Stilist va dizaynerlar Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyamning rafiqasi Keyt Middltonning kiyinish uslubiga turlicha yondashadi: kimlardir uni zerikarli va o‘ta ehtiyotkor obrazlari uchun tanqid qilsa, boshqalar bashanglik va aslzodalarga xos nazokati uchun maqtaydi. “Lady.mail.ru” nashri Kembridj gersoginyasining kiyinish uslubi qoidalarini keltirib o‘tdi.
- Klassik bichimdagi bir xil tusli liboslarni tanlash
Ayni paytda Keyt ko‘pincha bezakli detallari iloji boricha juda kam bo‘lgan klassik liboslarni tanlaydi. U toza va yorqin ranglarni: ko‘k, qizil, yashil, siyoh rangning barcha tuslarini yoqtiradi. Malika bor e’tiborni rangga qaratadi, natijada libos odmi, ammo, shu bilan birga, yorqin ko‘rinadi.
- To‘g‘ri bichimli ko‘ylak va yubkalarni afzal ko‘rish
Rasmiy marosimlar uchun Keyt nafis va latif liboslarni tanlaydi. Odatda, bu to‘g‘ri bichimli yopiq ko‘ylaklar yoki bluzka va jaket bilan kiyilgan to‘g‘ri tushib turuvchi yubkadir.
- Qimmatbaho kiyimlar va oddiy markadagi buyumlarni uyg‘unlashtirish
Keyt qimmatbaho va arzon markadagi kiyimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirib kiyishga usta. Masalan, uning arzon kardigan yoki oddiy jinsi shim kiyib yurganini ko‘p ko‘rish mumkin. Ammo shunga qaramasdan, u bashang ko‘rinadi.
- Kiyimni ehtiyotkorlik bilan tanlash, ammo so‘nggi trendlardan boxabar bo‘lish
Odob-axloq qoidalaridan kelib chiqib, Kembridj gersoginyasi kiyim tanlashda ehtiyot bo‘ladi, ammo u tadbirlarda kiygan liboslar uning so‘nggi trendlardan xabardor ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, Dolce&Gabbana to‘r ko‘ylagi, shubhasiz, so‘nggi urfga tegishli. U Keytga latofatli va zamonaviy ko‘rinish baxsh etadi.
- Ozoda soch turmagi
Hozir tartibsiz soch turmaklari urfda, ammo Keyt o‘z uslubiga rioya qiladi: u doim sarishta soch turmagi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday konservativlik Middlton hech ham yangi narsalarni sinab ko‘rmaydi, degani emas: masalan, o‘tgan yili yozda u peshonasiga uzun chyolka tushirib, barchani hayron qoldirgan edi.
- Aksessuarlardan minimal darajada foydalanish
Keyt Middlton aksessuarlarni ko‘p ham ishlatavermaydi, yirik bezaklardan kamdan-kam hollarda foydalanadi. O‘z obrazlarini u ixcham zirak, qo‘l soati, belbog‘ bilan to‘ldirishi mumkin. Qo‘lida esa, odatda, kichik klatch tutadi. Vaziyatga qarab, nafis shlyapa kiyishi mumkin.
- Poshnali ochiq tufli kiyish
Ochiq tufli — haqiqiy klassika. Har qanday libosni u bilan to‘ldiring, shunda qarabsizki, bashang va xushbichim ko‘rinishga ega bo‘lasiz, shu bilan birga, konservativ ko‘rinishni saqlab qolasiz. Keyt har safar libosiga mos rangdagi tuflini tanlaydi va benuqson qiyofaga ega bo‘ladi.