Oshxona

Makaron uchun 8 xil qayla

Makaron ko‘plab oilalarning asosiy masalliqlaridan biri. Ammo hamma ham uni sevib iste’mol qilavermaydi. Ehtimol bunga uni tayyorlash va taqdim etishda hamma pazandalar ham xilma-xillikka e’tibor qaratavermasligi sababdir. Ko‘pchilik xonadonlarda makaron qovuriladi yoki undan oddiygina sho‘rva tayyorlanadi. Biz taklif etayotgan qaylalar esa makaronning xushta’mligi, o‘ziga xosligi va hammabopligini ta’minlab, ko‘pchilikka manzur kelsa kerak.

Pomidor va qaymoqli qayla

Masalliqlar:

- bir nechta sarimsoq piyozi;

- ikkita bosh piyoz;

- bir stakan yog‘li qaymoq yoki smetana;

- yarim kg pomidor;

- rayxon;

- zaytun yog‘i;

- bir qoshiq saryog‘;

- tuz;

- qalampir;

- bir oz quritilgan limono‘t;

- bir qoshiq shakar.

Tayyorlanishi:

Sarimsoq bo‘lakchalarini to‘g‘rang, uni zaytun yog‘ida qovuring. Sarimsoq oltinrang bo‘lganida yog‘dan oling va o‘rniga to‘g‘ralgan piyozni soling. Piyozni tayyor bo‘lguniga qadar qovurib, so‘ngra po‘sti archilib, to‘g‘ralgan pomidor, tuz, qalampir, rayxon (mayda to‘g‘ralgan yoki quritilgan), bir qoshiq saryog‘ qo‘shing. Suyuqlikning katta qismi bug‘langanidan so‘ng unga qaymoq yoki smetanani qo‘shing va qaynagunga qadar olovda tutib, so‘ngra limono‘tni soling. Tayyor mahsulotni makaronga aralashtirib yoki uning ustiga quyib iste’mol qilishingiz mumkin.

  1. Makaron uchun sabzavotli qayla

Masalliqlar:

- 400 g pomidor;

- tomat pastasi;

- ikkita bosh piyoz;

- chuchuk bulg‘or garmdorisi;

- kabachki;

- selderey;

- oshqovoq;

- lavr yaprog‘i;

- xushbo‘y va maydalangan qalampir;

- rayxon;

- rozmarin;

- toshcho‘p (timyan);

- sarimsoq piyoz;

- zaytun yog‘i;

- suv.

Tayyorlanishi:

Barcha sabzavotlarni bir xil kattalikda kubik shaklida to‘g‘rang. Chuqur tovaga yog‘ solib, qizdiring. So‘ngra sabzavotlarni solib, yaxshilab aralashtiring. Past olovda qopqog‘ini yopiq holda qoldirib pishiring. Barcha sabzavotlar yumshoq bo‘lganidan keyin unga tomat pastasi, ziravorlar, tuz, qalampir, sarimsoq piyozni soling. Qaylani pishirish vaqti taxminan 40 daqiqani tashkil etadi.

3.Makaron uchun pishloqli qayla

Masalliqlar:

- ikki osh qoshiq un, bir stakan sut;

- 50 g saryog‘;

- o‘simlik yog‘i;

- tuz;

- qalampir;

- 200 g qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq;

- zira;

- rayxon.

Tayyorlanishi:

O‘simlik yog‘i qizdiriladi, unga un qo‘shilib, oltin rangiga kirguniga qadar qovuriladi. So‘ngra stakandagi sut sekin-astalik bilan quyilib, aralashtirib turiladi. Qaynaganidan keyin qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq qo‘shilib, aralashtiriladi. Ziravorlar va yumshoq saryog‘ (u avvalroq muzlatkichdan olib qo‘yilishi kerak) ham qo‘shilib, aralashtiriladi. Qaynoq holatda makaronga aralashtiriladi yoki uning ustidan quyiladi. Yoqimli ishtaha!

  1. Tovuqli qayla

Masalliqlar:

- bitta tovuqning to‘sh go‘shti (suyaklarsiz);

- piyoz;

- sarimsoq piyoz;

- un;

- qaymoq yoki smetana (bir stakan);

- suv;

- rayxon.

