Madaniyat

Lab qurishiga qarshi uy sharoitidagi samarali vositalar

Lablar go‘zalligi shubhasiz ayol tashqi ko‘rinishining bir qismini tashkil etadi. Labning juda qurib ketishi tashqi ko‘rinishimizdan xavotirga tushishimizga sabab bo‘ladi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun lab terisini parvarish qilishga mo‘ljallangan maxsus vositalardan foydalanish mumkin.

Labning qurib qolishiga sovuq yoki juda quyoshli ob-havo, shuningdek, uzoq vaqt davomida quruq xonada bo‘lish sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, vitaminlar yetishmovchiligi, yetarli miqdorda suyuqlik ichmaslik, qolaversa, organizmning vitamin va mikroelementlarni yo‘qotishiga sabab bo‘luvchi biror xastalik ham lablarning qurishini keltirib chiqaradi.

Agar siz uyda bo‘lsangiz, lablar uchun mo‘ljallangan maxsus vositangiz esa tugab qolgan bo‘lsa, ularga saryog‘ surib qo‘yish mumkin. Uning tarkibidagi Ye vitamini terini tezda yumshatib, uni namlantiradi va quruqlikni bartaraf etadi.

Lablar po‘st tashlaganda esa oddiy shakar yordam berishi mumkin. Uni kamroq o‘simlik yog‘i bilan aralashtirib, lablarni u bilan uqalash lozim. Bu o‘ziga xos skrab qotib qolgan qatlamlarni tozalab, po‘st tashlashni yo‘q qiladi, shu hududdagi moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Labning tabiiy rangini qaytaradi.

Lab qurishiga qarshi uy sharoitida qo‘llash mumkin bo‘lgan vositalarga yana yog‘li smetana va qatiqni kiritish mumkin.

Agar labning qurishi uning yorilishiga olib kelgan bo‘lsa, moychechak, qichitqi o‘t yoki na’matakni qaynatib, u bilan paxtani namlab, 5 daqiqa davomida kompress qiling. Shundan so‘ng, labga bodring, sabzi yoki oshqovoqli sharbatdan surib qo‘yish mumkin.

Lab holatini yaxshilash uchun bananli bo‘tqa va achchiq shokoladdan ham foydalanish mumkin. Faqat shokolad tarkibidagi kakao 75 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.

Yuqoridagi vositalar uy sharoitida qo‘l ostimizda mavjud bo‘lgan vositalardir. Bundan tashqari, maxsus vositalar, turli balzamlar va gigiyenik lab bo‘yoqlaridan ham foydalanish mumkin.

Lab qurishining oldini olish

  1. Yetarlicha suv iching
  2. Haftada bir marta lab uchun o‘tlardan kompress qiling. Ular besh daqiqa tutib turilgandan keyin, labingizga balzam suring.
  3. Labdagi pardozni yaxshilab yuvib tashlang. Pardoz vositalarining qoldiqlari teri holatini va undagi almashinuv jarayonini yomonlashtiradi.
  4. Ye vitamini yetishmovchiligini to‘ldirish uchun maxsus vitaminlar kompleksini qabul qiling. Dengiz mahsulotlari, baliq, ko‘katlar, avakado va sitrus mevalarni iste’mol qilish ham ayni muddaodir.
  5. Ovqatlanish tartibiga ahamiyat qarating. Ratsionning to‘g‘ri tashkil etilishi sog‘liq va go‘zallik garovidir.
  6. Agar yuqorida keltirilgan vositalar yordamida labdagi quruqlikni bartaraf etib bo‘lmasa, dermatologga murojaat qiling. Bu biror xastalik chaqirgan muammo bo‘lishi mumkin.

Go‘zallik sizni hech qachon tark etmasin!

Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.