Ko‘p holatlarda uy bekalarimizni oshxona va uy xonalaridagi noxush hidlar bezovta qilishi mumkin. Lekin ulardan tez va oson qutulishning yo‘llari bor. Buning uchun bekalarimizga quyidagi usullardan foydalanishni maslahat beramiz:
- Qo‘ldagi noxush hidni (baliq, sarimsoqpiyoz va shu kabi xidlarni) ketkazish uchun qo‘llarni avval tuz bilan ishqalab, so‘ng sovun bilan yuvish kerak.
- Og‘izdan kelayotgan sarimsoqpiyoz hidini petrushka chaynab ketkazish mumkin.
- Baliq hidi kelayotgan sirli idish yoki tovani qizdirilgan tuz bilan ishqalab, so‘ng chayish kerak.
- Agar qoshiq va sanchqilardan baliq hidi kelsa, ularni sovunli sovuq suvda chayib, o‘simlik yog‘i surtiladi va yaxshilab yumshoq sochiqda artiladi.
- Taxtakach va boshqa oshxona idishlaridan kelayotgan piyoz hidini quruq tuz bilan ishqalab ketkazish mumkin.
- Oshxonadagi noxush hidni - ochiq idishda sirka qo‘shilgan suv qaynatilgach, bir necha daqiqadan so‘ng xona havosini yangilab, ketkazish mumkin.
- Issiq komforkaga apelsin yoki limon po‘sti yoki issiq gaz pechiga ozgina tuz sepib, ushbu maqsadda qo‘llash ham mumkin.
- Toshib ketib, gaz plitasiga to‘kilgan sut hidini yo‘qotish uchun plita ustiga tuz sepiladi va nam qog‘oz bilan yopiladi. Ushbu usul bilan noxush hid tarqalishini to‘xtatish mumkin.
- Xonadan bo‘yoq hidini ketkazish uchun bir bosh sarimsoqpiyoz tozalanib, bir qancha vaqtga xonada qoldiriladi.
- Xonadan moybo‘yoq hidini tezroq ketkazish uchun bir nechta joyga tuz solingan likopchalar qo‘yiladi.
- Sigaret tutuni xona havosi yangilanganda ham osonlikcha tozalanmaydi. Buning uchun derazalar ochilib, xonaning istalgan joylariga 2-3 dona namlangan sochiq qo‘yiladi. Nam sochiq sigaret tutunini o‘ziga tortadi. Manba: Beka.uz