Bilasizmi?

Kirish o‘rnida - Saytimizdan maqsad

Odamzot qiziq bir zamonda yashamoqda. Uning bir tomonida yer yuzida ilk tavallud topgan kunidan boshlab qilgan tinimsiz mehnati va izlanishlari orqali to‘plagan g‘aroyib boyliklari, hayratlanarli texnika-texnologiya, ilm-fan yutuqlari. Ikkinchi tomonida esa boy bergan imkoniyatlari, yo‘qotgan qadriyatlari, an’analari, ruhiy va ma’naviy boyliklari turibdi. Uning yutuqlariga tasanno aytmay, qoyil qolmay iloj yo‘q. Bu yutuqlar aqlni shoshiradi, ko‘zni quvontiradi, dilni faxr va iftixor tuyg‘usi ila limmo-lim qiladi. Ular orqali dunyoni kaftda ko‘rgandek ko‘rib turish, uning narigi chekkasida yashayotgan odam bilan bemalol do‘stlashish, ko‘z ochib yumguncha unining yoniga uchib borish, dunyoda bo‘layotgan voqea-xabarlarni shu zahotiyoq eshitish, ko‘rish, xabardor bo‘lish, yer yuzining eng go‘zal joylariga, tubsiz okean qa’riga, cheksiz fazoga sayr, sayohat qilish mumkin. Bunday qulay imkoniyatlarning cheki ham adog‘i ham yo‘q. Lekin bularning barchasi insoniyatni baxtiyor qila oldimi? Odamizot bugun o‘zining hayotidan mamnunmi? Nega shuncha yutuqlari, muvaffaqiyatlariga qaramay u bugun sarosimada, xavotirda yashamoqda? Uning tinchini nimalar buzmoqda, hayotiga nimalar tahlika, xavf-xatar solmoqda? Uni noiloj qoldirayotgan omillar nima? Bu savollar mulohazaga, tafakkurga undaydi. Odamizot yo‘l qo‘ygan xatolarini izlashga, uni tuzatishning imkoniyatlarini qidirshga chorlaydi. Afsuski, bani bashar o‘zining olamshumul yutuqlariga mahliyo bo‘lib, o‘zining kimligini unutdi. Uning yaratuvchisi borligini, har bir ish uning irodasi bilan barpo bo‘lajagini, shuning uchun ham eng avvalo unga itoat va ibodat, shukronalik zarurligini yoddan chiqardi. Dinni afyun deb e’lon qildi. Xudojo‘ylarni masxara qildi, zulm o‘tkazdi. Dinsiz jamiyat qurish uchun jon-jahdi bilan harakat boshladi. Ollohdan uzoqlashish odamizotni boshi berk ko‘chaga olib kirdi, qiyofasidan ajratdi, beburd va bachkana qilib qo‘ydi. Yer yuzida tubanlik, adolatsizlik, zulmkorlik gullay boshladi. Keyin odamzot yaratuvchisining qudratiga emas, balki o‘z aql zakovatiga tayana boshladi va o‘ziga bino qo‘ydi. U kim bo‘lishligidan qat’iy nazar tabiatga oidligini, shu tabiatning ajralmas bir bo‘lagi, qismi ekanligini ham yoddan chiqardi. «Inson tabiat ustidan hukmrondir!», degan shiorni o‘rtaga tashladi, va uni o‘zboshimchalik bilan ochko‘zlarcha o‘zlashtira boshladi. O‘z hatti-harakatlarida tabiat bilan hisoblashish lozim ekanligini, uning qonunlari yer yuzida yashayotgan barcha mavjudot va maxluqotlar uchun, jumladan uning hayoti uchun ham ustivor ahamiyatga egaligini unutdi. Natijada odamlar ochko‘z, so‘qir, shafqatsiz kimsalarga aylandilar va tabiatning ayovsiz jazolariga giriftor bo‘la boshladilar. Bundan tashqari odamzotning dunyoga ne maqsadda kelganini, tiriklikdan bosh maqsad neligini mulohaza qilib ko‘rishga qurbi yetmadi. Insonning bu tirik dunyoda bajarishi lozim bo‘lgan yagona vazifasi o‘zidan zurriyod qoldirish va shu orqali hayotning davomliligini ta’minlashdir. Shuning uchun ham ular ikki jinsga – ayol va erkak jinslariga bo‘lingandirlar. O‘zlaridan avlod qoldirish, uni tarbiyalash, komil qilib voyaga yetkazish har ikki jinsning zimmasiga barobar yuklangan ilohiy qonundir. Insonning hayoti shu eng asosiy qonun zamirida barpo etilgan. Bunga mensimay, bepisand qarash, jinslar zimmasidagi vazifalarni aralashtirish, uni buzish inson hayotini izdan chiqaradigan, uni barbod etadigan omildir. Insoniyat bugun tabiat qonunlariga ko‘r-ko‘rona aralashib nafaqat atrof-muhitni, balki o‘z hayotini ham izdan chiqarganligini hanuzgacha to‘liq anglab etganicha yo‘q. Bugungi davr odamizotdan har qachongidan ham ko‘proq hushyorlik, mulohaza va idrok talab etmoqda. Aks holda uning hayoti hech qachon xavf-xatardan xoli bo‘la olmaydi. Har qanday tirik mavjudot jar yoqasiga borib qolganda eng avvalo unga qulab tushmaslik chorasini izlagani kabi, insoniyat ham bugun ajal domiga qulab tushmaslik chorasini izlamog‘i darkor. Uning chorasi mulohaza, onglilik, birdamlik va qo‘lni qo‘lga berib birlashishdir. Bu o‘ta muhim va dolzarb jarayonlarda ayollar faoliyati, ularning aql va mulohazalari ham muhim