Kutubxona

«O‘g‘lim yo‘q deb o‘ksinmang!»

Onaxonga doim havas bilan qarayman. Chiroyli ayol. Yuzidan nur yog‘ilib turadi. Qizlari ham tumandagi ko‘zga ko‘ringan insonlar. Shifokor, o‘qituvchi, xususiy tadbirkor, hisobchi. Cholu kampirning bir-birini suyab yashashlari, asrab-avaylashlari ham kishini to‘lqinlantiradi. Qo‘sha qariyotgan insonlar baxtli-da, deyman ularga qarab.

...O‘sha kuni maydalab qor yog‘ayotgandi. Meni to‘lg‘oq azobidan ham ko‘ra ichimdagi g‘alayon qiynardi. Yana qiz tug‘sam-a? Negadir shundan juda qo‘rqardim? Erim bu safar tug‘ruqxonaga borish tugul meni qaytib olib ham kelmasa kerak. Besh bolam bilan qayerga sig‘aman keyin? Ana shunday o‘ylar iskanjasida, Xudodan o‘g‘il so‘ray-so‘ray tug‘ruqxonaga bordim. Ko‘zim yoridi… Doya ayolning ko‘zlariga termilaman. U kulib turibdi. Dardimni bilmaydi-da… «Eson-omon tug‘ildi, bola muborak!» deydi. Men majolsizgina so‘rayman: «O‘g‘ilmi?»… «Qiz…»

Bolam… bolajonim… uni qo‘limga olganimda dardlarim unutilgandek bo‘ladi, axir unda nima ayb? Ammo har kuni derazaga qarab, otasini kutganimda ichimdan nimadir uziladi. Onam, opam kelib, qizlarim yaxshiligini, men tug‘ruqxonada bo‘lganimga ular o‘zlari bolalarimga ko‘z-quloq bo‘lib turishganini aytishadi, tinchlantirgandek bo‘lishadi. Biroq ichimga, baribir, chiroq yoqsa yorishmaydi. Alam qiladi. Axir qizmi, o‘g‘ilmi, bolasi-ku! Bir paytlari ko‘ngil qo‘yib, suyib uylangan ayoliman-ku! Nahot endi mendan ham, besh norasidadan ham voz kechsa? Qaynonam-chi? U kishidan ham darak yo‘q. Xullas, yetti kun ana shunday alamlaru kelib qolishar, degan umidlar bilan o‘tdi. Yo‘q! To‘g‘ri ota uyimga ketdim. Otam rahmatli o‘shanda «Qizimni ham, qizlarini ham o‘zim boqib olaman. Bolaning qadriga yetmagan kuyov kerakmas menga», degandi…

***

…O‘sha kuni maydalab qor yog‘ayotgandi. Yarim kecha telefonning qattiq jiringlashidan uyg‘onib ketdim. Go‘shakni ko‘targan otamning ovozi eshitildi. «Qachon?», «Nima bo‘ldi?» «Qayerda?»

Ko‘nglim nimadir yuz berganini sezdi. Qo‘limda uch oylik chaqalog‘im bilan yugurib chiqdim. Otam boshini xam qilib turardi. Qorong‘uda u kishining yuzini ko‘rolmadim.

—  Xadicha, tez kiyin, bir joyga borishimiz kerak, — dedi otam.

Xayolimga turli o‘ylar yopirilib keldi, o‘sha bir joyni taxmin qila olmasdim.

—  Nima bo‘ldi?

— Uyingdan qo‘ng‘iroq qilishdi… Kuyovning mazasi yo‘qmish…

U kishi gapini davom ettirishni istamadi. Xonasiga qarab kirib ketdi. Men ham xonamga kirib kiyina boshladim. Onam, ukam ham uyg‘onishdi. Biz ukam, otam va chaqalog‘im yo‘lga chiqdik. Shifoxonaga borib,  hammasidan xabar topdim. Erim avtohalokatga uchrabdi.  Bir hushiga kelib, bir hushidan ketib yotgan ekan. Nuqul o‘ziga kelganida qizlarini so‘rarmish.

***

…O‘sha kuni maydalab qor yog‘ayotgandi. Zebo atak-chechak qadamlarini tashlayotgandi. Erim ham bir yil deganda  bolasi bilan barvar qayta qadam tashlay boshladi. O‘sha bir yil davomida ikkimizning ko‘rgan qiyinchiliklarimiz, dilimizdan o‘tganlari faqat o‘zimizga va Xudoga ayon. Erim doim yolg‘iz qolsak, tavbalar qilar, kechirim so‘rardi.

— Sening, qizlarimning qadriga yetmaganim uchun Xudo jazoladi meni, — deya kuyinardi.

Men esa besh norasidam uchun erimni asrab qolgan Yaratganga shukronalar aytardim. Og‘ir kunlarimda qizlarim jonimga oro kirdi. Men kun davomida erimning boshida shifoxonada o‘tirardim. Kattalarim navbatlashib otasiga qarashar, ovqat qilib kelishar, singillariga bosh-qosh bo‘lishardi. Qaynonam «Qiz bola boshqacha bo‘ladi-da! Yoningga tez kiradi», derdi ko‘ziga yosh olib. Yana doim qo‘lini duoga ochib, «Ko‘rgan-kechirganlaring shu bo‘lsin. Boshqa boshlaring g‘am ko‘rmasin», deya niyat qilardi. Ammo bu hayot ekan. U doim tekis yo‘llardan emas, turli sinovlar, qiyinchiliklardan iborat bo‘larkan.

