Endigina tandirdan uzilgan yumshoq non hidi ishtahangizni qitiqlayaptimi? «Bir tatib ko‘ray», deysiz-u, biroq oshqozoningiz bu fikringizga qo‘shilmayapti. Sababi issiqqina yegilukdan so‘ng unda og‘riq va behuzurlik boshlanadi. Bilsangiz, bunday belgilarning tez-tez takrorlanishi me’da kasalliklaridan darakdir. Bugungi sahifamizda aynan oshqozon va uning faoliyati bilan bog‘liq eng «ommalashgan» kasalliklar haqida fikr yuritamiz.
«Voy, qornim....»
To‘sh ostida noxushlik, vaqti-vaqti bilan ko‘ngil aynishi, behuzurlik, qorin dam bo‘lishi, yoqimsiz hidli kekirik, og‘iz bemazaligi kuzatilayaptimi? Ehtimol bu gastritdir? Gastrit-me’da shilliq qavatining yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, yuqorida aytilgan belgilar uning o‘tkir turida qayd etiladi. Odatda o‘tkir turdagi gastrit ovqatlangandan so‘ng 2-3 soat o‘tib yoki och qoringa ham xuruj qilishi mumkin. Bunda ko‘p so‘lak ajralishi, o‘qchiq tutishi, umumiy holsizlik kabi holatlar ham kuzatiladi. Shuningdek, bu turdagi gastrit Helicobacter piroli infeksiyasi, organizmning zaharlanishi (mahsulotlar bilan), tartibsiz ovqatlanish sabab ham yuzaga kelishi mumkin.
Davolash: shifokor tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng aniqlangan xulosaga ko‘ra muolaja belgilanadi. Jumladan, infeksiya ta’siri qayd etilsa, uni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan dori preparatlari hamda me’da shilliq qavatini me’yorlashtiruvchi vositalar tavsiya etiladi. Muolaja 5-10 kungacha davom etishi mumkin.
Taomnomaga qaynatilgan, bug‘da pishirilgan, yumshoq va yengil qovurilgan taom va yeguliklar kiritilishi mumkin. Oz-ozdan bir kunda 4-5 martagacha tanovul qilish lozim.
Yo‘l-yo‘lakay ovqatlanmang!
O‘z vaqtida ovqatlanmaslik, quruq (xot-dog, gamburger) yeguliklar, o‘ta achchiq yoki issiq taomlar, luqmani yaxshi chaynamaslik me’da shirasining yetarlicha ajralmasligiga olib keladi. Bu holatning tez-tez takrorlanishi esa gastritning surunkali ko‘rinishini keltirib chiqaradi. Shuningdek, ayrim dori preparatlari (aspirin, prednizolon)ni uzoq muddat va tartibsiz qabul qilish ham surunkali gastrit sababchilaridan biri. Bordiyu organizmingizda murtak bezlarining yallig‘lanishi, o‘t pufagi, me’da osti bezining surunkali yallig‘lanish holatlari takror kuzatilsa, bu holatlar ham gastritning avj olishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Agar qorin yuqori qismining g‘ijimlab og‘rishi, tez-tez qorin dam bo‘lishi, jig‘ildon qaynashi, ich buzilishi (dam ich ketadi, dam qabziyat) kabi belgilar oshqozondagi davomli og‘riq bilan birga kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting. Sababi bu kasallikning surunkali ko‘rinishi boshlanishidir.
Davolash: shifokor tomonidan me’da shirasining me’yoriy ajralishini normallashtiruvchi, og‘riqlarni kamaytiruvchi hamda oshqozon faoliyatini tiklovchi preparatlar tavsiya qilinadi. Muolaja davomiyligi shifokor tomonidan belgilanadi.
Taomnomadan yog‘li, o‘ta qovurilgan, dudlangan va marinadlangan taomu yeguliklarni chiqaring. Kam-kamdan 4-5 mahal ovqatlaning.
«Hech nima yemasam, og‘riydi...»
O‘z vaqtida ovqatlanmay, yo‘l-yo‘lakay tamaddi qilish natijasida me’da shirasida kislotalilik muhiti o‘zgarib, me’yoriy holati buziladi. Aslida me’da shirasi ovqatni o‘zlashtirishda muhim omil bo‘lib, uning tarkibidagi xlorid kislota ovqat luqmalarini namlab, parchalaydi. Agar oshqozonda og‘riq xuruj qilgan vaqt asabiylik, ko‘p terlash, holsizlik yuzaga kelsa, sizda me’da shirasi kislotaliligining yuqoriligi taxmin qilinadi. Yuqori kislotalilik me’da shilliq qavatining yemirilishiga olib kelib, kislota ishlab chiqarilishi me’yordan tezlashadi.
Davolash: zond apparati orqali kislotalilik miqdori yuqoriligi aniqlansa, shifokor tomonidan me’da shirasini me’yorlashtiruvchi preparatlar hamda albatta parhez tavsiya etiladi.
Taomnomaga bug‘da tayyorlangan, sut-qatiq mahsulotlari, yog‘siz tvorog va smetana, sabzavotli sho‘rvalar kiritilishi mumkin. Karam, mayiz, oshirma xamirdan tayyorlangan yeguliklarni bir muddat iste’mol qilmay turgan ma’qul.
Ovqatning turib qolishi...
Yeyilgan ovqatning yaxshi hazm bo‘lmasligi, tanovuldan so‘ng og‘irlik hissining paydo bo‘lishi, simillagan og‘riq kabi belgilarni sezsangiz, bilingki, me’da shirasining kislotalilik muhiti pasaygan. Ya’ni kislotali muhit yetarli darajada fermentlarni ishlab chiqarolmay, yeyilgan ovqatni parchalolmaydi. Mazkur kasallik sababi esa avvalo noto‘g‘ri ovqatlanish tartibini yuritish va bilib-bilmay dori preparatlarini qabul qilishga borib taqaladi.
