Oqsillarni nafaqat go‘sht va sut mahsulotlaridan, balki o‘simliklardan ham olish mumkin. Bu ozishga va salomatlik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilishga yordam beradi.
Oqsillar nima uchun kerak?
Bizning mushaklarimiz oqsillardan tuziladi. Oqsillar immunitet ishlab chiqilishi, asab impulslarining uzatilishi, hujayralarning o‘sishi, rivojlanishi va qayta tiklanishini ta’minlaydi. Bundan tashqari u qorinni yaxshi to‘ydiradi. Umuman olganda, ularsiz yashab bo‘lmaydi.
O‘simlik oqsillarining afzalligi nimada?
O‘simliklarda oqsillar go‘sht va sut mahsulotlariga qaraganda ancha kamroq miqdorda mavjud. Shunga qaramasdan, o‘simlik oqsillarining tarkibi zarur aminokislotalar to‘plamidan tashkil topgan, demak organizmning oqsillarga bo‘lgan ehtiyojini qisman yoki to‘liq qondira oladi.
Nima uchun o‘simlik oqsillariga o‘tish kerak?
Ozish uchun
Ko‘pincha ortiqcha vazndan qutulishga harakat qiluvchi kishilar hayvon oqsillaridan voz kechadi. O‘simliklardan tayyorlangan ovqatlarning kaloriyasi va yog‘i kamroq bo‘ladi, shuning uchun ko‘pchilik aynan uni tanlaydi.
Lekin uzoq vaqt davomida faqat sabzavotlar bilan ovqatlanish tufayli oqsillar yetishmasligi yuz berishi mumkin. Shuning uchun o‘simlik oqsillarini iste’mol qilish — bu sog‘liqqa ziyon yetkazmasdan ozishning garovi hisoblanadi.
Etika nuqtai-nazaridan
Ko‘pchilik hayvonlarga achinganidan vegetarianga aylanadi. Odam organizmi go‘shtsiz yoki hayvonlardan olinadigan oziq-ovqatlarsiz yashashi mumkin, lekin oqsillarsiz yashay olmaydi. Shuning uchun o‘simlikli parhezni tanlaganlar ularni boshqa manbalardan oladi.
O‘simlik oqsillarini qayerdan olish mumkin?
Soya
Soya — o‘simliklar orasida muqarrar peshqadam hisoblanadi. Uning 100 g urug‘ida 36 g oqsil mavjud.
Soyani ko‘p iste’mol qiluvchi odamlar saraton, yurak-tomir kasalliklari va osteoporoz bilan kamroq kasallanishi isbotlangan.
Boshqa dukkaklilar
Loviya va yasmiq donlari tarkibida kamroq bo‘lsa ham oqsil mavjud. Yer yong‘oqda esa oqsillar ancha ko‘proq, lekin uning tarkibida yog‘ ham ko‘p. Shuning uchun ozishni istovchilarga bu yong‘oq tavsiya qilinmaydi.
Yong‘oqlar
Bodom, pista, keshyu va yong‘oqlar ham oqsillar borasida dukkaklilardan qolishmaydi. Lekin ularning tarkibida ham yog‘lar ancha ko‘p.
Boshoqlilar
O‘simlik oqsillarining yana bir muhim manbasi — bu boshoqlilar guruhiga mansub bo‘lgan suli, bug‘doy, makkajo‘xori va guruch.
Meva va sabzavotlar
Mevalar va sabzavotlar albatta, oqsillarning eng yaxshi manbasi emas. Lekin ularning orasida ham o‘z peshqadamlari bor. Masalan, ismaloq, brokkoli, sarsabil, avokado, banan va gilos.
Manba: Daryo.uz