Tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Qamariddin Boqiyev qo‘ziqorin bilan bog‘liq qiziqarli va foydali ma’lumotlar haqida gapirib berdi:
– Iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni bir-biridan ajratish murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshaydi. Oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinion va opyonok turlari iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlardir. Zaharli (qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin)larni iste’mol qilganda, tuzlangan yoki marinovka qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda zaharlanish ro‘y beradi.
Ayni bahor oylarining yog‘ingarchilik kunlarida qir-adir va daraxtzorlarda turfa xil qo‘ziqorinlar chiqadi. Lekin har qanday qo‘ziqorinni bilib-bilmay tanovul qilish ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamburug‘lar hayvonot va o‘simliklar dunyosining oralig‘ida bo‘lgan alohida guruh hisoblanar ekan. Ya’ni, zamburug‘lar na o‘simlik, na hayvon. Tabiatda shunday zamburug‘larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi. Qo‘ziqorinlar ham shulardan biri.
Yurtimizda qalpoqchali zamburug‘larning 200 dan ziyod turi mavjud. Ulardan 150 dan ziyod botanik turi zaharli, atigi 25 turigina iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi.
Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlar ma’danli moddalar, oqsil hamda “S” va “V” guruhlariga mansub darmondorilarga juda boydir. Uning eng asosiy ustunligi – tarkibida oqsilning mo‘lligida. Qo‘ziqorinda oqsil tuxumdan 2, go‘shtdan 3 barobar ko‘p ekan. Fosfor va kalsiy borasida baliq qatori.
Qo‘ziqorin qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. U, shuningdek, qandli diabet bilan og‘rigan kishilarga foydali.
Qo‘ziqorinlar xom sabzavotlar (bodring, karam, pomidor) bilan kelisha olmaydi, bunday aralashma oshqozon buzilishi va dam bo‘lishga olib keladi. Shu bois uni faqatgina pishgan sabzavotlar bilan birga iste’mol qilgan ma’qul.
Iste’molga yaraqli – “smorchok” va “strochok” qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.
Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish holatlari kuzatiladi. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar o‘ziga singdirib oladi, demak bunday holatlarda iste’molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlardan ham odam zaharlanadi.
Qo‘ziqorindan zaharlanganda kasallik belgilari iste’mol qilingan qo‘ziqorinning turiga qarab, turlicha namoyon bo‘ladi. Masalan, qizil muxamor tarkibida muskaridin va muskarin alkaloidlari mavjud. Qizil muxamordan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o‘tgach namoyon bo‘ladi. Asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, so‘lak oqishi, ko‘p terlash, ko‘zdan yosh oqishi mumkin, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash (galyusinatsiya), titrash, shuningdek, ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.
Bemorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog‘ayib ketadi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og‘irlashib, fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday nohush holatlarni kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi lozim.
Bozorlar va savdo do‘konlaridan qo‘ziqorin xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qiling. Qo‘ziqorinlarni turg‘un savdo shoxobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolotlovchi hujjatlari bor bo‘lgan taqdirda xarid qiling.
Manba: Darakchi.uz