FB yaxshi narsa-da - milliondan ortiq muxlisim bor ekan!
Xatto ayrim muhlislarimning meni yo‘qlab qo‘ng‘iroq qilishi g‘oyat yoqimli!
To‘rt-besh kun oldin shunday qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
- Salom Qadamboy og‘a, nichiksiz, jonlimisiz?
- Rahmat, kim bu, tanimadim?
- Hamshaharmiz. Uyimga kela olasizmi, sizga sovg‘am bor edi?
Darrov taksi chaqirib, uyiga yetib bordim. Boshimda ming hayol: homiy topdim shekilli, endi kitobimni chiqartiraman, boshqa proyektlarimni ham yuzaga chiqartirish vaqti keldi, chog‘i? Taksi olib borgan manzilga borgach (aytilgan manzilda joylashgan uyni ko‘rib), qilgan hayollarim “yovvoyi kaptardek uchdi-yu ketdi”: shunday xaroba uyki... Bo‘stonda bunday uy bo‘lishi mumkinligini xech o‘ylamagan ekanman!
Ha mayli, shundan shunga falon pul to‘lab kelgach, kirib chiqay!
Eshikni qari kampir ochdi va ichkariga taklif qildi. Men bilan gaplashgan nogiron o‘g‘li ekan. Bu uyda ona-bola ikkisi yashar ekanlar. Yigit avval sog‘lom ekan. Chet elda ishlab yurganida, ustiga yuk tushib ketib, xozirgi axvolga tushib qolibdi.
- Sizni chaqirganimdan maqsad, - dedi u. – Bundan xafta burun hokimiyatda bir tadbir bo‘ldi. Meniyam olib ketishdi, nogironlar aravasi berishdi. Tashqariga chiqsam, quyosh shunday charaqlab turibdiki... Qishi bilan quyoshni sog‘ingan ekanman, yonimda borgan qo‘shni bolaga “xayda, uygacha - aravada boraylik” dedim. Hokimiyatdan uygacha ikki kilometrcha yo‘l, lekin shu masofa nogironlik aravasi uchun uzoqlik qildi. Hamma padshipniklari sinib, ballonlari yorilib qoldi! Men FBda sizga nogironlik aravasi kerakligini o‘qib qoldim va bu aravani sizga sovg‘a qilmoqchiman!
- Rahmat uka! – dedim unga. – Qani aravangni bir ko‘rib beray-chi?
Qarasam, aravaning spisa (cho‘p) lari umuman noto‘g‘ri terilgan va yaxshilab qotirilmagani uchun disk sakkiz xoliga kelgan hamda temir cho‘plar kamerini yorib tashlagan. Podshipniklarning shu qadar brakidan ishlatibdilarki, oldingi sakkiz va orqa ballondagi to‘rti – jami o‘n ikkisining hammasi to‘kilib tushibdi!
“Buni menga berib o‘zing nima qilmoqchisan” desam, eski aravasini ko‘rsatdi. Uniyam svarka tegmagan joyi qolmabdi.
- Ko‘p yillik praktikam bor, men deyarli usta bo‘lib qolganman. Kel, aravangni tuzatib beray...
Uyga kelib g‘ildirak spisalarini tuzib-torttirib, Urganchga qatnaydigan tanish taksiga podshipnik oldirdim, kamerlari o‘ta brak bo‘lganigami yo damsiz xaydalganigami – xullas titilib ketgan ekan, ularni almashtirdim va uch kunda aravani egasiga topshirdim. (Buni pul uchun qilmadim, bu –“xobbi”!)
Avvallari nogironlik aravachasi har ikki yildan berilardi. Har ikki yilda bir marta raysobesga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida pul to‘lab qo‘yar edik.
Yangi yil oldidan nogironlar kuni “nishonlanadi” – bilsangiz, shu kuni navbati kelganlarga TANTANALI ravishda nogironlik aravachalar topshirilardi. Bu aravachalar oshib borsa, olti oy chidab berardi, undan naryog‘iga svarkachi usta o‘rtoq topishga majbur eding...
Ammo yetti-sakkiz yildan beri berilayotgan aravachalar shu qadar brakki, pul to‘lab olgulik bo‘lmay qoldi!
Yaqin ikki-uch yildan beri aravacha bepul berilsin degan “zakon” chiqdi, faqat har besh yildan!
Ammo sifati o‘zgarmadi: ko‘rib turibsiz-ku?
AZIZ YuRTDOShIM! Chet ellarda yashaydigan va o‘ta boy yurtdoshlarimiz bormish deb eshitgandim.
Masalan, AQShda bir multimillioner yurtdoshimiz bor emish va u O‘zbekistonda kamida 25 ishchi o‘rni ochmoqchi va har bir ishchiga kamida 10 million so‘m oylik bermoqchi deb eshitgandim.
Yoki Dubayda yashaydigan bir yurtdoshimiz prezidentimizga o‘z firmasida ishlab chiqargan zirhli avtomobilni sovg‘a qilishga tayyor deb eshitganim bor!
Albatta, bu gaplar shunchaki o‘z boyligini ko‘z-ko‘z qilish bo‘lmasa!
Chunki bizda 10 million so‘mga 25 odamni ishlatish - ish bilan ta’minlash mumkin.
Chunki bizning odamlarga traktor telejkasida yurish ham uyat sanalmaydi!
SIZDAN ILTIMOSIM ShUKI, bilsangiz, menga shu yurtdoshlarimiz bilan qanday bog‘lanish yo‘lini ayting.
Qani edi, tanishtirib qo‘ysangiz?
Men nogironlar uchun aravachalar, xodunoklar, hassa va qo‘ltiqtyoqlar tayyorlaydigan kichik korxona ochish niyatidaman. Shuncha yillik umrim mobaynida bir xulosaga keldim: NOGIRONNING DARDINI FAQAT NOGIRON TUShINADI!
Iltimos amaliy yordam bering...
Hurmat bilan Qadamboy Otaboyev