To‘y insonning hayotidagi eng baxtiyor onlaridan biri hisoblanadi. Yangi hayotning eshigi xam, baxtning kaliti xam, chin sevgi nafasi xam shu kundan boshlanadi.
Azal – azaldan o‘zbek to‘ylari o‘zining rang-barangligi, antiqa udumlari bilan boshqa xalq vakillarining qiziqishiga sabab bo‘lgan.Topgan tutganini to‘yga deb asraydi o‘zbek.
O‘zbek kino-xazinalaridan biri hisoblangan «Mahallada duv-duv gap»ning qahramoni tomonidan shunday so‘zlar jaranglaydi: «Agar artistlarni ovozi yetti mahallaga eshitilmasa mendan bir so‘m xam olisholmaydi».
Xa! Butun mahallaga duv-duv bo‘lgan xam o‘zbek to‘ylari! Necha yillar o‘tibdiki to‘ylarimizdagi bu dabdaba ortgandan ortyaptiki aslo kamaygani yo‘q. Lekin bu holat xar doim xam quvonadigan natijalarni bermayotganiga guvoh bo‘lamiz. Shu oddiy ahamiyatga ega bo‘lmagan narsalar xam inson hayotini izdan chiqarishi, uning baxtga erishishiga to‘siq bo‘lishi bu albatta achinarli xol. Inson nima uchun yashaydi? Butun umr yig‘ganini, peshona teri bilan topganini bir kunda safar qilish uchunmi? Axir baxtning kaliti bunda emasku!
Shirin hayotni orzu qilasiz, to‘ydan keyingi hayotingiz risoladagidek bo‘lishini xohlaysiz. To‘yga ketgan sarf – xarajatni qarzini to‘lash bilan o‘tishini emas to‘g‘rimi? Kecha bir qizni to‘yi buzilibdi, bugun bir yigitning onasiga kelin olib kelgan sarposi yoqmasdan to‘y qaytarilibdi degan gaplar oxirgi kunlarda odatiy tusga aylandi. Shunday emasmi? Kuyov tomon kelin tarafga soliq solayotganiga, mebeli chet elniki bo‘lsin, gilamlar falon firmaniki bo‘lsin deyilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bechora ota – ona nima qilsin? Yana xam achinarlisi arzimas narsalar inson hayotini, uning taqdirini belgilaydi. Ba’zida ko‘chada xar-xil insonni etini jimirlatadigan bunday gaplar quloqqa chalinadi. Yaqinda bir voqeadan hayratga tushdim...
Endigina ellikka kirgan yaxshi bir amaki o‘lib qoldi. Ichagida yarasi bor ekan. Shu ochilib ketibdi. Ammo bu odamni o‘ldiradigan dard emas. Har-qalay, qoloq bo‘lsa ham tibbiyotimizning bunga aqli yetadi. Biroq marhum shifoxonaga bormagan.
- Nega shifoxonaga olib bormadinglar? – dedim hayron bo‘lib.
Ayoli yerga qaraydi. Bolalari onasiga xo‘mrayadi. Bir amallab masalaning tagiga yetdim.
Amaki yaqinda nabirali bo‘libdi. To‘ng‘ich qizi o‘g‘illi bo‘lib, shunga beshik to‘yi olib borishi kerak ekan.”Beshik to‘yi”ning xarajati katta emish. «Agar men kasalxonaga tushib qolsam to‘y berolmay qolamiz» deb ota sho‘rlik shifoxonaga bormagan va bir hafta qon tuflab yuravergan.
-Bir necha marta aytdim, lekin xar safar: «Qudalarning oldida uyatli bo‘lib qolamiz, qizingizning ko‘ngli o‘ksiydi», deb bormadilar, - deydi ayoli.
Xullas, shu odam o‘ldi. Bir tiyinga qimmat an’anani, bemavrid g‘ururni deb o‘lib ketdi.
Muhtaram o‘zbeklar, to‘ylar fojiasidan qachon qutiladi? Qachon es kiradi bizga? Biz qachon tonnalab guruch damlab to‘y qilishning fazilat emasligini tushunamiz?
Ajabo, bir asr ilgari Behbudiy hazrat xam xuddi shunday nolib yozgan ekanlar. Oradan 100 yil o‘tibdi xamki, hamon o‘sha «qo‘shiq».
Xulosa o‘rnida shuni aytishni joiz ko‘rdikki, inson baxtini o‘z qo‘llari bilan yaratadi. Zero, uni poymol qilish xam o‘zining qo‘lidadir.
Namangan davlat universiteti, ijtimoiy-iqtisodiy fakulteti tarix yo‘nalishi 67-16 guruh talabasi Komilova Oftoboy