Oila

Marhabo Karimova Keliniga Qanday Yomonlik Qilgan?

Xalqimiz shoira Marhabo Karimova haqida gap ketganda, topib yozadi-ya, deb baho beradi. Ana shu topib yozishning uddasidan chiqa olgan, she’rlarida ayol dardini san’atkorona ifoda etgan sevimli shoiramiz Marhabo opa bu galgi sahifamiz mehmoni.

“MeNING ERIM YuRIB KeTDI”

  • Yozish ba’zan bashorat qilishga o‘xshaydi. Shu ma’noda, oldin yozganlaringizning keyin haqiqatga aylangani bo‘lganmi?

Marhabo Karimova: Men bir narsa yozishimdan avval, shu yozganim birovga yordam bera oladimi, kimningdir ko‘ngliga malham bo‘ladimi, deb o‘ylayman. Biror mavzu haqida yozish niyati tug‘ildimi, unga bog‘liq haqiqatlar ham ko‘p kuttirmay yuz beradi. Biror narsa qoralasam, ana shuning foydasi tegsin, kimningdir muammosiga yordam bersin deb niyat qilaman. Odamlar she’ringizda o‘zini ko‘rsa, siz yozgan asarni o‘qiydi.

  • Har bir ijodkorning qo‘liga qalam tutishga undovchi dardi bo‘ladi. Ana shu dard uni qalam bilan do‘st tutinishga, doim nimanidir qog‘ozga muhrlashiga turtki bo‘ladi. Sir bo‘lmasa, sizni yozishga majbur qilgan dardingiz, ilhom manbaingiz nima?

Marhabo Karimova: To‘g‘ri aytasiz. Ana shu dard vaqti-vaqti bilan qo‘zg‘alib, kishini qiynagan pallada qalb kechinmalarini qog‘oz bilan baham ko‘radi. Xayolimda bir fikr yalt etdimi, shuni she’r qilsam yaxshi bo‘lardi deb o‘ylayman. Keyin shuni yozmagunimcha tinchimayman. Masalan, “Mening erim yurib ketdi” degan mazmundagi she’rdagi dard ko‘pchilikning dardi ekan. Shuning uchun ham unga “Tasalli”deb nom qo‘yganman. Umuman, she’r orqali hammaga tasalli berganman.

  • Ijodkorning ko‘ngli nozik. Bir oilada ikki ijodkor bo‘lishi bir-birini to‘ldiradimi? Yoki ikki injiq inson ittifoqida yashash qiyinmi?

Marhabo Karimova: Turmush o‘rtog‘im Abdulhay Karimov bilan biz butunlay teskari odamlarmiz. Teskari narsalar bir-biriga tortishadi, deyishadi-ku. Bizning ham umrimiz tortishish bilan o‘tayapti. Aynan ana shu tortishuvlar bizni yanada yaqinlashtirib, to‘ldirib turadi.

  • Ayolning kuchi ojizaligidami yoki makrida?

Marhabo Karimova: Bugungi kun ayolini ojiza desangiz kulguli tuyuladi. Tibbiyot ilmida ham ayol mukammal yaratilgani uchun farzand bera oladi, deya tasdiqlandi. Erkaklar tabiatan soddaroq bo‘lgani uchun, ayol mukammalroq, ayyorroq tuyuladi. Ayollar ko‘pincha makr-hiyladan unumli foydalanadi.

  • She’rlaringizning birida “bu dunyoda “jentelmen” erkaklar ham bormikan?” degan joyi bor. Sizningcha, ayni vaqtda ba’zi erkaklarga qaysi fazilatlar yetishmayapti?

Marhabo Karimova: Ayrim erkaklar ayolidan o‘z huquqlarini talab qilishda baland keladiyu, lekin mardlikda, oliyjanoblikda balandligini ko‘rsatmayapti. Aslida, erkak ayoldan nafaqat jismonan, balki ma’nan olganda ham, yuqorida turishi, u eng yuksak hurmat--e’tiborga loyiq ko‘rilishi kerak.

  • Oilada ayolning ovozi ernikidan baland chiqsa...

Marhabo Karimova: Aslida bu erkakning aybi bo‘lishi kerak. Lekin bugungi kunda bu holga er-xotin barobar aybdor. Ba’zi oilalarda erkakning mavqei ayolnikidan pastlashishi ko‘rinayapti. Er o‘z vazifalarini bajarmagach, ayol ro‘zg‘orning kamini to‘ldirish uchun o‘zi harakat qilayapti. Oila kamini to‘ldiraman deb o‘zini o‘tga cho‘qqa urayapti. Bu esa, erkakning mavqeini yanada tushiradi.

  • So‘z yo davolaydi, yo yaralaydi. Sizning she’ringizdan ilhomlanib hayotga qaytgan, tushkunlikdan chiqqan muxlislar ham bo‘lganmi?

