Bilasizmi?

“Menam Zulfiyaxonim qizi bo‘lay, “Zulfiya" obering, dadajoon…"

Ushbu hajviya bu mukofotni adashib va har xil egri yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan ba’zi «zulfiyachi»lar haqida. Mening ularga e’tirozim yo‘q. Lekin olg‘irlik bilan mukofotni bir amallab olib, keyin ko‘rinmay ketadigan bu «uddaburonlar»ning muvaffaqiyati ancha yillardan beri ko‘pgina yosh ijodkor singillarimizning ruhiyatini sindirib keladi. Bugun o‘zining ijodi va faoliyati bilan o‘zbek qizlariga ibrat bo‘layotgan «Zulfiya» mukofoti sovrindorlari ushbu mukofot bejizga berilmaganini isbotlashmoqda. Qo‘shtirnoq ichidagi «zulfiyachilar» ham shu tengdosh opa-singillaridan o‘rnak olsa yaxshi bo‘ladi, menimcha...

“ZULFIYa" OBERING, DADAJON…

(hajviya)

Keling, men sizni “Zulfiyachilar mahallasi" bilan tanishtirsam… Akasi, Zulfiyaxonim qizlarini eshitganmisiz? Ana o‘sha qizlarning hammasi mana shu mahallada. Bu tomondagilari allaqachon Zulfiyaxonim qizlari bo‘lib ulgurishgan, u tomondagilari esa endi xudo xohlasa…

Bu kishi Alpinisaxon. Oyoq qo‘li chaqqongina - balodek. Qurmag‘urning husni ham ko‘rgan ko‘zni yara qiladi. e, siz uning gapirishini eshitmagansiz, biram chiroyli qarg‘aydi… ( drr…. uzr adashib ketdim ) so‘zlaydi demoqchidim, akasi. Shu qiz ham Zulpiya enasini qizi bo‘lmoqchi, shu desangiz. Mahallaning uyog‘idagi opalariga havas qiladi. Bor karomati shumi deysizmi? Ehhe bu qizda talant to‘lib yotibdi, faqat qanaqa talant ekanini hech kim bilmaydi, qizginaning o‘zi ham. Zulfiya momosini qizi bo‘vosin, keyin ko‘rasiz ham bilasiz ham.

Bu qizimizning ismlari Tannozgul. Bo‘yanish bo‘yicha jahon chempioni. Lekin kiyinishiga gap yo‘q, atlas yubkasini qarang, hay-hay, kaltaligiga e’tibor bermang, har holda milliycha. Heh-heh…Tannozgul ham hali Zulpiya enasining qizi bo‘lmadi. Lekin dadasi aytgan: “Sening momong albatta, Zulfiya bo‘ladi" deb. Demak, bo‘ladi. Tannozgul she’rlar ham yozib turadi, lekin u shaxmatni yoqtiradi, qachonki u tennis o‘ynashdan charchasa, albatta, shaxmat o‘ynab she’r yozadi. Bunaqasi bitta ekanoov deyishga shoshilmang, hali bunaqalari ko‘p, akasi… Heh-heh…

Bu qizimiz esa Oyposhshaxon bo‘ladilar. Karateees… Yomon gapirib qo‘ymang tag‘in. Zulfiya enamni qizi bo‘lmasam, bunga qarshi turganlarni karate qilib tashlayman deb ont ichgan. Bu qizdan sal chetroq turganimiz ma’qul. Shunisi sog‘liqqa foyda.

Binafshaxon qizimiz esa mana shu abjirgina, shaddodgina, jiblajibon qiz. Kecha tadbirda ko‘rmadingiz-da, vatan haqidagi she’rni shunaqa baland ovozda o‘qidi, shu jimitdek qizning ovozi shuncha baland ekaniga ishonging kelmaydi. Xullas, bu singlimiz kabi tirishqoq qizlar ko‘p.

Keling, endi Zulfiyaxonim qizlari bilan tanishtiray sizni. Mana bu qiz Norbibixon bo‘ladilar. Erta-yu kech aytib yuradigan bir shiorlari bor bu singlimizning: “Men O‘zbekistonimni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman". Ana shunaqa, vatanga mehri bo‘lakcha bu qizning. O‘rgansak, ibrat olsak arziydi.

Bu qizni tanisangiz kerak ehtimol. Televizorda chiqib, jo‘shqin nutqlari bilan hammani lol qiladigan qiz – shu. O‘ziyam so‘zlari dona-dona, sira tutilmaydi. Lekin ko‘pchilik uning gaplari hamma joyda bir xil, nutqi bir qolipda deyishadi. E, akasi, ular-chi shu gapiga bekorlarning beshtasini yebdi, yurakdan chiqadigan so‘z bitta bo‘ladi-da. Nimasi yomon buni, iye?!

Mana bu qizimiz, kurash bo‘yicha chempion, Zulfiya enamga o‘xshayman deydi. Zulfiyaxonim ham balki, sport bilan shug‘ullangan chiqar, biz buni bilmaymiz ammo. Ismlari ham ajoyib – Chaqqonoy. bu yil o‘qishga ham kirdilar. Axir Zulfiyaxonimning izidan boryaptilar, oliygohda Chaqqonoy o‘qimay, ammamning qizi Kashtagul o‘qisinmi? E, faqat sportchimas, bu qiz, iste’dodi bijg‘ib yotibdi … ( drr…. uzr, yana adashib ketdim ), oqib yotibdi demoqchidim. E, akasi, shunaqa talantli singiljonlar-da bular. Mana ishonmasangiz, mana bu shoira singlimiz Shoiraxonning she’r o‘qishlarini qarang, she’rlarining samimiyligini aytmaysizmi:

“Vatanim dunyoda bitta, vatanim, Yashayman shundayin yurtda, vatanim. Zulfiya enamning qiziman, Shoiraning o‘ziman. Men dadamning so‘ziman, Men onamning ko‘ziman."

Qoyil qolyapsiz-a? Men sizga yana ko‘p qizlarimizni, Zulfiyaxonim qizlarini tanishtirmoqchi edi, buguncha yetadi deb qoldingiz. Hay mayli, nasib qilsa, keyingi safar.

Mehmon bilan mahallani tark etayotib, haligi Binafshaxon singlimizning telefonda gapirayotgani qulog‘imizga chalindi: “Menam Zulfiyaxonim qizi bo‘lay, “Zulfiya" obering, dadajoon…"

Xurshid Abdurashid