– Shamolatdimmikan desam, qichishish, og‘riq yo‘q, ammo tashqariga chiqdim deguncha ko‘zlarim o‘z-o‘zidan yoshlanib qolaveradi. Foydalanayotgan kosmetika vositalarim allergiya berayotgan bo‘lsa kerak deb, bir muddat ten va tush ishlatmay qo‘ydim, ammo bezovtalik o‘tib ketmayapti. Ko‘z yoshlanishining sababi nima bo‘lishi mumkin?
Dilshoda Jamilova, Toshkent viloyati
Savolga shifokor-okulist Nodira RASULOVA javob beradi:
– Muntazam ko‘z yoshlanishi kuzatilganida ko‘k yoki qora choy damlamasi bilan ko‘zni artish hamishaham to‘g‘ri emas. Negaki ko‘z yoshlanishi faollashganda uni keltirib chiqarayotgan omil aniqlanishi lozim. Bu ishda okulist shifokor ko‘rigi asqotadi. Ko‘z yoshlanishi gipersekretor hamda retension ko‘rinishlarga ajratiladi. Gipersekretor jarayon ko‘z yosh suyuqligining me’yordan ortiq ishlab chiqilishi bo‘lsa, retension turi ko‘z yosh yo‘llari o‘tkazuvchanligining buzilishi bilan izohlanadi. Gipersekretor ko‘z yosh ajralishini keltirib chiqaruvchi omillar allergiya, konyuktivit, ko‘z muguz pardasining mexanik yoki kimyoviy zararlanishi, infeksion turdagi kasalliklar asorati, keratit bo‘lishi mumkin. Muolajani boshlashdan avval bezovtalikni keltirib chiqargan xastalik aniqlanib, davo choralari birgalikda olib borilsa, kutilgan natijaga erishiladi. Retension ko‘rinishi esa ko‘z yosh ajralishidagi ayrim buzilishlar bilan xarakterlanadi. Ushbu holat ko‘z yosh qopchasi yallig‘lanishi, ko‘z yosh kanalining qurib qolishi, burun bo‘shlig‘i kasalliklari – gaymorit, rinit, poliplar va shilliq qavat shishlari sabab kelib chiqishi mumkin. Mazkur holatda ko‘pincha jarrohlik aralashuvi talab etiladi. Agar sizni ko‘z yoshlanishi bezovta qilayotgan bo‘lsa, albatta shifokor ko‘rigidan o‘ting. Tibbiy tahlillar o‘tkazilgach, kerakli muolaja turi tanlanadi.
Manba: Darakchi.uz