Bilasizmi?

Moliyaviy muammolar infarkt xavfini 13 martaga oshiradi

Moliyaviy qiyinchiliklar insonlarda kuchli stressni keltirib chiqaradi, bu esa o‘z navbatida infarkt xavfini 13 martaga oshiradi. Bu haqda «RIA Novosti»ga asoslanib, Daryo.uz xabar bermoqda.

Tadqiqotchilar Yoxannesburgdagi kasalxonalardan birida 106 nafar o‘tkir miokard infarktiga chalingan kishi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnoma ishtirokchilaridan ular kasallikka chalingunigacha bo‘lgan bir oy ichida ish faoliyati yoki moliyaviy muammolar bilan bog‘liq stress yoki asabbuzarliklarni boshdan kechirgani haqida so‘raldi.

Shu bilan birga olimlar xuddi shuncha nafar infarktga chalinmagan insonlarni ham so‘roqqa tutdi.

Olimlarning aniqlashicha, moliyaviy muammolar yoki ish bilan bog‘liq stress miokard infarktiga chalinish xavfini oshirgan.

Ish faoliyatida o‘rtacha yoki jiddiy stressni boshdan kechirayotgan insonlarda infarktga chalinish xavfi bunday zo‘riqishni boshdan kechirmagan insonlarga nisbatan 5,6 marta yuqoriroq ekan.

Muntazam ravishda moliyaviy qiyinchiliklar girdobida yashovchi insonlarning infarktga chalinishga moyilligi 13 martaga ko‘proq ekanligi ma’lum bo‘ldi.