Oshxona

Mikroto‘lqinli pechda tez tayyor bo‘ladigan 3 xil mazali nonushta

E’tiboringizga mikroto‘lqinli pechda tez va oson pishiriladigan nonushtalar tayyorlash usullarini havola qilmoqchimiz.

1. Olmali krambl

Masalliqlar:

  • 2 osh qoshiq sariyog‘;
  • 2 osh qoshiq shakar;
  • 2 osh qoshiq suli yormasi;
  • 2 osh qoshiq un;
  • 1 choy qoshiq dolchin;
  • ½ choy qoshiq maydalangan muskat yong‘og‘i;
  • 1 chimdim tuz.

Nachinka uchun:

  • 1 dona olma;
  • ½ osh qoshiq sariyog‘;
  • 2 osh qoshiq shakar;
  • 1 choy qoshiq makkajo‘xori kraxmali;
  • 1 choy qoshiq dolchin;
  • ½ choy qoshiq maydalangan muskat yong‘og‘i.

Tayyorlash:

Alohida idishda birinchi yetti masalliqni aralashtiring.

Olmani unchalik katta bo‘lmagan kubikcha shaklida to‘g‘rang, mikroto‘lqinli pechning maxsus formasiga joylang va ustiga sariyog‘ni qo‘ying. Olma bo‘laklari yumshoq bo‘lishi uchun ularni bir daqiqa davomida qizdiring.

Formani chiqaring va olmaning ustiga qolgan masalliqlarni qo‘shing. Aralashtiring va suli yormasi qo‘shilgan aralashma ustiga qo‘ying. Mikroto‘lqinli pechga 2 daqiqaga qo‘ying.

2. Vanilli chizkeyk

Masalliqlar:

  • 60 g qaymoqli pishloq;
  • 2 osh qoshiq smetana;
  • 1 dona tuxum;
  • ½ choy qoshiq limon sharbati;
  • bir chimdim vanilin;
  • shakar — ta’bga ko‘ra.

Tayyorlash:

Hamma masalliqlarni aralashtiring va mikroto‘lqinli pechga to‘liq quvvatda 1,5 daqiqaga qo‘ying, har 30 soniyada aralashtirib turing. Tayyor bo‘lgan chizkeykni sovitish va unga rezavor mevalar, maydalangan yong‘oqlar qo‘shish mumkin.

3. Pishloqli quymoq

Masalliqlar:

  • 2 dona tuxum;
  • 2 osh qoshiq sut;
  • tuz — ta’bga ko‘ra;
  • ezilgan qora murch — ta’bga ko‘ra;
  • boshqa ziravorlar — ta’bga ko‘ra;
  • 2 osh qoshiq qirg‘ichda qirilgan pishloq.

Tayyorlash:

Tuxum va sutni birga qo‘shib ko‘pirtiring va krujkaga soling. Mikroto‘lqinli pechga to‘liq quvvatda 45 soniyaga qo‘ying. Keyin krujkani chiqaring, aralashtiring va yana 30-45 soniyaga qo‘ying. Tayyor bo‘lgan quymoqqa tuz, murch va qirg‘ichda qirilgan pishloqni seping.

Manba: Daryo.uz