Oshxona

Nokli chizkeyk - desert uchun ajoyib shirinlik!

Zarur masalliqlar (8 kishilik): 300 gr. un, 250 grammdan yog‘li tvorog va smetana, 150 grammdan yog‘siz tvorog va shakar, 4 ta nok, 4 dona tuxum, 1 paket vanilinli shakar, 6 osh qoshiq o‘simlik yog‘i, 2 osh qoshiqdan kraxmal va ezilgan zanjabil, 3 choy qoshiq yumshatgich (razrixlitel), tuz.

Tayyorlanishi: 1. Yog‘siz tvorogni shakarning yarmi, o‘simlik yog‘i va 1 dona tuxum bilan yaxshilab aralashtiring. Tuz, vanilinli shakarni ham soling. Keyin un va yumshatgichni qo‘shib, xamir tayyorlang. Xamirni aylanasi 30 sm.lik qolipga soling. Xamirning balandligi 3 sm. bo‘lsin.

2. 3 dona tuxumning oqini sarig‘idan ajratib, yaxshilab ko‘pirtiring. Tuxum sarig‘ini esa yog‘li tvorog, smetana va qolgan shakar bilan aralashtiring. Kraxmal va ezilgan zanjabilni ham qo‘shing. Keyin ko‘pirtirilgan tuxum oqini solib, aralashtiring.

3. Tvorogli aralashmani xamir ustidan soling. Xamirning chetlarini ko‘tarib, tvorogli aralashma ustidan yoping. Noklarni tozalab, ikkiga bo‘ling va o‘rtacha qalinlikda ko‘ndalangiga to‘g‘rang. Xamir ustidan noklarni joylashtirib chiqing. 180 darajada qizdirilgan gaz pechida 40 daqiqada pishadi.

Tayyorlanish vaqti: 1 yarim soat

Manba: Darakchi.uz