45 yashar tog‘am oilasini, bo‘y yetayotgan uch farzandini tashlab, 25 yoshli juvonga uylanib olganida hali bola edim. Kattalarning shivir-shivirlari, imo-ishoralariyu kosa tagida nim kosa qabilidagi gaplaridan hech nimani tushunmagan bo‘lsam-da, qandaydir noodatiy bir voqealarning ro‘y berayotganini his qilgandim. Mana endi o‘zimning ham yoshim o‘ttizdan oshib, oilaviy hayotning nimaligini tushunganimdan so‘ng ruhshunoslar ko‘p tilga oladigan «o‘rta yosh inqirozi» haqida o‘ylay boshladim. Sabab: avvalo, turmush o‘rtog‘imning yoshi qirqqa yaqinlashib qoldi. Qolaversa, bu bizda kam tilga olinadigan, biroq juda ko‘p uchraydigan muammodir. Demak, o‘rta yoshning o‘tkir muammolarini oilaviy hayot manzarasida ko‘rib chiqamiz.
«Hammasi jonga tegdi!»
— Turmush o‘rtog‘im bilan 26 yildan beri birgamiz. Oila qurganimizda men 18, u esa 21 yoshda edi. Shu paytgacha bir-birimizni hurmat qilib, ardoqlab keldik. Ammo, mana, bir yildirki erimni xuddi birov almashtirib qo‘ygandek. O‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qolgan, doim tund. Ba’zan kutilmaganda bolalarni yoki meni jerkib, urishib qoladi. Unga ilgari ma’qul bo‘lgan narsalar ham endi jahlini chiqara boshlagan. Eng yomoni, unda menga nisbatan «allergiya» paydo bo‘lgan. Avvallari soch turmagim yoqardi, endi bo‘lsa: «Shu yoshga yetganda, sochingni nima balo qilib olding?», deb jerkiydi. Gullarga qiziqishim, gul o‘stirishimni doim maqtab yuradigan odam endi «hamma yoqni tuvak bostirib yuborgansan», deb to‘ng‘illaydi. Nima bo‘lganini bilolmay hayronman. Ishxonasida hammasi yaxshiligini bilaman, chunki ukam bilan birga ishlaydi, salomatligi ham joyida. Qora qozonimiz qaynab turibdi, farzandlarimiz ham hozircha umidlarimizni oqlashayapti. «Sizga nima bo‘ldi o‘zi?» degan savolimga javobi: «hammasi jonga tegdi!»
Nafisa Azimova
— O‘rta yosh inqirozi nafaqat shaxsning o‘zi, balki oila a’zolari uchun ham murakkab sinovdir. O‘zlarining hayotdagi muvaffaqiyatsizliklari sababini ko‘pchilik (ayniqsa, erkaklar) oilada, deb biladilar. Go‘yoki bola-chaqa, tirikchilik tashvishi ularning oyoqlariga tushov bo‘lgan. Qo‘yib bersa, samoni zabt etishlari mumkin edi-yu, ammo xotinning «ming‘ir-ming‘irlari», «olaxurjinni to‘ldirish» g‘ami bilan bunga muvaffaq bo‘la olmadilar. Endi esa yoshlik o‘tib ketdi, o‘zining navqiron yillarini baxsh etgan oila a’zolari esa go‘yo uni yetarlicha qadrlamayapti, o‘tgan umrining badalini to‘lamayapti, umidlarini oqlamayapti.
Aytgancha, oqlanmagan umidlar juda qo‘rqinchli narsa. Albatta, uning alamini bolalardan ololmaysiz. Balogardon yana xotin bo‘ladi. «Ovqating buncha bemaza?» «Semirib ketganingni qara!» «Nega qizing o‘qishdan 5 daqiqaga kech qoldi? Tergamaysanmi?» kabi tanbehu e’tirozlar ko‘pchilik ayollarga tanish. Bo‘lmasa, ovqat 20 yildan beri bir xil retseptda tayyorlanadi va shu paytgacha maqtab-maqtab yeyilayotgandi, qomat ham o‘sha-o‘sha, qizingiz esa kech qolishi haqida sizdan ham oldin mehribon dadajonisini ogohlantirgan. Faqat endi bundan keyingi 20, balki 40 yoki 60 yil davomida ham shu taomni yeb o‘tish hissi, ya’ni endi hech narsaning o‘zgarmasligi haqidagi o‘y erkakni sarosimaga solayapti. Shu paytgacha qilgan orzularining faqat ro‘yobga chiqmaganlari xayolga keladi, umidlar esa hech ham oqlanmagandek.
Nimadir qilish kerak, ammo nima?
Ba’zi erkaklarda 45-50 yosh oralig‘i ishdagi muammolar, keskin burilish, bukilish va hatto sinish davriga to‘g‘ri keladi. Ayrimlar, xususan, harbiy soha vakillari bu yoshda nafaqaga chiqadilar. Shu paytgacha o‘zlari buyruq berib kelgan, martaba va mavqei ancha past bo‘lgan odamlar bilan endi bir qatorda turishga, ular bilan to‘y-hasham, ta’ziya u yoqda tursin, kundalik turmushda ham teng muomala qilishga majbur bo‘ladilar. Bu katta stress. Boshqa soha vakillarining ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Endi atrofdagilarni, boshliqlarni biror narsa bilan lol qoldirish qiyin. Chunki qo‘llaridan nima kelishi mumkinligi, nimalarga qodirliklarini allaqachon namoyon etib bo‘lganlar. Ortig‘ini hech kim kutmaydi ham. Ortlarida esa yosh avlod o‘sib kelayapti. Tasavvur qiling, zabardast erkak qo‘l telefonida oddiy «SMS» yozishni eplolmay siqilib turganida yonida kechagina institutni bitirib kelgan yigitcha allaqanday «gadjet»lar haqidagi hikoyalari bilan boshliqni o‘ziga rom qilib tursa, bunga dosh berish mumkinmi?! Indamasa, ertaga bu bola unga rahbarlik ham qila boshlaydi. Nimadir qilish kerak, ammo nima? Tassufki, yoshligi o‘tib ketdi, bo‘lmasa… Ana, hammasi shundan boshlanadi!
