Oila

Kelinlar Rol O‘ynamang

Hech e’tibor berganmisiz, nimaga kelinlar yangiligida yaxshi bo‘ladilaru, keyin yomonga chiqadilar. Dastlab pazandaligiyu chevarligi, ziyrakligiyu shirinso‘z ekanini maqtab charchamagan tillar oradan ko‘p o‘tmay uning dangasa, behafsalaligini, kirni noto‘g‘ri yoyishidan uyquchiligigacha shikoyat qiladi. Tavba, kelinlar shunchalik tez o‘zgaradilarmi yoki uydagilar o‘zgarishadimi? Gap shundaki, bizda qizlarga yoshligidan kelinlik bedillik ekanligi uqtiriladi.

Deyarli har bir xonadonda “Ertaga borgan joyingda...” deb boshlanuvchi pand-nasihat, o‘gitlardan tarbiya olgan qiz kelin bo‘lganida odobli, xushmuomala, chidamli bo‘lishi kerakligini o‘ylaydi, yoshligidanoq o‘zini shunga tayyorlab boradi. Biroq, o‘rgatiladigan o‘gitlar ichida yana biri borki, ko‘pincha onalar mana shu narsaga ko‘p e’tibor qaratishadi. U ham bo‘lsa, ko‘ngilga yo‘l topish! Avval ko‘ngliga yo‘l topsang, hammasi yaxshi bo‘ladi deyishadi ko‘pni ko‘rgan ayollar. Bu, biroz qo‘polroq aytganda, borgan joyingdagi odamlarga yoqishing va iloji boricha yaxshi taassurot qoldirishing shart deganidir. Bu yo‘lda yangi kelinlarni rekord o‘rnatadi desam mubolag‘a bo‘lmas.

O‘z ota-onasiga aytmagan iliq so‘zlar: “adajon”, “oyijon”, deb girdikapalak bo‘lishu, xushomad qilishlar oldiniga hammaga yoqadi. Aytib o‘tish kerakki, bu ham bir san’at. Lekin oilada va qo‘ni qo‘shnilardan ko‘raverib, ko‘zi pishib ketganlar uchun qiyin ish emas. Balki, buni o‘sha uyga moslashib ketish uchun bo‘lgan harakat deb tushunish ham mumkindir. Biroq nega iltifotu takalluflar uzoqqa cho‘zilmaydi.

Bu savolga kelinlardan biri shunday javob berdi: Ertadan kechgacha uydaman. Kechqurun o‘z xonamga kirgach shunday yengil tortamanki, xonamdan qaytib chiqqim kelmaydi. Uy yumushlaridan charchamayman. Faqat kun bo‘yi takror-takror aytishim kerak bo‘lgan gaplarning hammasi ham ko‘ngildan chiqmasligi, gohida ortiqcha mulozamatlar tinkamni quritadi. Gohida qilayotgan hatti-harakatlarim o‘zimning ham g‘ashimni keltiradi. Tog‘ri tabiatan yumshoq fe’lli qizlar yo‘q emas. Lekin, aksariyat kelin zoti borki o‘zini boridan-da yaxshiroq ko‘rsatish uchun niqob ostida ish ko‘radi. Ammo vaqt o‘tib niqobda yurish o‘zining ham joniga tegadi va asl qiyofasi ko‘rinadi. Tabiiyki, atrofdagilarga bu yoqmaydi, shunda o‘sha kelin yomonga chiqadi...

Kelinchakning gaplarida jon bor. Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, hamma kelin ham niqobda yurishni xohlamaydi. Ammo uni o‘rab turgan muhit kelinni o‘zini tabiiy tutishiga yo‘l qo‘ymaydi. Kimga qanday bilmadimu, meningcha soxtalik, yasamalik kelinlarning o‘ziga ham yoqmaydi.

Qahraton qish kunlarining birida yaqin qarindoshimiznikiga mehmonga bordik. Ular dasturxon yozish barobarida kelinlarining endi tish oldirib kelganini aytdilar. Ko‘z o‘ngimga og‘riqdan qiynalayotgan kelinoyi keldi. Ammo aynan o‘sha kelinoyining choy ko‘tarib kelishidan og‘zim ochilib qoldi. Ehtimol, bu sharqona andishadir. Biroq, joni og‘rib, ko‘ziga yosh quyilib tursada, kulishga urinayotgan kelinning nigohlari meni xijolatga qo‘ydi. Yasama mulozamat, ortiqcha takalluflar faqatgina hayotimizni qiyinlashtiradi. Shunday emasmi?