Madaniyat

Kuz—2016 ning to‘y trendlari

Har bir qiz chiroyli oq libosda turmushga chiqishni orzu qiladi. Aynan tashqi ko‘rinish masalasiga kelganda fantaziyalarga erk beriladi.

Kimdir fata bo‘lishi shart deydi, boshqasiga esa qo‘lida ajib bir guldasta bo‘lsa bo‘ldi; kimdir juda serhasham libosni xohlaydi, boshqasi esa etagi uzun sipo ko‘ylak tarafdori; kimdir makiyaji chaqnab turishini istasa, yana birov tabiiy go‘zallikka nima yetsin deydi — har kimning didi har xil.

Oqshom liboslari kabi juda o‘zgaruvchan bo‘lmasa-da, to‘y modasida ham har mavsum o‘ziga xos yangi qoidalar paydo bo‘lib turadi. Bu yangiliklarning barini ilg‘ab olish oson emas, lekin biz 2016 yilgi kuz mavsumining eng yorqin trendlarini saralab olishga harakat qildik.

Yengli to‘y liboslari

Dizaynerlar bir necha mavsumdan beri yelkasi ochiq liboslarni to‘y uchun eng yaxshi yechim sifatida tavsiya qilib kelayotgan edi.

Biroq bu yilgi kuz mavsumi uslubida o‘zgarish bor — krujevali yoki ipakli matodan tayyorlangan, yengilgina ertaknamo farishta timsolini taratuvchi kalta yenglar yana urfda.

Serhasham libos — o‘lmas klassika

Ko‘plab dizaynerlarning kolleksiyalarida turli uzunlik va uslubdagi qavat-qavatlar etaklarni ko‘rish mumkin. Bu uslub hech qachon urfdan qolmasligi aniq.

Yengilgina «oftobda qorayish» va jigarrang smoky eyes

Ham mayin, ham yorqin bu kuzgi makiyaj kelinning tabiiy go‘zalligiga yanada kuchliroq urg‘u beradi.

Krujeva va durlar

Bu qo‘shimchalar bilan to‘ldirilgan kelin libosi, fatasi, tuflisi va zargarlik buyumlari yanada nazokatli ko‘rinadi.

***

So‘zimiz yakunida aytmoqchimizki, o‘zingizga qanday tashqi ko‘rinish tanlashingizdan qat’iy nazar — romantik malika bo‘lasizmi yoki 50 yillarning filmlariga xos qaysar jonon — farqi yo‘q, muhimi, tanlovingiz aynan o‘zingizga mos bo‘lsin, chunki to‘y — hayotingizning eng unutilmas va eng go‘zal kunlaridan biridir!

Manba: Daryo.uz