Salomatlik

Ko‘zlar salomatligini asrash uchun nimalar qilish kerak?

Hozirgi zamonda nafaqat ish kunlarini, balki dam olish kunlarini ham kompyuter, smartfon va boshqa turli gadjetlarsiz tasavvur eta olmaymiz. Ko‘zlarimiz o‘zlari uchun noqulay holatga ko‘nikib qolgan, biz esa ko‘zlardagi qizarish, quruq bo‘lib qolish, achishish va bosh og‘rig‘i kabi belgilarni e’tiborsiz qoldiramiz. Afsuski, bu ertami-kechmi ko‘rish qobiliyatining yomonlashuviga olib keladi.

Ko‘rish qobiliyati, ko‘zlar salomatligi va go‘zalligini asrash uchun nima qilish kerak?

  1. Avvalambor, ish joyini to‘g‘ri tashkil etish lozim

Kompyuterda ishlash vaqtida xonaning yoritilish darajasi pastroq, xiraroq bo‘lishi kerak. Shuningdek Monitor yaqinida yorug‘lik manbai yoki yorqin yuzalar bo‘lmasligi kerak.

  1. Har ikki soatda tanaffus qilib turing

Bunda ish joyingizni tark etish shart emas, bor-yo‘g‘i 1—2 daqiqaga ko‘zlarni yumish yoki 10 daqiqa davomida uzoqdagi ob’yektga tikilish kifoya.

  1. Ko‘zlar uchun maxsus mashqlarni bajaring

Ularni muntazam ravishda — kuniga 1—2 martadan qilib turish maqsadga muvofiq.

Bunda boshni tik tutib, dastlab 1—2 daqiqa davomida nigohingizni navbat bilan tepaga, pastga, o‘ngga, chapga yo‘naltiring. So‘ng ko‘zlarni yumib va boshni to‘g‘ri tutib, turli shakllarni «chizgan» holda ko‘z soqqangizni aylantiring.

Keyingi mashqni bajarish uchun nigohingizni avval xonaning pastki chap burchagiga qadang, so‘ng yuqori o‘ng, pastki o‘ng va yuqori chap burchaklarga qarang hamda pastki chap burchakka qaytib keling. Shu tarzda «sakkiz» chizib, so‘ng uni teskari tartibda takrorlang.

Mashqlar so‘ngida ko‘zlarni 2—3 soniya mobaynida qattiq yuming.

  1. Ovqatlanish ratsioningizga ko‘rish qobiliyatini tiklashga yordam beruvchi mahsulotlarni kiriting

Misol uchun, sabzidagi beta-karotin moddasi ko‘rish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, chernikadagi antotsianlar — kuchli antioksidantlar ko‘z kapillyarlari qayishqoqligini oshirib, tomir devorlarini mustahkamlaydi, shuningdek shamollash yuzaga kelishining oldini oladi.

  1. Ko‘zlar salomatligi uchun maxsus vitamin va minerallar kompleksini qabul qiling

Bundan avval albatta shifokor bilan maslahatlashing. Mutaxassis ko‘zlaringizni tekshirib ko‘rib, shundan keyingina o‘zingizga mos preparatlarni tavsiya qiladi.

Bundan tashqari, ko‘zlaringiz sog‘lig‘i bilan bog‘liq ba’zi holatlarga e’tiborsiz bo‘lmang. Bu borada kichik tavsiyalar bilan tanishing:

  • Ko‘zlaringiz osti salqib qolgan bo‘lsa, choy paketchalari yordamida buni bartaraf etish mumkin. Ishlatib bo‘lingan paketchali choyni tashlab yubormang, sal sovigach, uni ko‘zlaringiz ustiga qo‘ygan holda 15 daqiqacha yotib dam oling. Paketchali choy bo‘lmasa, uning o‘rniga iliq romashka qaynatmasida ho‘llangan paxtani qo‘llash mumkin;
  • Ko‘zlar charchaganda ular uchun suv massaji tashkil etish mumkin. Buning uchun sovuq suvga botirib olingan barmoqlaringizdagi suvni ko‘zlaringizga qarata sachrating;
  • Qovoqlaringiz shishsa, ular ustiga archilgan xom kartoshka bo‘lagini qo‘yib, 15—20 daqiqa ushlab turing.

Manba: Daryo.uz