Zarur masalliqlar (4 kishilik): 1 kg. yangi kartoshka, 700 gr. shampinon qo‘ziqorin, 200 ml. qaymoq, 200 gr. pishloq, 1 bosh piyoz, 2 bo‘lak sarimsoq piyoz, 4 osh qoshiq zaytun yog‘i, yarim bog‘ shivit, tuz, qora murch.
Tayyorlanishi: 1. Shampinonlarni yupqa qilib, piyozni esa halqa shaklida to‘g‘rang.
2. Qizdirilgan zaytun yog‘ida piyozni tilla rangga kirguncha qovuring. Keyin shampinonlarni qo‘shib, 5 daqiqa qovurishda davom eting.
3. Kartoshkani aylana shaklida yupqa to‘g‘rang-da, ezilgan sarimsoq piyoz bilan aralashtiring.
4. Chuqurroq idishga avval kartoshkaning yarmini, keyin qovurilgan piyoz va qo‘ziqorinni soling. Qolgan kartoshkani ham solib, ustidan qaymoqning yarmini quying. Idish ustini zar qog‘oz (folga) bilan yopib, 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 40 daqiqaga qo‘ying.
5. Pishloqni qirg‘ichning katta tomonidan o‘tkazing. Keyin kartoshka toblamaning zar qog‘ozini olib tashlab, qolgan qaymoq va pishloqni solib, yana 10 daqiqa gaz pechida qoldiring.
6. Shivitni maydalab to‘g‘rab, toblama yuziga seping-da, dasturxonga torting.
Tayyorlanish vaqti: 1 yarim soat.
Manba: Darakchi.uz