Yaqinda bir voqea eshitib to‘g‘risi hayratda qoldim. Shu kunlarda, shu zamonda ikki oila o‘zaro qudachilik aloqalarini bog‘lamoqchi bo‘lishibdi. Yigitnikidan qiznikiga sovchilar kelgan. Qiznikidan rozilik olingach, ularning fotihasi bo‘ladigan kun kelibdi. Fotiha uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgan, dasturxonlar yasatilgan, katta-katta raqamlarda harajat qilingan. Ayollar va erkaklardan iborat kuyov tomonidan kelgan elchilar juda nazokat bilan muomala qilishadi. Odobu, gap ohangi, choy ichishu, ovqat yeyishgacha hammasi juda takalluf bilan to‘lib toshganki, bu sahnani uncha-buncha san’atkorlar ham ijro etolmaydi. Xullas, shunday chiroyli suhbat ustida quyuq-suyuq avjida bo‘lgan joyda kuyov tomon elchisi so‘rab qoldi:
-Uzrku, quda xola qizingizning mashinasini to‘ydan keyin o‘zining nomiga o‘tkazib berasizmi yoki kuyovingiznimi?
-U mashinani qizim o‘qishga borib kelishi uchun xarid qilganmiz. Ammo uni qizimga berish niyatimiz yo‘q,- dedi qizning onasi kutilmagan savoldan dovdirab.
-Iye, o‘z qizingizdan ham bitta temirni qizg‘onasizmi?
-Qizg‘anishga-yu qizg‘anmayman, ammo mening ham o‘ziga yarasha hisob-kitobim bor. Mashina ukasiga qoladi.
-Hmm, shunaqa deng,- kuyov tomondan kelgan vakilning rangi o‘zgardi...
Buni ko‘rgan qizning onasi “Sizlarga kelin kerakmi, yoki mashina” deb shu zahoti fotihani buzibdi.
Zamonaviy hikoyamizda zarracha bo‘lsin yolg‘on, bo‘rttirish yo‘q. Bu shunchaki hayotimizdan olingan voqea. Ishonmasangiz, u sodir bo‘lgan mahallani yozib yuboraman.