Barchamiz klassik pitssaga o‘rganib qolganmiz — xamir, qiyma, pishloq. Biz esa sizga har doimgi retseptga yangicha yondashib, taomni teskarisidan boshlab tayyorlashni taklif qilamiz. Qanday qilib deysizmi? Hammasi oddiy…
Har qanday pitssa asosi xamirdan iborat. Ushbu retsept uchun xamirturushli universal xamirdan foydalanish mumkin.
Xamir achigunga qadar pitssa qiymasini tayyorlaymiz. Tanlagan masalliqlaringizni istalgan miqdorda oling. Bu pitssada mahsulotlarning aniq proporsiyasi talab etilmaydi. Qovurilgan bulg‘or qalampiri va piyoz, qaynatilgan brokkoli va qo‘ziqorin. Go‘shtning istalgan shakli, qiyma, kolbasa mahsulotlari, pishloqning turli xillari aralashmasi ularning o‘rnini bosa oladi.
Ushbu pitssani tayyorlash qoidasi quyidagicha: issiqqa chidamli keramik piyolaning ichki qismi va yonlariga sariyog‘ suriladi. Idishning tag qismi qattiq pishloq bo‘lagi bilan qoplanadi, shundan so‘ng istalgan qiyma bilan to‘ldirilib, so‘ngra qayla (sous) quyiladi.
To‘ldirilgan piyola yoyilgan xamir bilan qoplanadi va ortiqcha joylari qirqib olinadi. Xamirning tashqari qismlari ichida qiymani tutib turishi uchun biroz baland bo‘lishi kerak.
Xamir yuzasini saryog‘ bilan yog‘lab, pitssani 230 daraja qizdirilgan duxovkada 12—15 daqiqa davomida pishirib olamiz. Xamirli qopqoq qizargandan keyin uni pechdan olamiz.
Idishni ehtiyotkorlik bilan ag‘darib, atrofini pichoq bilan yuritib chiqamiz. Piyolani ehtiyotkorlik bilan olib, pitssani bo‘laklarga bo‘lamiz.
Manba: Daryo.uz