Tayyorlanishi:

Yog‘i qizdirilgan tovacha (skovorodka)ga to‘g‘ralgan tovuq go‘shtini solib, oltin rangiga kirguniga qadar qovuring. So‘ngra to‘g‘ralgan piyoz solib aralashtiring. Piyoz ham oltin rangiga kirganidan so‘ng ikki qoshiq un qo‘shib karamel rangiga kirgunicha qovuring. Shundan keyin ozgina suv solib aralashtiring. Qopqoqni yopib, past olovda 15 daqiqa qo‘ying. Go‘sht deyarli tayyor bo‘lganidan keyin ustiga smetana (yoki qaymoq) quyib, ezilgan sarimsoq, rayxon, tuz va qalampir solib, besh daqiqa dimlang va olovdan oling.

  1. Tovuq va pishloqli qayla

Masalliqlar:

- tovuqning lahm go‘shti;

- ikki bosh piyoz;

- 300 g shampinon;

- smetana;

- tuz;

- qalampir;

- ko‘katlar;

- ikki osh qoshiq saryog‘;

- o‘simlik yog‘i.

Tayyorlanishi:

Uncha katta bo‘lmagan bo‘laklarga bo‘lingan tovuq go‘shtini o‘simlik yog‘ida qovurib, bir oz tuzlang. Tovuq go‘shti oltin rangiga kirganida to‘g‘ralgan piyozni qo‘shib yana o‘n daqiqacha qovuring. So‘ngra to‘g‘ralgan qo‘ziqorinni solib, qalampirlang. Saryog‘ni qo‘shib, olovni pasaytiring. Besh daqiqadan keyin smetanani solib, tuzini me’yoriga keltiring, ko‘kat qo‘shing.

  1. Pomidorli tovuqdan makaron uchun qayla

Masalliqlar:

- tovuq lahm go‘shti, 300 gramm;

- o‘rtacha kattalikdagi ikki bosh piyoz;

- yarim kilogramm pomidor;

- tuz;

- qalampir;

- rayxon;

- rozmarin;

- tog‘ rayxon;

- shakar;

- sarimsoq piyoz;

- o‘simlik yog‘i.

Tayyorlanishi:

Chuqur tovada mayda to‘g‘ralgan tovuq go‘shtini qizil oltin rangiga kirgunicha qovuring. So‘ngra to‘g‘ralgan piyoz solib aralashtiring va dimlab qo‘ying. Pomidorni qaynagan suvga bir solib olib, po‘stini arching va mayda to‘g‘rab, tovuq va piyozga aralashtiring. Bir oz suv solib, tuzlang. Qalampir, bir yoki yarim qoshiq shakar, quruq yoki yangi ziravorlardan qo‘shib, qopqoqni yoping va pishguniga qadar dimlang. Eng oxirida mayda to‘g‘ralgan yoki qirg‘ichdan chiqarilgan sarimsoqni (ikki-uch boshchasini) solib, olovdan oling va o‘n daqiqa tindirib qo‘ying.

  1. Ismaloqli qayla

Masalliqlar:

- barra ismaloq (500 g)

- o‘simlik yog‘i (zaytun yog‘i tavsiya qilinadi);

- rayxon;

- tuz;

- qaymoq (yoki smetana);

- 50 g saryog‘.

Tayyorlanishi:

Tovaga mayda to‘g‘ralgan ismaloqni joylashtirib, qopqoqni yoping va bir oz dimlab qo‘ying. So‘ngra ozgina tuz solib, qaymoq yoki yog‘siz smetana (bir stakan), bir qoshiq saryog‘, quruq yoki barra rayxonni qo‘shing.

Yengil va foydali qayla 10 daqiqada tayyor bo‘ladi. Makaron bilan xushta’m iste’mol qilinadi.

  1. 8. Mol go‘shtidan qayla

Masalliqlar:

- 300-400 gramm mol go‘shti;

- ikki-uch bosh piyoz;

- ikki-uchta sabzi;

- un;

- go‘sht sho‘rvasi yoki suv;

- bir qoshiq qaymoq;

- tuz;

- qalampir;

- sarimsoq piyoz;

- ko‘katlar.

Tayyorlanishi:

Mol go‘shti somoncha qilib to‘g‘ralib, o‘simlik yog‘ida jigarrang po‘stloq hosil bo‘lgunicha qovuriladi. Shundan so‘ng sho‘rva yoki suv quyilib, to‘g‘ralgan piyoz va sabzi solib, past olovda go‘sht pishguniga qadar pishiriladi.

Parallel ravishda boshqa tovada ikki qoshiq un jigarrang tusga kirgunicha qovurilib, so‘ngra unga bir oz suv qo‘shiladi va aralashtiriladi. Bir oz saryog‘ solinib, tuz va qalampir sepiladi. Yakunda go‘shtli tovaga solinadi. Taom tayyor.