Bilasizmi?

«Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Yiliga 28 nafar Zulfiyachi taqdirlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.

Prezident farmoniga ko‘ra, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorga beriladi.

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari bakalavriatga, bakalavriat talabalari esa oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan xotin-qizlarga beriladigan «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.