***

…O‘sha kuni maydalab qor yog‘ayotgandi. Ishdan chiqib uyga keldim. Kattam tibbiyot institutida, ikkinchisi iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qirdi. Viloyat markaziga uyimiz yaqin bo‘lgani uchun avtobusda o‘qishga borib-kelishar, dadasi yeru ko‘kka ishonmagani bois yotoqxonada ham turishmasdi. Kichiklar maktabdan kelishgan, hamma jamuljam bo‘lib choy ichayotganimizda katta qizim hovliqib kirib keldi.

— Oyi, Zulxumor avtobusda hushidan ketib qoldi, — deya yig‘lardi u. Yo‘l mashinasida uni uyga olib kelishibdi. Bolam hushiga kelgan, ammo boshini changallab yig‘lardi. «Tez yordam» chaqirdim. Avval tuman shifoxonasiga tekshiruvlardan o‘tkazishdi, keyin viloyat markaziga jo‘natishdi. Va hayotimdagi eng dahshatli gapni aytishdi. O‘n yettiga endigina to‘lgan qizimga miya saratoni tashxisini qo‘yishdi. Oyog‘imning uchigacha muzlab ketdim. Turmush o‘rtog‘im «Xato qilgansizlar, mening bolam kasal emas. Shunchaki boshi og‘rigan», deya shifokorlarga e’tiroz bildirar, ammo ko‘zlari yoshlanardi. Shu kundan hayotimizdan fayz ketdi. Ado bo‘ldik. Tinimsiz davolanishlar, poytaxtda oylab muolaja olishlar natijasida uch yilgagina bolajonimning umri uzaydi. Taqdir hayot bog‘imizdan bir gulimizni yulib oldi…

Zulxumor bu yorug‘ olamni tark etgach, men uchun dunyo zulmatga aylandi. Kun bo‘yi bir nuqtaga termulib yotardim. Qizlarim xuddi hozir nimadir yuz beradigandek oyoq uchida yurishar, nima deb meni yupatishni bilishmasdi. Erim esa kundan-kun cho‘kayotgan tog‘ga o‘xshardi. Qizimning suratini bag‘riga bosib yig‘lardi. Endigina maktabga chiqqan kenjam Zebo dadasini yoniga borib, «Dada, meniyam quchoqlang. Ikkimiz birga opamni quchoqlaylik», derdi. Shu mittigina qizalog‘im ham otasini yupatgisi kelar, goho yig‘lab yotganimni ko‘rib, boshimni silab o‘tirardi.

***

Hayot davom etaverarkan. Qizlarim izma-iz ulg‘ayishdi, o‘qishdi, ularni turmushga uzatdik. Mana, o‘tgan oy Zeboning ham ko‘zi yordi, polvondek o‘g‘il ko‘rdi. Qizlarim yor-yor sadolari ostida uyimizni tark etayotganida mendan ko‘p otasi yig‘lardi.  «Kuyovimiz yaxshi insonmikin», «Qudalar yaxshi munosabatdamikan qizlarimizga», deya so‘rayveradi. Bolalarini hamon yeru ko‘kka ishonmaydi. Hozir o‘g‘il-qiz nevaralarimiz bag‘rimizni to‘ldirishadi. Ular uyga kelishganida hovlimiz o‘zgacha fayz oladi. Katta qizimning to‘ng‘ichi biz bilan yashaydi. Bu hovliga nevara kelin tushirishimni o‘ylasam, qalbim quvonchga to‘lib ketadi.

***

…O‘sha kuni maydalab qor yog‘ayotgandi. Qor kishiga o‘zgacha bir kayfiyat bag‘ishlaydi. Derazalarni ochib, ayvonda qorni tomosha qilib o‘tirsak, katta kuyovlarim kirib kelishdi. Va hayotimiz davomida eng katta niyatimizga yetkazishdi bizni. Bolalarimiz maslahatlashib, bizni haj safariga jo‘natishni maqsad qilishibdi. Ularning «Sizlarni ro‘yxatga yozdirib qo‘ymoqchimiz», degan so‘zlaridan qalbimizni shukuh, shukronalik tuyg‘ulari chulg‘ab oldi, ko‘zlarimizdan ular yosh bo‘lib oqdi. Xudoning inoyati, o‘g‘il o‘rnini bosguvchi kuyovlarimizu qizlarimiz sa’yi harakati bilan bir umrlik orzumiz ushaldi. Haj ziyorati bizga nasib etdi. Cholu kampir farzlarimizni ado etib, hoji ota, hoji ona maqomiga erishib, bolalarimizning rohatini ko‘rib o‘tiribmiz.

Xudoning har bir kuni sinov ekan, sinovlarni sabr va matonat bilan yengib o‘tish, ular insonning irodasini mustahkamlab, iymonini butlaydi. Va albatta, har qanday sinovning ortida bir mukofoti bo‘larkan.

Bir paytlari maydalab qor yog‘sa, yuragim shig‘ yetib ketardi. Qor ham Tangrining bir inoyati. Har qor yog‘ganida Zulxumorning haqqiga yanayam ko‘p duolar qilaman, farzandlarimga umr so‘rayman, Yaratgan barchani ezgu niyatlariga etkazishini, hech kimning boshiga farzand dog‘ini solmasligini so‘rayman.

Manba: Darakchi.uz