O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 13 sentyabrdagi №731-sonli qarori qabul qilindi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2018 yil 15 sentyabrdan boshlab:
- 1 kg 1-nav bug‘doy uni uchun ulgurji sotish narxini 1400 so‘m miqdorida belgilash (1 noyabrgacha buni ham bekor qilish);
- Qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotish;
- «O‘zdonmahsulot» AK korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar va chorvachilik (parrandachilik, baliqchilik) korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bug‘doy unini birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotish tartibi joriy etilmoqda.
2018 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- Yoshga doir, nogironlik bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron bo‘lgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek, yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa bo‘yicha har bir nafaqa oluvchiga;
- Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha nafaqa oluvchi har bir oila, o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilaga un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanishi joriy etilmoqda.
Hukumat qarori bilan belgilanmoqdaki:
a) 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab 14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan belgilanadigan nafaqa eng kam oylik ish haqiga nisbatan quyidagi miqdorda to‘lanadi:
- bir nafar farzandi bo‘lgan oilaga — 60 foiz;
- ikki nafar farzandi bo‘lgan oilaga — 100 foiz;
- uch va undan ko‘p farzandi bo‘lgan oilaga — 140 foiz;
b) pul kompensatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;
v) zaruratga ko‘ra, bozorda don va un narxlari keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida iste’molchilarga sotish uchun davlat zaxirasidan don chiqarish ta’minlanadi.