Mayin va yengil keks dam olish kunlari choy bilan iste’mol qilish uchun ayni muddaodir. Keksni ta’bingizga ko‘ra eritilgan shokolad yoki shakar upasi bilan bezatishingiz mumkin, shunda uni bayram dasturxoniga ham tortish mumkin bo‘ladi.
Zarur masalliqlar:
- 125 g margarin
- 1 stakan un
- ½ stakan shakar
- 2 osh qoshiq kraxmal
- 2 ta tuxum
- ¼ stakan sut
- 2 choy qoshiq razrixlitel
- 2 osh qoshiq kakao
Tayyorlanishi:
Xona haroratida yumshagan 125 g margarinni ½ stakan shakar bilan aralashtiramiz.
Unga 2 ta tuxumni qo‘shib, mikser yordamida ko‘pirtiramiz.
Alohida idishda 1 stakan un, 2 osh qoshiq kraxmal va 2 choy qoshiq razrixlitelni aralashtiramiz, uni tuxumli massaga qo‘shamiz.
Quyuq xamir hosil bo‘lgach, ¼ stakan sutni solib, xamirni suyultiramiz.
Hosil bo‘lgan xamirni teng ikkiga bo‘lamiz, ulardan biriga 2 osh qoshiq kakao qo‘shamiz.
Yog‘langan formaga avval och tusli xamirni, so‘ng to‘q xamirni solamiz. Vilka yordamida xamirni bir marta aylana harakat bilan aralashtiramiz — shu tariqa marmarsimon tasvir hosil bo‘ladi.
Keksni 175 darajagacha qizdirilgan duxovkada taxminan 30 daqiqa davomida pishiramiz.
“Marmar” keksi tayyor. Yoqimli ishtaha!