Oila

Kelin ketib qoldi: nima qilish kerak?

Boshqalarning kelini ketib qolsa, «tavbaaa» derdingiz. Siz bilan bunday hodisa ro‘y bermaydigandek edi. Ammo mana o‘sha chaqmoq sizning boshingizda ham chaqnadi va o‘sha yomg‘ir sizning xonadoningizga ham yog‘di: keliningiz bolalarini olib onasinikiga ketib qoldi? Qanday yo‘l tutish kerak? Darrov borib issig‘ida olib kelasizmi yo «Ko‘chada qolgan oyog‘im yo‘q, o‘zi ketdi, o‘zi keladi» deysizmi? Bugun «Ketsa ketar, onam derman», deb turgan o‘g‘lingiz bir haftada mung‘ayib qolsa yo ichishni boshlasa, nima qilasiz? Yo borib olib kelsangiz, kelin buning havosini olib, oyog‘i chiqib, hadeb onasinikiga yo‘rg‘alayversa-chi? Nahotki, ajrashib ketishsa? Xullas, bu yog‘i pozitsiyalar o‘yini. Strategiya, taktika muhim. Hamma o‘zining hududini himoya qila boshlagan ushbu sharoitda aql va donolik bilan ish tutmasangiz, bo‘lmaydi.

Nega ketdi?

Oilani ushlab turadigan bir necha omillar bor: muhabbat, farzandlar , achinish, ko‘nikma. Ammo bizning o‘zbek oilalarida bular qatoriga QAYNONA nomli yana bir muhim omil qo‘shiladi. Agar qaynona-kelin yaxshi chiqishsa, hatto, o‘rtada muhabbat bo‘lmasa ham, er-xotin yashab ketgan, chiqishmasa, ulkan muhabbat bilan qurilgan oilalar ham barbod bo‘lgan hollarni ko‘p ko‘rganmiz. Demak, qaynona o‘zbek oilasining mustahkamligi garovidir. Shunday ekan, avvalo kelin bilan o‘zingizning munosabatlaringizni tahlil qilishingiz kerak. Qaynona-kelin munosabatlari oxiri kelinning ketishi bilan tugaydigan holatlarning sabablari talay. Quyida ularning asosiylarini sanab o‘tamiz.

  1. Qattiq bosim. Qaynonalar ilk kunlardan kelinlarni qattiq ushlash, keyin vaziyatga qarab asta-asta tizginni bo‘shatib borish taktikasini qo‘llashadi ko‘pincha. Bu yomon taktika emas, kelin bosqichma-bosqich kichik-kichik erkinliklarni qo‘lga kiritish uchun oilasiga o‘zini bag‘ishlaydi, evaziga mukofot oladi va hayotidan qoniqib yashayveradi. Teskarisi qilinsa, ya’ni avval bo‘sh qo‘yib, keyin tizgin tortilsa, har kim ham qattiq qarshilik qilishi tabiiy, chunki erk berilmaydi, olinadi. Faqat erkni chindan ham vaqti-vaqti bilan berib borish, ya’ni kelinga bosimni asta-asta susaytirib, u tarbiyalanib borgani sayin erkini ham o‘ziga qo‘yib berish kerak. Muntazam bosim hammani charchatadi, qilayotgan ishlari ko‘rinmayotgandek tuyulgan kelin isyon qiladi – ketib qoladi.
  2. Erning nobopligi. O‘g‘lingiz ichadimi, uradimi, yuradimi, mas’uliyatsizmi? Agar shulardan birortasi bo‘lsa ham, siz kelinga ko‘proq yon berishingiz kerak, ya’ni o‘g‘lingizning qusurlari uchun qaynonalik imtiyozlaringizni badal qilib to‘laysiz. Aks holda, ham eri, ham qaynonasi tomonidan siqilgan kelinga jabr bo‘ladi, yashamayman deyishi tayin.
  3. Oiladagi zo‘ravonlik. Yuqoridagi ikki omil ko‘pincha ana shu uchinchisiga olib keladi. Kim keliniga zo‘ravonlik qiladi: a) o‘ziga ishonmagan qaynona; b) o‘zi ko‘p zulm ko‘rgan alamzada qaynona; v) ma’rifatsiz, ya’ni aql ko‘zi bilan oqibatlarni ko‘ra bilmaydigan johil qaynona. Siz undaylardan emasmisiz? Unda tilingizni tiya olasiz, o‘g‘lingizni ham.

nimani isbotlamoqchi?

