Kutubxona

«Kelinimni uzatmoqchiman» yoxud beva ayol turmushga chiqishi kerakmi?

Hayotda har xil vaziyat bo‘ladi. Taqdir insonlarni turfa xil quvonchlaru dardlar bilan sinashga urinadi. Juftidan ayrilganlar, otasi yoki onasining ortidan bo‘zlab qolgan bolalarning qismati hech kimni bee’tibor qoldirmaydi. Ayniqsa, beva ayolga oson emas. U kelinlik, onalik, qaynonalik kabi vazifalarni uddalaydi, ammo «boshi ochiqlik»ning sinovlari nozik yelkasiga og‘irlik qilishi turgan gap.

1-vaziyat: O‘n uch yildan so‘ng chalingan haydalish kuyi

Munira ikki qizi bilan o‘ttiz yoshida beva qoldi. Turmush o‘rtog‘i Karimjon avtohalokat tufayli vafot etgan. Tog‘ni talqon qiladigan o‘g‘lining juvonmarg bo‘lgani ota-onaning dilini pora-pora qildi. Ammo taqdirga ko‘nmoqdan o‘zga chora yo‘q. Qaynota-qaynona maslahatlashib, keliniga hovlining burchagidan katta tandir qurib, novvoylikni o‘rgata boshlashdi. Uyidan chiqmasdan ishlashi, qizaloqlarining oldida bo‘lishi Muniraga ma’qul tushdi. Dardiga biroz bo‘lsa-da, malham topish ilinjida jon-jahdi bilan bu hunarni  o‘rgana boshladi. Buni qarangki, ikki yil ichida kichik kelin oilaning asosiy daromad topuvchisiga aylandi. Novvoylik ortidan hovli qayta ta’mirlandi, qaynaka yengil mashinali bo‘ldi. Yillar esa yugurik suv, birpasda oqib o‘tdi-ketdi. Qaynota-qaynona qarib qoldi, ovsin esa o‘g‘illarini uylantirishga chog‘landi. Ana shu vaqtga kelib, Munira va uning ikki qizi bu uyda ortiqcha odamga aylandi. Axir ular katta hovlining uchta xonasini egallab o‘tirishibdi-ku!.. Katta kelinning turli diydiyolariyu gap so‘zlari bir bo‘lib, bo‘yi yetib qolgan ikki qizi bilan Munira qirq uch yoshida ota uyiga qaytib kelishga majbur bo‘ldi. U o‘n uch yil davomida mehnat qilib topganini oilasiga sarfladi. Shu bilan birim-ikki bo‘ladi deb o‘ylagandi, endi-chi hech narsasiz qolib o‘tiribdi.

Mulohaza. Hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Munira o‘n uch yil avval ota uyiga ketganida, balki turmushga chiqqan yoki ishlab topganiga uy olib, qizlarining kelajagiga poydevor yasagan bo‘larmidi?!

Qaynota-qaynona, qaynakalarning bu tarzda ish tutishi noo‘rin. Muniraning farzandlari qiz ekan, erta-indin ota o‘rnida ota bo‘lib uzatish aslida qaynakaning burchi emasmi? Axir shu norasidalarning ham ota hovlida yashashga haqqi bor-ku! Endi Munira qa’tiyatli bo‘lib, akalaridan, yillar davomida qilgan xizmatlari evaziga qaynakasidan yordam so‘rashga uyalmasligi kerak. Chunki ota uyida yashab ketishi ham oson masala emas. O‘z boshpanasi bo‘lsa, ko‘ngli xotirjam yashaydi.

2-vaziyat: Mustaqil ayolning hayoti o‘z qo‘lida

Fazilat opa tabiatan fe’li tor ayol. Eri Botir aka o‘zini ilmga bag‘ishlagan, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirish xotinlarning ishi, oilani pul bilan ta’minlash esa erkakning vazifasi, deb hisoblaydi. Er-xotin yolg‘iz qizlarini uzatib, ikki o‘g‘illarini birin-ketin uylantirishdi. Kichik o‘g‘li otasiga o‘xshagan olim bo‘lishni xohlardi, ammo o‘ttiz bir yoshni endi qoralaganida yurak xurujidan olamdan o‘tdi. Endigina ikki yoshga to‘lgan qizi bilan yigirma beshdan oshgan rafiqasi bo‘zlab qolaverdi. Ota-onani esa judolik ado qildi. Kelin ketaman, demadi, unga ham hech kim bu haqda gap ochmadi. Bolasini bog‘chaga berib, ishga tushib ketdi. O‘zini ishiga bag‘ishladi. Xizmat safarlari, karera qilish yo‘lidagi xizmatlari evaziga bola bobo-buvining qaromog‘ida qoldi. Fazilat opa keksayganda qayta kelin bo‘ldi. Va biror qaror qabul qilish vaqti kelganini tushundi. O‘zlari yashayotgan 5 xonali uyni sotib, keliniga ikki xonali uy olib berishdi. Qolgan puliga esa uch xonali uy olib, katta o‘g‘liga qo‘shni bo‘lishdi. Endi bundan keyin qanday yashash kelinning o‘ziga bog‘liq...