ahamiyatga ega. Tabiat ayolni ona qilib yaratgan. U eng avvalo farzand dunyoga keltirishi, uni komil, jismonan va ruhan yetuk, zamon talablariga mos qilib tarbiyalab, voyaga etkazib bermog‘i lozim. Shuning uchun ham zurriyodi taqdiriga u hammadan ko‘ra ko‘proq burchlidir. Bu burchni unutish yoki ahamiyatini anglamaslik nafaqat ayollarning o‘zlari yoki ularning zurriyodlari uchun, balki yer yuzidagi barcha tiriklik uchun xatarlidir, fojeadir. Insoniyat yo‘l qo‘ygan xatolarning eng ayanchlisi – ayollarga nisbatan munosabatni o‘zgarganligidir. Ayollarni ozod qilish shiori bilan olib borilgan harakatlar 2-3 asrlik tarixan qisqa muddat ichida odamizot hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi, uning asl qiyofasidan ajratdi. Bu harakatlar oqibatida ayollar ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng imkoniyatlarni qo‘lga kiritdilar, jamiyatda, ishlab chiqarishda ular bilan teng mehnat qildilar, oilaning moddiy ehtiyojlarini erlari bilan teng ko‘tardilar, lekin ular tom ma’noda baxtiyor bo‘la olmadir. Ular mushtdek elkalariga ham jamiyat, ham davlat ishlarini, ham uy-ro‘zg‘or, oila yumushlarini ko‘tarishga majbur bo‘ldilar. Zurriyodlari taqdiri haqida o‘ylash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, mehr-muhabbat, e’tibor berishga fursat, vaqt, imkon etmadi. Shuning uchun ham bugun ularning bolalari giyohvandlar, terrorchilar, jinoyatchilar, fohishalar bo‘lib voyaga etdilar va yer yuziga yovuzlik va jaholat urug‘ini sochmoqdalar. Shunday qiyin damlarda ham dunyoning ko‘plab nuqtalarida ayollar mehnatidan xomtama bo‘lib turgan davlatlar, ularning iqtisodiy faoliyatiga rag‘bat beradigan jamiyatlar, ayollarga erkaklarning yoqasidan olishni o‘rgatadigan oqimlar, oilani ayolning erkini bug‘uvchi, uni tahqirlovchi unsur deb qaraydigan guruhlar, diniy va milliy qadriyatlarni, an’analar, urf-odatlarni eskilik, jamiyatni orqaga tortadigan illat deb baholaydigan va ularga qarshi kurashish uchun bel bog‘lagan jamoalar istagancha topiladi. Ularga moddiy va ma’naviy rag‘bat beradigan tashkilotlar ham bisyor. Bunday g‘ayritabiiy va g‘ayriinsoniy g‘oyalarga qarshi turadigan, ularga bas keladigan kuchlar esa uyushmagan va tarqoqdirlar. Buning oqibatida dunyo ayollarining qismati yanada chigallashmoqda, muammolari murakkablashmoqda. Eng achinarlisi - o‘ziga bino qo‘ygan, xudbin, axloqsiz ayollar toifasi shakllanmoqda. Shuning uchun ham bugun ayollar muammosi hudud, chegara bilmaydi. Bu muammolar sharqda ham, g‘arbda ham, shimolu-janubda ham deyarli bir xil. Uning ko‘lami katta, lekin bartaraf etadigan yo‘li yagona – o‘zlikni anglash! Yo‘l qo‘ygan xatolarni tushunish, yaratgan zot oldida tavba-tazarru qilish, uning ne’matlariga shukronalik keltirish, o‘tmishni unutmaslik, qadriyatlarni avaylab asrash, ezgulik yo‘lida hamjihatlilik, o‘zlikni anglash orqali zohir bo‘ladi. Bu esa insoniyatni qutqaradigan, uning hayotini davomli, baxtli, saodatli qiladigan asosiy yo‘ldir. Ushbu sayt shu ezgu maqsadni ko‘zlab tashkil etildi. Unda eng avvalo ayolning dunyo sahnida tutgan o‘rni, egallagan mavqei, insoniyat hayotini tashkil etishdagi roli, uning muqaddas burchi va vazifalari haqida, ayolga o‘tkaziladigan zulm va adolatsizliklarning ayanchli oqibatlari haqida mulohazalar beriladi. Shuningdek, o‘zbek ayollari hayotining barcha jabhalari, ularning muammolari, fazilatlari, orzu-umidlari, hayotiy tajriba va malakalari, diniy va milliy qadriyatlari milliy va umuminsoniy tamoyillar asosida yoritilib boriladi. Ularda ibrat oladigan, o‘rganadigan fazilatlar anchagina, muammolar ham bisyor. Qayerdaki ayol bor ekan unining muammolari bilan bir qatorda o‘rganishga arzigulik fazilatlari, tajribalari ham mavjud. Biz o‘zbek ayollari muammolarimizni birgalikda baham ko‘rishni, uni yechish yo‘llarini hamjihatlikda hal qilishni, shuningdek, dunyo ayollarining go‘zal fazilatlarini, ilg‘or tajribalarini ixlos bilan o‘rganishni istaymiz. Jurnalimiz Siz bilan bizni yaqinlashtiradi, ezgulik, baxt-iqbol yo‘lida birlashtiradi, fikr-mulohazalarimiz, orzu-umidlarimizni mushtaraklashtiradi, deb umid qilamiz.

Hafiza Nasrulloh, Jurnal asoschisi Mazkur maqola ayol.uz saytida 2002 yilda chop etilgan.