Nikoh uzugi nega aynan nomsiz barmoqqa taqilishi sababini bilasizmi? Bunga Qadimgi Gretsiya olimi Plutarx shunday izoh beradi: qadimgi greklar uzukni chap qo‘l jimjilog‘i yonidagi barmoqqa taqqan. Ayni shunday odat rimliklarda ham bo‘lgan. Bunga Misrga xos odam jasadini yorish odatini amalga oshirish davomida aynan ushbu barmoqdan chiqqan juda nozik asab tomiri yurakkacha yetib borishi aniqlanganligi sabab bo‘lgan. Shuning uchun bu bezakni aynan nomsiz barmoqqa taqish ma’qul deb topilgan.
Nikoh uzuklarini tanlash to‘yga tayyorgarlikning muhim qismlaridan biridir. Bugun barcha narsaga, jumladan, nikoh uzuklari tanlashga ham kreativ yondashish urfda. Xo‘sh, noodatiy nikoh uzuklari qanday ko‘rinishga ega?
Kvadrat uzuklar
Ko‘pchilikdan ajralib turishning eng oddiy usuli — kvadrat shaklidagi g‘aroyib uzuk taqish. Ular g‘ayriodatiy ko‘rinsa-da, taqish uchun juda qulay.
Elektron uzuklar
Agar siz va sevimli insoningiz vaqt bilan hamnafas odimlayotgan odamlar sirasiga kirsangiz yonib turuvchi logotiplarga ega uzuklar tanlashni tavsiya etamiz. Bunday uzuklarning erkaklar uchun mo‘ljallangan varianti to‘y kunini eslatib turish vazifasini ham bajara oladi.
Boshqotirma uzuklar
Barcha narsadan yashirin ma’no izlovchi kelin-kuyovga ba’zi zargarlik uylari boshqotirma uzuklarni taklif qilmoqda. Ularda faqat kelin-kuyovga ma’lum maktub shifrlab qo‘yilgan.
Proyektor uzuklar
Bu nomlanish qanchalik g‘alati eshitilmasin, ma’lum bir rakursdan qaraganda uzukning ichki tomonida kelin-kuyovning suratini ko‘rish mumkin bo‘lgan uzuklar ham bor. Texnika taraqqiyoti shu darajaga yetganligiga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q!
Manba: Daryo.uz