Mulohaza. O‘limni tan olish, judolikka ko‘nikish qiyin. Ammo hayot davom ettaveradi. Ushbu vaziyatda qaynota-qaynona to‘g‘ri ish tutgan. Ular kelinga alohida yashash uchun sharoit yaratish va qaror qabul qilishni o‘ziga qo‘yib berish bilan vazifalarini ado etishdi.

3-vaziyat: “Qizim, nikohga tayyorlaning!”

Odina qaynonasidan xafa, qaynotasining esa ko‘ziga ko‘rinishga ham yuragi betlamayapti. O‘g‘li xonaga kirib, bobosi chaqirayotganini aytdi. Yana o‘sha gapmi?! Yosh bo‘lsa, nima qilibdi? Ota-onasinikiga qaytib borolmasa, nima bo‘pti? «Sizlarga ortiqchalik qilayapmizmi, malol keldikmi? O‘g‘lingiz tirik bo‘lganida bormi?» dedi-yu, tilini tishladi. Qaynotasi indamadi, qaynonasi esa yig‘ladi: «Bolam o‘lsin, debmizmi biz? Nevaralarim yetim, kelinim beva qolishini men istaganmidim? O‘g‘lim tirik bo‘lganida, tilimni sug‘urib olsa ham bu gapni aytmasdim!» Qaynotasi esa biroz ovozi titrab, ammo qat’iyat bilan gapirdi: «Xullas, to‘ydan so‘ng bir oycha bolalar biz bilan yashab turishadi, keyin ularni olib ketaverasan... Qizim, o‘g‘limning oldiga yorug‘ yuz bilan borishim kerak! Odina bilan bolalaring ishonchli qo‘llarda, deb aytishim kerak-ku! Onang bilan tayyorgarligingni ko‘r. Keyingi hafta nikoh o‘qiladi...»

Mulohaza. Kelin ham oilaning bir a’zosi. Odinani qaynota-qaynona qiz o‘rnida ko‘rishadi. Shuning uchun ham uning baxtli yashab ketishidan umid qilishayapti. Bu o‘rinda Odinaning ko‘ngli, istaklarini ham inobatga olish kerak,. Shoshma-shosharlik bilan qaror chiqarish, kelinni majburan uzatish ham yaramaydi.

 «Bizga ham oson tutmang, kelinlar…»

To‘ti YuSUPOVA, O‘zbekiston xalq artisti: — Onam yigirma to‘rt yoshida beva qolib, qolgan umrini farzandlariga baxshida qilgan. Hozir onam hayotda nima ro‘shnolik ko‘rdi, deb ko‘p o‘ylayman. Nazarimda, beva ayol qirq-ellik yoshlarda bo‘lsa, turmush qurish masalasini o‘zi hal qilgani ma’qul. Ammo juda yosh bo‘lsa, uni turmushga berish lozim. Ayol o‘zini emas, avvalo farzandlariga yaxshi bo‘lishini o‘ylashi kerak. O‘g‘ilmi, qizmi, ota tarbiyasini olgani ma’qul. «Kelinga yaxshi bo‘lsin deya, uzatdim» deyish oson, aslida bu yuragingni o‘tdek yondiradi. Ammo nailoj? Oilaning kattalari maslahatlashib, yetimni boshini silashga tayyor, e’tiqodli insonga beva ayolni ishonib topshirishi uyat ish emas.

Shariatda…

Eri vafot etgan ayol avvalgi turmushi ning hurmati sabab, shuningdek  nasab aralashib ketmasligi uchun to‘rt oy va o‘n kun iddada o‘tiradi. Bu haqda Baqara surasi 234, 235 oyatlarida zikr etilgan. Shuningdek, beva juvonga turmushga chiqish taklifi bildirilganda, u so‘z bilan o‘z roziligini bildirishi lozim ekan. Bu masalada ayoldan bemaslahat ish yuritib bo‘lmaydi. Islom dinida farzandlariga umrini baxshida qilgan beva ayollar e’zozlanadi. Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men va eridan beva qolib, yuzi sarg‘aygan, bolasiga sabr qilgan ayol,  jannatda mana bundaymiz», deb barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar».

Manba: Darakchi.uz