Bilasizmi?

Makaron mahsulotlari ozishga yordam beradimi?

Makaron mahsulotlari iste’moli semirishga olib kelmaydi va hatto ozish imkonini ham berar ekan. EurekaAlert kanadalik tibbiyot xodimlarining xulosasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Olimlar 2,5 ming kishi ishtirok etgan 30 tadqiqotni metatahlil qilishdi, bu kishilar uglevodlarning katta qismini makaronlardan olishgan. Ko‘ngillilar haftasiga uch marta pasta yeyishgan, bir porsiya taxminan o‘rtacha hajmdagi kosaning yarmini tashkil qilgan. Uch oydan keyin tajriba ishtirokchilari o‘rtacha 500 grammdan vazn yo‘qotishgan.

Tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot natijalari makaron mahsulotlari parhez bilan uyg‘unlashtirilganda vaznni oshirmasligi va ortiqcha yog‘larning to‘planishiga sabab bo‘lmasligini ko‘rsatgan. Bu mahsulotning past glimekik indeksi bilan izohlanadi.

"Tadqiqot ishtirokchilarning ko‘p bo‘lmasa-da vazn yo‘qotganini ko‘rsatgan. Shu bois omma orasida tarqalgan ma’lumotlarga qarshi o‘laroq, makaron mahsulotlari sog‘lom parhezning bir qismiga aylanishi mumkin", - deydi tadqiqot hammuallifi Jon Sivenpiper.

Manba: Kun.uz