Marhabo Karimova: Meni muxlislarim nimaga yaxshi ko‘radi, deb hayron bo‘lardim. Ularning biror kamini to‘ldirmagan bo‘lsam, birortasiga yordam bermagan bo‘lsam ham menga xuddi yaqin insonidek yaqin munosabatda bo‘lishadi derdim. Keyin uchrashuvlarda bildimki, she’rim orqali menga yaqin bo‘lgan insonlar taqdiri, ba’zan fikrlari ham menga o‘xsharkan.

  • She’rlaringizda o‘zbekning mehribon, jafokash ayoli tasvirlangan. Ko‘pchilik ana shu qahramonlar sizning o‘zingiz deb o‘ylaydi. Bir she’ringizda eridan kaltak yeb, farzandiga kiyim olib bergan, bolasiga kiyim olib berish uchun yana kaltak yeyishga tayyor mushtipar ona qiyofasini chizgansiz. Ayting-chi, bu badiiy to‘qimami yoki hayotiy voqea?

Marhabo Karimova: Aynan shu she’rimda hayotda bo‘lgan voqeani yozganman. Axir men ham rafiqaman. Oilada hamma xotinlarga o‘xshab kaltak yeganman.

  • Sizningcha aqlli ayol qanday xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak?

Marhabo Karimova: Oila buzilishiga tashqaridan juda ko‘p sabablar, urinishlar bo‘ladi. Aqlli ayol sabrli bo‘lib, oilani saqlab qola olishi kerak. Ayol er xiyonatini sezib turib ham bilmaslikka olishi, kerak vaqtida kechira olishi muhim.

  • Marhabo Karimovadan yaxshi qaynona bo‘lish “retsepti”...

Marhabo Karimova: Mening ikkita kelinimga qilgan eng katta “yomonligim” ularni erkin va erka qilganman. Ular hozir alohida yashashadi. Lekin men ulardan falon ishimni qilib ber, deb talab qilmayman. Ularni tergamayman. Balki shuning uchundir, biz qaynona-kelindan ko‘ra, dugonalarga o‘xshaymiz. Bu ishim opa-singillarimga yoqmaydi. Olti opa-singil ichida eng bo‘sh qaynona bo‘lding deb meni koyishadi...

YaNGI DARVOZA

Xabar keldi: “To to‘rttagacha,

Uylanishga berildi ruxsat,

Lekin biling, xotinlar ichra

Qilolmaysiz aslo adolat.”

Bir boy dedi: “Xotin ustiga,

Olib bitta sarvi qomatin,

Ikkalovin o‘rtalarida

O‘rnataman men adolatni”.

O‘ylandi va aytganin qilib,

Bir xil ko‘rdi ikki xotinni,

Bir xilda uy, bir xil deraza,

Bir xil o‘choq, bir xil o‘tini.

Bir xil jahl, bir xil tabassum,

Bir xil salom, bir xilda alik,

Hatto kiygan ko‘ylaklari ham,

Bir xil yoqa, bir xil tugmalik.

Boy o‘yladi: “Bo‘lar ekan-ku,

Adolatni o‘rnatsa agar.

Yolg‘on chiqib qolsa-ya, ajab,

Farishtalar keltirgan xabar”.

Xulosaga sal shoshildi boy,

Yurganida o‘z-o‘zin maqtab,

Buyuk qudrat sohibi so‘zin

Rostligini qo‘ydi tasdiqlab.

To‘qqiz oyda tug‘di xotinlar,

Biri qizu, biri o‘g‘ilcha,

Boy xijolat yog‘ilar savol:

“Bu qanaqa adolat pochcha?”

Biriga qiz, biriga o‘g‘il?

Tushunmadik, bu qanday holat?

Kelib-kelib eng muhim ishda

Qilmabsiz-ku, axir adolat?!

Chaqaloqlar chillasi chiqmay,

Boyning uyi g‘amxona bo‘ldi,

E yo‘q, be yo‘q, umr ekan-da,

Ikki xotin bir kunda o‘ldi.

Boy qildirdi, bir xilda kafan,

Bir xil tobut, bir xil sag‘ana.

Bir paytda chiqsin tobutlar.

Desa, bitta ekan darvoza.

Ikki quloch devorni buzib,

Bir darvoza qurildi yana,

Boy ko‘ngli to‘q, ruhlar shod bo‘lsin,

Adolatmi, adolat, mana.

Bir xil darvozadan bir xil paytda

Chiqib ketdi ikkala tobut.

Boy o‘yladi: “Adolatimdan

Xotinlarim bo‘lgandir xushnud”.

Shu kecha tush ko‘rsa, bosh xotin,

Dermish: “rozi emasman sizdan

Erkalatib yangi xotinni

Chiqardingiz yangi eshikdan”.