘lsa-da hayrat uyg‘otuvchi narsalar topiladi, shunday narsalarni topib, hayratlaning, bundan kayfiyatingiz ko‘tariladi.

  1. Minnatdor bo‘ling

Minnatdor bo‘lishni va minnatdorchilik bildirishni biladigan insonlar baxtli insonlardir. Chunki ular hayotlaridagi yaxshi narsalarning qadrini his qila olishadi. Siz ham hayotingizda mavjud bo‘lgan qaysi narsalardan minnatdor bo‘lsangiz bo‘ladimi? Shu haqda biroz o‘ylang, qalbingizda quvonch paydo bo‘ladi.

  1. Yaqin kishingizni bag‘ringizga bosing

Bag‘riga bosish hamdardlik va mehr izhor qilishning bir ko‘rinishidir, bu holatda inson tanasida kayfiyatni ko‘taruvchi gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayadi.

Manba: Daryo.uz