Bilasizmi?

Moliya vazirligi byudjet tashkilotlari xodimlari maoshlariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi

O‘zbbekiston Moliya vazirligi ijtimoiy soha xodimlari oylik ish haqlari uchun davlat byudjeti xarajatlari va ularning hajmlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda ijtimoiy sohaga davlat byudjetidan 35,034 trln so‘m ajratilib, ularning 68 foizi oylik maoshlarni to‘lashga yo‘naltiriladi.

Jumladan, xalq ta’limida maoshlar xarajatlari 12,17 trln so‘m, oliy va o‘rta maxsus ta’limda — 4,007 trln so‘m, sog‘liqni saqlashda — 6,835 trln so‘m, madaniyat va sportda — 741,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari oyliklari (malakasiz toifa) 1,133 mln so‘m, sinf rahbarligi yuklatilgandagi ustama — 172,2 ming so‘m, daftarlarni tekshirganlik uchun ustama — 86,1 ming so‘m, direktor fondi hisobidan ustama o‘rtacha 20 foiz — 226,7 ming so‘m (eng ko‘pi — 40 foiz) va jami 1,619 mln so‘mni tashkil etadi.

Oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga yuqoridagi sharoitda 1,909 mln so‘m maosh hisoblanadi.

Xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha har oylik ustama qishloq joylardagi ta’lim muassasalarida bazaviy tarif stavkasining 30 foizini, qolgan ta’lim muassasalarida — 15 foizni tashkil etadi.

Oliy ma’lumotga ega bolalar bog‘chalari tarbiyachilarining oyliklari malakasiz toifada bir stavkada (haftasiga 36 soat) Moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qo‘shiladigan 15 foizlik ustama bilan hisoblanganda 999,2 ming so‘mni tashkil etdi. Kuniga 9 soatlik ishda 1,25 stavkada ishlovchi tarbiyachining maoshi 1,249 mln so‘mni tashkil etdi.

Bir stavkada ishlovchi tarbiyachi yordamchisiga Moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasining 15 foizlik ustamasini hisobga olganda, oyiga 701,7 ming maosh hisoblanadi.

2018 yil 1 sentyabrdan oliy ma’lumotga ega tayyorlov guruhi tariyachilari, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatiga haq to‘lashning bazavi stavkasi 1,303 mln so‘mni (Moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 15 foizlik ustama hisobga olinganda) tashkil etadi.

Ilmiy darajaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisining bazavi lavozim maoshi 2,085 mln so‘m darajasida belgilandi. Moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasining maxsus 15 foizlik (312,8 ming) mablag‘lari va guruh kuratorligi (agarda kuratorlikni amalga oshirayogan bo‘lsa) uchun ustama bilan 2,919 mln so‘mgacha yetishi mumkin.

Oliy ta’lim muassasasining fan doktori darajasiga ega professori 2,408 mln so‘m oladi. Jamg‘armadan ustama (361,3 ming) va kuratorlik (602,2 ming) hisobiga u 3,372 mln so‘mgacha yetishi mumkin.

1 sentyabrdan ilmiy darajaga ega o‘lmagan katta o‘qituvchi maoshi yuqoridagi ustamalar bilan 3,08 mln (+5,5%), fan doktori ilmiy darajasiga ega professor — 4,844 mln so‘mgacha (+43,6) maosh olishi mumkin.

Malaka toifasiga ega bo‘lmagan qishloq vrachlik punktlari umumiy amaliyot shifokorlari maoshi jami 1,297 ming so‘mni tashkil etadi. Oliy malakali shifokor oyligi esa barcha ustamalar bilan 1,774 mln so‘mdan iborat.

Malaka toifasiga ega bo‘lmagan patronaj hamshira jami 77,6 ming oylik oladi. Oliy malakali hamshira esa 1,191 mln so‘m (+53%).

Tuman markaziy shifoxonasida ishlovchi malaka toifasiga ega bo‘lmagan jarroh shifokor jami 1,336 mln, oliy malaka bo‘lganida 1,827 mln so‘mgacha olishi mumkin.

Viloyat teatrida ishlovchi birinchi toifali artist maoshi jami 1,75 mln so‘mgacha belgilanadi. Viloyat muzeyi fond saqlovchisi ustamalar bilan 1,355 mln so‘m maosh oladi. Tuman madaniyat va aholi dam olish markazi badiiy rahbarining maoshi 1,232 mln so‘mgacha belgilanadi.

Yuqoridagi barcha oyliklar ro‘yxatida byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobga olinmagan. Chunki ularning barchasi ham aholiga pulli xizmat ko‘rsatmaydi. Byudjetdan tashqari daromad bo‘lgan taqdirda, rahbarlar rag‘batlantiruvchi xarakterga ega qo‘shimcha to‘lovlarni (mukofotlar, qo‘shimchalar, ustamalar va boshqalar) amalga oshirish huquqiga ega.