Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017 yil 12 dekabr kuni O‘zbekistondagi tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videoselektorda xususiy tibbiyotni tizimli asosda rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar berildi. Xususan, Toshkentda faoliyatini boshlagan "Akfa medlayn" xususiy tibbiyot muassasasi negizida O‘zbekistonda xususiy tibbiyotni rivojlantirish va ularga malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-davolash markazini tashkil etish, mazkur tibbiyot markazi hamkorligida Koreya Respublikasining oliy ta’lim tibbiyot muassasasi va uning hududiy filiallarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman hokimliklariga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholining hududlarga xos kasallanish ko‘rsatkichlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tor yo‘nalishlarga ixtisoslashgan statsionar sharoitidagi hususiy tibbiyot tashkilotlarini ko‘proq tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, kadrlar ta’minoti masalasi yechimi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy hokimliklar bilan birgalikda tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni hududlar, tumanlar va muassasalar kesimida aniqlash, 2018 yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maqsadli qabul kvotasini 2017 yilga nisbatan 20 foiz oshirish, maqsadli magistraturani 10 foiz, klinik ordinatura qabul kvotasini 15 foiz oshirish belgilandi.
Tez tibbiy yordam tizimida dori vositalari uchun ajratilayotgan mablag‘larni 2018 yilda kamida ikki barobar oshirish va hududlar kesimida bir me’yorda moliyalashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi.