Madaniyat

Nima uchun sochlar o‘smay qo‘yadi?

Garchi sochlar hech qachon o‘sishdan butunlay to‘xtamasa ham, bu jarayonga to‘sqinlik qiluvchi ba’zi omillar mavjud. Ekspertlar bunga nimalar ta’sir ko‘rsatishi va bu muammoni qanday bartaraf etish haqida maslahatlar tavsiya qiladi.

Sochlarni tekislash

«Har birimiz uchun sochlar ayni sharoitda qancha uzunlikkacha o‘sa olishining ma’lum bir chegarasi bo‘ladi. Shundan keyin sochlar o‘sishda davom etishning o‘rniga «gullay» boshlaydi. Va siz to odatlaringizni yoki sochlarni parvarish qilish vositalarini o‘zgartirmaguningizcha hech narsa o‘zgarmaydi, – deydi stilist Shab Agajani. – Uchlarini kesing, sochlarni issiqlikdan himoya qiluvchi vositalardan foydalaning, ularga mos keluvchi oziqlantiradigan niqob yoki boshqa vositalarni tanlang – sizning bevosita aralashuvingizsiz hech narsa o‘zgarmaydi».

Genetika

Sochlarning irsiyat bilan bog‘liq bo‘lgan mumkin qadar uzunligi bo‘ladi. «Bu undan keyin butunlay o‘sishdan to‘xtaydi degani emas. O‘sish fazasi ko‘p jihatdan irsiy tomondan belgilanadi va odatda 2 yildan 6 yilgacha davom etadi», – deb tushuntiradi sochlarni tiklash bo‘yicha mutaxassis va plastik jarroh Jeyms Marotta.

Yosh

Qarish jarayoni organizmda yuz beradigan ko‘plab o‘zgarishlar bilan birga kechadi va ularning eng oxirgisi sochlarga tegishlidir. Yosh o‘tishi bilan sochlar ancha zaiflashadi.

«Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, sochlarning biologiyasi o‘zgaradi, o‘sish bosqichi esa qisqaradi. Bu sochlar ko‘p to‘kila boshlashini bildiradi va shuning uchun ular ingichka va kalta bo‘lib ko‘rinadi, – deydi shifokor Marotta. – Bundan tashqari, 45 yoshdan keyin boshdagi teri bezlari kamaya boshlaydi va sochlar quruq, sinishga moyil bo‘lib qoladi».

Sochlarning buzilishi

Sochlar o‘smay qolgandek tuyulishi mumkin, lekin aslida buning sababi sochlarni yuvish, tarash, turmaklash yoki rangsizlantirish natijasida ularning uchlari buzilganidan bo‘lishi mumkin. Sochlarga qo‘pol munosabatda bo‘lish, qattiq to‘g‘nog‘ichlar va haddan tashqari ko‘p tarash ularning quruq va sinuvchan bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Sog‘liq bilan bog‘liq muammolar

«Men allergiya, dermatit, gormonal buzilishlar va sog‘liq bilan bog‘langan boshqa muammolar paydo bo‘lganda har doim shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilaman», – deydi nyu-yorklik stilist Stefani Skuoppo.

Parhez

Ovqatlanish va vitaminlar tanqisligi sochlarga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Sochlarning sifatini va uzunligini saqlab turish uchun ferritin, rux va B12 vitaminini kerakli miqdorda ushlab turish juda muhim, – tavsiya qiladi shifokor Marotta. – Sochlarning zaif va mo‘rtligining oldini olish uchun temir va oqsillar miqdori yetarli bo‘lishi kerak. Qalqonsimon bezning haddan tashqari aktiv yoki passiv bo‘lishi ham sochlarning holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin».

Manba: Daryo.uz