Bilasizmi?

O‘zbekistonda «Ikki diplom» modeli bo‘yicha o‘qitish tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston prezidentining 5 sentyabrdagi «Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi tashkil etildi.

Norma.uz portalining ma’lum qilishicha, Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazining nomi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi deb o‘zgartirildi. Shu bilan birga o‘quv muassasasi avvalgidek Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshida faoliyat yuritadi.

Respublika maktabida jahondagi eng namunali amaliyot va mehnat bozorining real talablarini hisobga olgan holda normativ va qisqartirilgan muddatlarda, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda magistraturada o‘qish tashkil etiladi. Ushbu ta’lim muassasasida an’anaviy ta’lim shakli bilan bir qatorda masofaviy texnologiyalar ham qo‘llaniladi.

Respublika oliy maktabi magistraturasida «ikki diplom» (double degree) modeli bo‘yicha ta’lim beriladi. Shu sohadagi yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan tegishli kelishuvlar tuzilgandan keyin ushbu imkoniyat yaratiladi.

Ma’lumot uchun: Respublika maktabi xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tadbirkorlik sub’yektlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha mamlakatdagi yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi.

«Ikki diplom» o‘qitish modelida bitiruvchilar Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi magistri diplomini hamda hamkor xorijiy ta’lim muassasasining diplomini olishlari nazarda tutiladi.

Oliy ta’lim muassasalariga, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalariga, ularning mulkchilik shakli va bo‘ysunuvidan qat’i nazar, masofaviy o‘qitishni tashkil etish huquqi berildi. Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan muddatda tegishli nizomni ishlab chiqadilar. Hujjat barcha oliy ta’lim muassasalariga taalluqli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.