Ketib qolsa, muammo kattalashishini u ham biladi. Ammo baribir ketadi. Nega? O‘sha daqiqalarda jahl aqldan ustun kelgan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda jahldan tushgach, ish o‘nglanishiga, oila yana tinch yashab ketishiga umid qilsa bo‘ladi. Lekin bu qarorni uzoq vaqt miyasida pishirib yurgan, ko‘p marta ketmoqchi bo‘lgan-u, shaytonga hay bergan va nihoyat sabr kosasi to‘lgan bo‘lsa, ish mushkullashadi. Endi chindan ham oilangizda, o‘zingizda nimanidir o‘zgartirasiz yo oila barbod bo‘ladi.

Har doim kelinlar haq bo‘lavermaydi. Ayrim yoshlar shuchaki ketish uchun ketadilar. Bu bilan ichlaridagi alamlarini, xafagarchiliklarini, isyonlarini bildirish barobarida «ultimatum qo‘yish», «shantaj qilish» maqsadini ko‘zlaydiganlari ham bor, hatto ko‘p. Bunday kelinlar ko‘pincha tezda o‘zlarini ko‘rsatadilar: ko‘p marta ketadilar va odatda o‘zlari yana qaytib keladilar. Ilk marta ketganida siz nima sababdan ketganiga e’tibor bering. Albatta, darrov ortidan yugurib bormaysiz. Lekin oilaning arzimas injiqliklar tufayli buzilib ketishiga ham yo‘l qo‘ymaysiz. Har kim ikkinchi imkoniyatga haqli. Faqat olib kelayotganingizda yo o‘zi qaytib kelganida bu hunari boshqa o‘tmasligini, keyingi safar muammosini hal qilish uchun boshqa konstruktivroq yo‘lni topishi kerakligini tushuntirib qo‘yasiz. Tarbiyalaysiz-da, xullas.

Qaytarib olib kelish kerakmi?

Bu o‘zingizga beradigan ilk va muhim savolingiz, shunday emasmi? Agar oilangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, bu shunchaki jahl ustida qilingan ish ekanini bilsangiz, ozgina kuting. Bir-biringizdan dam oling. Balki qudalaringiz aqllilik qilishar, balki kelinning o‘zi jahldan tushib qaytar. Oradan bir necha kun yo bir hafta o‘tgach, asta qo‘ng‘iroq qilib qudalar bilan gaplashib ko‘rish, muammo nimadaligini bilish mumkin. Ko‘pincha, jahl ketgach, ish oson ko‘chadi. Albatta, g‘urur ko‘ndalang turadi, birinchi qadamni qo‘ysam, nohaqligimni bo‘ynimga olgan bo‘laman, degan o‘y ham bor. Lekin bu juda kaltabin odamning xayollari. Ziddiyatlar har doim aqlli va mulohazali odamlar tufayli bartaraf etilgan. Orangizda kimdir aqlliligini namoyon qilishi kerak bo‘lsa, bu ish, avvalo, sizdan boshlanishi lozim. Axir o‘rtada bolalar bor, kelin yosh, siz esa kattasiz. Faqat buni ustalik bilan amalga oshirish, vaziyatdan mag‘rur ko‘tarilgan bosh bilan chiqib ketish mumkinligini unutmang. Siz yalinish uchun qo‘ng‘iroq qilmadingiz yo bormadingiz, muammoning tagiga yetish, muhokama qilish va takrorlanmasligi choralarini izlash uchun birinchi qadam qo‘ydingiz. Sizning missiyangiz tortishmachoq o‘ynayotgan ikki ayolnikidan muhimroq, balandroq, savobliroq. Shu pozitsiyadan turib fikrlasangiz, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Qanday holatlarda qaytarib olib kelmaslik kerak:

