Har kuni ertalab kiymoqchi bo‘lgan kiyimimizni tanlayotganimizda, tanlovimizga faqat tashqaridagi ob-havo emas, balki kayfiyatimiz, ruhiy holatimiz ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Kiyimlar rangi inson ichki holatini aks ettiribgina qolmay, uni o‘zgartira oladi ham. Shunday qilib, tanlagan kiyimingiz rangi siz haqingizda nimalar deyishi va ruhiy holatingizni qaysi tomonga o‘zgartira olishi haqida so‘z yuritamiz.
Qizil rang
Stilist Devid Zilaning aytishicha, qizil rang qalb jo‘shqinligi, dovyuraklik, hayotga chanqoqlikni aks ettiradi. Qizil rangni o‘rgangan tadqiqotchilar bu rangdagi libosli ayol atrofdagilarning, ayniqsa, erkaklarning e’tiborini ko‘p jalb qilishini ta’kidlashgan. Demak, atrofdagilarning e’tiborini qozonishni istasangiz, qizil rangdagi libosda to‘xtaling.
Ko‘k rang
Bugun aqliy mehnat ko‘p talab qilinadigan kunmi? Ikkilanmasdan ko‘k rangdagi libosni tanlang. Ko‘k rang ruhiy osoyishtalikni aks ettirib, tinchlantiruvchi xususiyatga ega. Britaniya Kolumbiyasi universitetida o‘tkazilgan tadqiqot natijasida ko‘k rang insonda tinchlik va xavfsizlik tuyg‘ulari bilan bog‘liqligi, bu rangning mavjudligi inson g‘oyalarining ochilishiga, ijodiy mahsuldorlikning oshishiga yordam berishi ma’lum bo‘lgan.
Qora rang
Bu rangdagi kiyim barchaga mos tushadi, yarashadi, hatto biroz ozg‘in ham ko‘rsatadi. Lekin salbiy xususiyati ham bor. Florida universiteti tadqiqotchilari bir holatga e’tibor qaratishgan: qora kiyingan xokkeychilarga oq kiyingan xokkeychilarga nisbatan hakam tomonidan agressivlik va qo‘polliklari uchun ko‘proq jarima solingan.
Yashil rang
Atrofdagilarda ishonchlilik, ijobiylik fikrini tug‘dirmoqchi bo‘lsangiz, yashil rangni tanlaganingiz ma’qul. Bu rang bardamlik, soflik, bekam-u ko‘stlik rangi hisoblanib, ko‘k rangga o‘xshab ilhomlantiruvchi xususiyatga ega.
Zarg‘aldoq rangi
Bu rang ba’zan to‘q sariq yoki apelsin rangi ham deyilib, qalbdagi qat’iyat va dadillik, ko‘tarinki kayfiyat bilan bog‘lanadi. Lekin bu rangning ortiqcha yorqin bo‘lishi tajanglikni keltirib chiqarishi mumkin.
Siyoh rangi
Bu rang hukmdorlik, imtiyozlilik kabi tuyg‘ular bilan bog‘liq. Bu rangdagi libosni tanlayotganda shu narsani e’tiborga olish kerakki, bu rangga uzoq qaralganda insonda asabiylik va ruhiy taranglik, noqulaylik hislari uyg‘onishi mumkin.
Pushti rang
Kamtar va yoqimli rang bo‘lgani bilan, inson kayfiyatiga sezilarli ta’sir o‘tkaza oladi. Bu rang ta’sirida insondagi agressivlik va qo‘pollik kamayishi tajribalarda aniqlangan. O‘zingizni baxtli va sokin his qilmoqchi bo‘lsangiz, shu rangni tavsiya etamiz.
Kulrang
Bu rang o‘zining betarafligi bilan ajralib turadi, kayfiyatga deyarli ta’sir qilmaydi. Muloyimlik va nafislik hislarini uyg‘otmoqchi bo‘lsangiz, ushbu rang sizga mos keladi. Lekin shuni aytish kerakki, kulrangdagi liboslarni har doim kiyib yurish baxtlilik tuyg‘usini kamaytirishi mumkin.
Manba: