Misr hukumati Egyptian Radio and Television Union (ERTU) teleradiokompaniyasining 8 nafar ayol teleboshlovchisining efirga chiqishiga ruxsat bermayapti, deb yozadi Qalampir.Uz nashri.
Gap shundaki, teleboshlovchilarga ozish uchun bir oy muhlat berildi. Shu vaqt ichida ular imkon qadar ko‘proq vazn yo‘qotishga harakat qilishlari lozim. Ularga ko‘rinishlari risoladagidek bo‘lganidan keyin efirga chiqishga ruxsat beriladi.
ERTU direktori Safaa Xagezi ham ushbu lavozimga tayinlanishidan avval, teleboshlovchi bo‘lib ishlagan. Teleboshlovchilarni aynan ortiqcha vazn tufayli efirga qo‘ymaslik fikri undan chiqqan. Biroq 8 nafar teleboshlovchining ishdan vaqtincha chetlashtirilishi, ko‘pchilikning fikricha, Misr konstitutsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, ularga yon bosayotgan tomoshabinlarning ta’kidlashlariga qaraganda, ayollarni ish joylarini saqlab qolishlari uchun ozishga majbur qilish – zo‘rlik ko‘rsatish.
Ishdan vaqtinchalik chetlashtirilgan teleboshlovchilardan biri Xadija Xattab tomoshabinlardan o‘zi ishtirok etgan so‘nggi ko‘rsatuvlarni tamosha qilishlarini va uning ko‘riishiga baho berishlarini so‘ragan. U ommaga “Men haqiqatan ham semirib ketayapmanmi, teleradiokompaniya bu qarori to‘g‘rimi?”, deb murojaat qilgan. Boshqa teleboshlovchi ayol esa, bunday muammolar kompaniyaning ichki ishi bo‘lishi va xodimlar orasida o‘zaro hal qilinishi kerakligini, TVning bu talabi nafaqat teleboshlovchi ayollarni, balki ularning oila a’zolarini ham ranjitganini aytgan.
Garchi ishdan chetlashtirilgan 8 nafar teleboshlovchi va ularning muxlislari telekompaniyaning bu qarorini tanqid qilayotgan bo‘lsada, ERTU qaror o‘z kuchida qolishini va u bekor qilinmasligini aytmoqda. Kompaniya ma’muriyatining ma’lum qilishicha, ozish uchun berilgan bir oy muhlat davomida ham ularga maosh to‘lanadi.
ERTUning qarorini jurnalistlarning bir qismi tanqid qilmoqda. Jurnalist Said Xegazi kompaniyaning qaroriga nisbatan quyidagi fikrlarni bildirgan:
“Menga Misrda vazni me’yorda bo‘lgan kishini ko‘rsata olasizmi? To‘g‘ri, teleboshlovchining vazni biroz ko‘proqdir, biroq uning nutqi ravon, har bir so‘zini bilim, salohiyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchidan kelib chiqib aytadi. Eng muhimi mana shu”.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning aksariyati esa ERTU’ning qarorini to‘g‘ri deb bilmoqda.
Bir oy ichida “risoladagidek” ozish juda mushkul. Jahon standartlari va bu teleboshlovchilarning yoshidan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlash o‘rinliki, ular kompaniyaning talabini bajarishi uchun kamida 6 oy vaqt ketadi. Teleradiokompaniya esa buni hisobga olmayotgan ko‘rinadi.