  • Kelin janjalkash, uyingizda tinchlik qolmagan.
  • Hadeb onasinikiga ketib qolaveradi, bu birinchisi emas.
  • O‘g‘lingiz u bilan yashashni istamaydi, ya’ni er-xotin o‘rtasida muammo bor (buni ular o‘zlari hal qilishlari, o‘g‘lingiz keyingi qadamni qanday qo‘yishni o‘ylashi kerak. Albatta, maslahat berishingiz mumkin).
  • Kelin na eriga, na sizga e’tibor, mehr beradi, sizlarni faqat moddiy muammolrni hal qilish vositasi sifatida ko‘radi.
  • Kelin yengiltak, hatto, eriga xiyonat qilgan.
  • Endi bu uyda yashasa, yo o‘g‘lingiz, yo siz uni bir balo qilib qo‘yar darajada nafrat kuchli.
  • Yotig‘i bilan qilingan nasihatlar, tarbiyalar kor qilmaydi, kelin doim hujumda, yon berishni bilmaydi yo istamaydi.

Yuqoridagi holatlarda kelinni qaytarib olib kelish bir botqoqqa qayta tushish bilan barobar. Endi siz emas, u oyog‘i ostida yer darz ketganini, barqarorlik yo‘qolganini, oilasi jar yoqasiga kelganini bilishi va xulosa chiqarishi kerak.

Suhbat

Har qanday muammoni muhokama qilib yechish mumkin. Buning uchun tomonlar muzokara dasturxoni atrofiga to‘planishlari, har ikki tomon ham muammoni anglashi, bartaraf etishni xohlashi, bundan manfaatdor bo‘lishi kerak. Agar bir-biringiz bilan dildan gaplasha olsangiz, ko‘p narsa o‘zgaradi. Xo‘sh, kelin bilan suhbat jarayonida qaysi savollarni ko‘ndalang qo‘yishingiz kerak?

  • Erini yaxshi ko‘radimi? Oilasini saqlab qolishni istaydimi?
  • Eri, bolalari, qaynonasi va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan o‘zini to‘g‘ri tutayaptimi? Muomala, munosabatlarda g‘irromlik, riyo, aldov yo‘qmi? Samimiymi hammasi?
  • Nega ketib qoldi? Nima uni xafa qildi?
  • Doim ketishni istaganmi, anchadan beri bu hayotdan to‘yganmi yo oxirgi paytlar shunday bo‘lib qoldimi?
  • Sodir bo‘lgan vaziyatda aybini tan oladimi?
  • Bu vaziyat sodir bo‘lmasligi uchun nimalar qildi? Barcha zarur choralarni ko‘rdimi?
  • Qaynonasidan (ya’ni sizdan) nimalar kutgan va bundan keyin nimalar kutadi?
  • Eridan-chi?
  • Endi xatolarni takrorlamay tinch-totuv yashab ketishga tayyormi?

Ana shu savollarga javob izlash barobarida qaynona-kelin bir-biringizni yaxshiroq anglay, tushuna boshlaysiz. Bilasizmi, qaynona-kelinlikda nima muhim? Bir-birini yoqtirish, yaxshi ko‘rishi deysizmi? Yo‘q, bu er-xotin o‘rtasida ahamiyatli hislar. Qaynona-kelin bir-birini tushunishi kerak. Ikkisi bir-birining o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘ra olsa, o‘zaro anglash, murosa odimini otishga tayyorlik bo‘lsagina, bu ikki ayol bir tom ostida ahil yashay oladi. Shuning uchun naqadar qiyin bo‘lmasin, bir-biringizni tushunishga harakat qiling, ayollar. Erkaklar bizni tushunishmaydi, lekin o‘zimiz buni eplarmiz?!

Shahnoza TO‘RAXO‘JAYeVA