Ayollar ham jim turmaydi
E’tibor bering, bunday vaziyatga erkak dosh bera olmaydi, ayol emas. Chunki ayol kishi uchun ishdagi muvaffaqiyat birinchi o‘rinda turmaydi. U oilasi tinch, bolalari sog‘ bo‘lishini ko‘proq o‘ylaydi. Shuning uchun ishdagi muvaffaqiyatsizliklar ayolning oilaviy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holatlar kam uchraydi. Xo‘sh, unda oiladagi inqirozga faqat erkak sababmi? Yo‘q, albatta. Aynan 45-50 yoshlarida ayollarda gormonal o‘zgarishlar ro‘y berishi, klimaks va uning ayol ruhiyatiga ta’siri haqida ko‘pchilik biladi. Shu holat ayol kishining asablarini tarang tortilishiga olib keladi. Endi u 25-30 yildan beri chidab kelayotgani — erining injiqliklariga dosh bera olmay qoladi. Unga ham bitta gap kam, ikkitasi esa ko‘p. Uning ham sabr kosasi to‘lgan. Yoshi o‘sgani sayin muammolari ham kattalashib borayotgan farzandlari yetmaganidek, eri ham ulkan bir MUAMMOga aylangani uni tajang qiladi. Natijada, oila turli ziddiyatlar va janjallar iskanjasida qoladi. Ko‘pincha, bir necha o‘n yillarni yonma-yon o‘tkazgan eru xotin kun kelib bir-biriga umuman begona ekanligini sezib qolishadi. Ular faqat farzandlarning ota-onalari, ammo bir-birlari uchun hech kim. Kimdir isyon qutaradi, kimir esa… Bir so‘z bilan aytganda, oiladagi muvozanat yo‘qoladi.
Mutuxassis fikri
Ra’no ASOMOVA, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent:
— O‘rta yoshda oilaviy ziddiyatlarga olib keladigan sabablar — munosabatlarning siyqasi chiqishi, ularda yangilik va kutilmaganlikning yo‘qolishi, odatiylik, muammolarning ortib, sabrning esa kamayib borishi, hayotning eng yaxshi yillari qaytmas bo‘lib o‘tib ketayotganini birdan anglash, bu yillarni munosib inson bilan birga kechirmayotganlik hissi va h.k. Albatta, 25 yoshda ham bu hislar bosh ko‘tarishi mumkin, lekin yoshlikda bu hol tez o‘tib ketadi. O‘rta yoshda esa tuyg‘ular muqim xarakterga ega. Shu sababli ham eng baxtli, uyg‘un oilada-da bir kun kelib er yoki xotin o‘z umr yo‘ldoshiga nisbatan «ko‘rgani ko‘zim yo‘q», deyishi mumkin. Albatta, o‘zbeklar bolalari bo‘y yetganida ajrashish degan masalani umuman muhokama qilmaydilar. Shunchaki, «o‘tib ketar», degan umidda chidab yuraveradilar. Bunda «tinch oqqan suvning tubi g‘alvali» degan maqolni ishlatish joiz. Chunki aynan shu yoshda erkaklar ba’zan oshkora, ko‘pincha pinhona xotin ustiga xotin oladilar, ayollar esa ruhiy zo‘riqish va siqilish natijasida turli bedavo dardlarga chalinishlari mumkin. Ajrashish qarori o‘rtaga chiqmagani yaxshi, albatta. Biroq muammoni ko‘rmaganga olish yoki undan qochish emas, uni hal etish kerak.
Inqirozli vaziyatda avvalo, sabr qilish va keskin qaror hamda amallardan o‘zni tiyishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Taqdirga tan bermang, munosabatlarni saqlab qolishga kirishing. Monosabatlar oldingidekmasligidan siqilmang, sababi oila ham xuddi inson yoki mashina kabi «qariydi». Bugun farzandlar bahona tik turgan ustunlar ularni uyli-joyli qilib, tashvishlaridan birmuncha qutulgach, kutilmaganda qulashi mumkin. Ammo er-xotinning aqli va sabri yetsa, oila bu inqirozdan eson-omon o‘tib, yanada mustahkamlanadi. Hayotingizni turli quvonchli damlar bilan boyiting, o‘zingiz uchun ham yashang. Er-xotin birga dam olishga boringlar, madaniy hordiq chiqaringlar. Uydagi mebellarning joyini o‘zgartiring. Ayollarning mashina haydash yoki yangi taom pishirishni o‘rganishining erta-kechi yo‘q. Erkaklar esa choyxona, oshna-og‘aynidan ortib, jufti halollariga ham vaqt ajaratishlari lozim. Chunki qariganda, bir-biringizga suyanib yashashingizga to‘g‘ri keladi hali. Ayolingizni hozirdan avaylamasangiz, qariganingizda kim sizga tirgak, hamdard, tan mahram bo‘ladi? O‘ylab ko‘rish vaqti keldi!
Manba: Darakchi.uz