Davolash: shifokor ko‘rigida oshqozon kislotalilik muhitining pastligi aniqlansa, bu holatni me’yorlashtiruvchi preparatlar va qat’iy parhez turiga rioya etish tavsiya etiladi.
Taomnomada tvorog, qaynatilgan tuxum, sariyog‘, sabzavotli bo‘tqalar, meva sharbatlari, quruq pechene kabilar tavsiya etilsa, uzum sharbati, gazlangan ichimliklar, marinadlangan yeguliklar va xolva istisno qilinadi.
Shifokor ko‘rigida...
Oshqozondagi bezovtalik bilan murojaat qilsangiz, dastlab shifokor tomonidan umumiy ahvolingiz va shikoyatlaringiz o‘rganilib, so‘ng quyidagi tekshiruvlar belgilanadi:
- umumiy qon tahlili;
- axlat tahlili;
- tomirdan olinadigan qon tahlili (Helicobacter piroli bakteriyasining mavjudligini aniqlash uchun);
- ezofagogastroduodenoskopiya (maxsus zond apparati orqali oshqozon kislotalilik muhitining yuqori yoki pastligi aniqlanadi);
- shilimshiq qavatning biopsiya tahlili (zond orqali tekshiruvda onkologik turdagi holatlarga taxmin qilinsa, qo‘shimcha tahlil sifatida o‘tkaziladi).
Qanday preparatlar tavsiya etiladi?
Me’da faoliyatining o‘zgarishi bilan bog‘liq kasalliklarda shifokor tomonidan quyidagi turdagi dori preparatlari tavsiya qilinadi:
- oshqozon muhitida ortiqcha kislota ishlab chiqarishni berkituvchi preparatlar;
- me’da shilliq qavatini suvab, ishlab chiqariladigan kislotani neytrallashtiruvchi preparatlar;
- spazm-og‘riqlarni bartaraf etuvchi preparatlar;
- hazm faoliyatiga yordam beruvchi preparatlar.
Asoratlari xavflimi?
Har qanday kasallik asorati o‘z ortidan jiddiy o‘zgarishlarni olib keladi. Jumladan, me’da kasalliklarining o‘z vaqtida yoki to‘g‘ri davolanmagani surunkali gastrit, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi, me’da saratoni, jigar faoliyatining buzilishi, ichaklarga ta’sir etishi mumkin.
Oshqozon yarasi qanday yuz beradi?
Kuchli hayajon, stress, Helicobacter piroli infeksiyasi ta’sirida, tartibsiz ovqatlanish, irsiy moyillik, kimyoviy moddalar va ba’zi dori preparatlari (aspirin, gormon)larni betartib iste’mol qilish kabilar oshqozon yarasi paydo bo‘lishi uchun asos bo‘ladi. Yara kasalligida asosan to‘sh sohasida og‘riq, tungi bezovtaliklar, ishtahaning pasayishi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi va qayt qilish kabi belgilar kuzatiladi. Yaraning joylashishiga qarab, ovqatlangandan so‘ng 2 soat yoki undan keyin og‘riq boshlanishi mumkin.
Davolash: tahlil natijalariga ko‘ra, shifokor tomonidan aniqlangan infeksiyani bartaraf etish, shilliq pardaning faol yallig‘lanishini pasaytirish, yara va eroziyalarni bitiruvchi, yara kasalligi xuruj qilishining oldini oluvchi preparatlar qo‘llaniladi. Muolaja davomida shifokor nazoratida bo‘lish, qat’iy parhezga rioya qilish tavsiya etiladi.
Yetarlicha davolanmaslik...
- Yaraning qonashi — hushdan ketish, ba’zan ichakdan qon ketishi yoki qon qusish, buning natijasida esa kamqonlik yuzaga keladi;
- yaraning teshilishi — qorinda xanjar suqqandek og‘riqning paydo bo‘lishi, hushdan ketish kabi belgilar kuzatilib, bemor zudlik bilan shifoxonaga yetkazilishi va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi kerak;
- yaraning boshqa a’zolarga o‘tishi — eng xavflisi, malegnizatsiya, ya’ni saraton kasaliga aylanib ketish kabi jiddiy asoratlari ham mavjud.
Parhez muhimmi?
Muolaja shartlarining asosiysi dori preparatlari bilan bir qatorda parhezga rioya etishdir. Parhez davomiyligi umumiy ahvolning o‘nglanishi hamda shifokor ko‘rsatmasi asosida belgilanadi. Bunda taomnomaga kiritilishi shart bo‘lgan va istisno qilinadigan bir qator mahsulotlar mavjud. Jumladan:
- yog‘siz go‘shtlar (mol,baliq va tovuq go‘shtlari);
- sabzavot va mevali bo‘tqalar, meva sharbatlari;
- sut-qatiq mahsulotlari, yog‘siz tvorog;
- suyuq damlangan choy va gazsiz suv kabilar tavsiya etiladi.
Mumkin emas!
- Yog‘li go‘shtlar;
- tuzlangan va dudlangan mahsulotlar;
- achchiq, sho‘r, o‘ta issiq va yaxna yeguliklar;
- gazli, spirtli ichimliklar;
- uzum sharbati, sabzavotlardan — piyoz, sarimsoq piyoz, bulg‘or qalampiri kabilar.
Manba: Darakchi.uz