Bilasizmi?

Nasiba Abdullayeva: Umrning 55 bahori

Samarqand haqida uning butun go‘zalligi, kechasi, buguni va istiqbolini bu qadar yorqin, salobatli qilib kuylagan, Samarqandga bir bora bo‘lsa-da bormagan odam qalbida ham bu shaharga nisbatan muhabbat uyg‘ota olgan, uning haqiqatan ham afsonaviy shahar ekanini so‘zlarda, ohanglarda tasvirlab bera olgan xonanda boshqa topilmasa kerak.

Bu hol Nasiba Abdullayevaning deyarli barcha qo‘shiqlarida uchraydi. Uni tinglagan kishi zo‘riqmaydi. Eng mahzun qo‘shig‘idan ham hayot zavqini tuyadi, g‘ami ariydi, dardini hofiza bilan bo‘lishadi, yengil tortadi. Nasiba Abdullayevadagi nafosat, nafislik, vazminlik qo‘shiqlariga ko‘chgandek.

Uning “Umr bahori”ni nomli qo‘shig‘i hamon tillarda... Nasiba Abdullayevaning hamma qo‘shiqlaridan topish mumkin bo‘lgan bir narsa bor: u bir vaqtning o‘zida ham dardni, ham baxtni kuyga soladi. Baxtsizlik haqida kuylayotib, qachonlardir unga atalgan baxtni yetishini aytadi, yurakni g‘ash qilgan armonlar haqida kuylab turib, hayot to‘siqlarini yengib o‘tish insonning o‘z qo‘lida ekanini, armonlarga bog‘lanib, tushkunlikka tushib qolmaslikni uqtirishga urinadi. Agar balandparvoz gap bo‘lmasa, u qo‘shiqlari bilan yashashga o‘rgatadi.

15 noyabr kuni Samarqand yulduzi, O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva 55 yoshni qarshiladi.

Nasiba Abdullayeva 1961 yil 15 noyabrda ko‘hna va navqiron Samarqand shahrida Melik Yormuhammedov oilasida tavallud topgan.

Nasiba Abdullayevaning bolalik xotiralari uzum bilan bog‘liq. U bolaligi o‘tgan hovlidagi uzum ta’mini hamon axtaradi. Intervyulardan birida o‘sha uzum ko‘chatidan olib kelib, Toshkentdagi hovlisiga ekkanini, shu orqali bolalik sog‘inchiga taskin, yupanch topganini aytgandi.

U ota duosini olgan san’atkor. Xonanda o‘z xotiralarida qachonlardir otasi Malik Yormuhammedov jajji Nasibani qo‘lidan tutib musiqa maktabiga olib borgani, odamlarning gap-so‘zlariga, oila a’zolarining qarshiligiga qaramay qizining san’atkor bo‘lishiga yo‘l ochib berganini aytadi.

Maktab bilan bir vaqtning o‘zida musiqa maktabining akkardion bo‘limida tahsil olgan, Nasiba maktabni bitirgach, o‘z omadini sinab ko‘rish uchun hujjatlarini Arxitektura institutiga topshiradi. Xuddi shu yilning o‘zida uni maktabga taklif etishadi va u musiqa o‘qituvchisi lavozimida ishlay boshlaydi.

Oradan bir necha yil o‘tib, uning ovoz imkoniyatlari atrofdagilarning ham havasini keltira boshlaydi va jozibador ovoz egasini “Samarqand” vokal-instrumental ansambliga solist etib taklif qilishadi.

Musiqa maktabida o‘qib yurgan kezlaridayoq, katta sahnalarga chiqib yurgan Nasiba, qo‘shiq va san’at hayotining mazmuniga aylanishini sira o‘ylamagan edi. Nasiba Abdullayeva ijodi davomida juda ko‘plab halqaro tadbir va festivallarda ishtirok etgan hamda gastrol safarlarda bo‘lgan. Xonandaning repertuarida o‘zbek, rus, turk, ozor va fors tillaridagi qo‘shiqlar bor. Uning ko‘plab qo‘shiqlari xit darajasiga yetgan. “Barigal”, “Samarqand”, “Aylanay”, “Baxt o‘zi nimadir?”, “Sog‘inch”, “Umr bahori”, “Eslanar” kabilar shular jumlasidandir.

Nasiba Abdullayeva ijodi davomida ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Hukumatimiz tomonidan ta’sis etilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, hamda O‘zbekiston xalq artisti unvonlari, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Nasiba Abudllayeva bir qancha filmlarda rol ijro etgan, filmlar uchun qo‘shiq kuylagan, ovoz bergan. 1989 yili u “Nasiba”, 2003 yili “Munis onam” filmida rol ijro etgan.

Fursatdan foydalanib, tahririyatimiz nomidan Nasiba Abdullayevani tavallud ayyomi bilan tabriklab qolamiz. Unga mustahkam sog‘lik va oilaviy hotirjamlik tilab qolamiz.​

Manba: Qalampir.uz