Xalq ta’limi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglarining namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, maktab pedagogining ish rejasi uning yillik ish yuklamasidan iborat (43 hafta, haftalik 36 soat, kunlik 6 soat). Yillik yuklama 1 yoki 0,8 koeffitsiyentga (sinflarga bog‘liq holda) ko‘paytirilgan bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi hajmidan kelib chiqib hisoblanadi.
Yillik soatlar (1548) quyidagilarga taqsimlanadi:
• o‘quv-tarbiya jarayoni;
• o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta’minoti va tashkiliy-pedagogik jarayon.
O‘quv-tarbiya soatlarini hisoblash uchun bir yil mobaynida dars mashg‘ulotlari olib boriladigan haftalar soniga ko‘paytirilgan bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi haftalik hajmi olinadi. Qolgan vaqtdan ikkinchi jarayon uchun foydalaniladi.
Pedagogning ish rejasi dars jadvaliga ko‘ra unga tarifikatsiya bo‘yicha ajratilgan dars soatlari asosida shakllantiriladi.
Metodik ta’minot va tashkiliy-pedagogik jarayon tadbirlari, shuningdek bunga sarflangan vaqt bo‘yicha hisobotlar talab etilmaydi, hisobi yuritilmaydi. Shuningdek pedagoglarning dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Maktab pedagoglari yuritishlari kerak bo‘lgan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati belgilandi:
1) sinf jurnali;
2) yillik taqvim-mavzuiy reja.
3) kundalik dars ishlanmalari (konspekt) daftari.
Reja va konspekt elektron shaklda shakllantirilishi mumkin.
Hujjat 20.08.2018 yildan kuchga kirdi.