O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi saytida “Ma’rifat” muxbirlari Xayrulla Abdurahmonov, Gulyuz Orifjonovaning yuqoridagi sarlavha ostida maqolasi chop etildi.
Mualliflarning fikricha, bugungi kunda o‘qituvchi jamiyatda deyarli hech qanday imtiyozga ega emas. Ular misol tariqasida Olimpiya, Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga 75 mingdan 200 ming dollargacha pul mukofoti hamda bittadan “Malibu”, “Yilning eng yaxshi qilichbozi” Zaynab Dayibekovaga “Nexia”, boks bo‘yicha Germaniyada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahram G‘iyosov va uning murabbiyi Ravshan Xojayevga bittadan “Jentra”, Osiyo chempioni bo‘lgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolariga bittadan “Malibu” avtomashinasi topshirilganini sanab o‘tishgan.
“Hatto, yurtimizda o‘tkazilayotgan nufuzli ko‘rik-tanlov g‘oliblari ham munosib rag‘batlantirilmoqda. Masalan, yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan Qur’on musobaqasi g‘olibi — Yo‘ldoshbek qori Ibrohim o‘g‘li Nuriddinov “Jentra”; “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi g‘olibi Mohiniso Shomurodova “Spark”; Namanganda o‘tkazilgan “Gullar bayrami”ning g‘oliblari (xususiy tadbirkor Mirzohid Xolmirzayev va “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ) bittadan “Spark” avtomobillari bilan taqdirlandi.
Munosiblarni shu tarzda taqdirlash yaxshi. Rag‘bat ularni yangi marralar sari ruhlantiradi. Lekin, nega ularning orasida o‘qituvchilar yo‘q?.. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bizda eng yaxshi o‘qituvchilar qanday rag‘batlantiriladi?”, - deya murojaat qilishadi mualliflar.
Maqolada keltirilishicha, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2018” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, diplom va “qimmatbaho sovg‘alar” bilan taqdirlangan, xolos. Mualliflar mamlakat umumta’lim maktablarida 400 ming nafardan ziyod o‘qituvchi faoliyat yuritishini e’tirof etib, ushbu tanlov eng katta ishtirokchilar kontingentiga egaligini ta’kidlashgan.
“Axir yuksak marralarni zabt etgan har bir yurtdoshimiz muvaffaqiyati zamirida o‘qituvchi va murabbiylar mehnati yotadi-ku. Shunday ekan, birinchi galda ustozlarni munosib taqdirlash adolatdan emasmi? Nahotki, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga ham uy-joy yoki mashina sovg‘a qilish mumkin bo‘lmasa?”, deyiladi maqolada.
Mualliflarning bildirishicha, avvalgi yillarda bu tajriba bo‘lgan. Yunusobod tumanidagi 71-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilfuza G‘aniyeva “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi—2000” ko‘rik-tanlovida g‘olib chiqib, tuman hokimligi tomonidan 3 xonali uy bilan taqdirlangan. 2001 yili Rahima Mirxoliqovaga “Tiko” avtomashinasi berilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2004 yilga qadar o‘qituvchilarga suv, gaz, elektr, mol-mulk solig‘i, yer uchastkalari bo‘yicha 50%lik imtiyozlar berilgan, 2004 yildan keyin esa bularning barchasi bekor qilingan.
Mualliflar shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi xodimlari, temiryo‘lchilar, harbiylarga uy-joy, avtomashina sotib olish bo‘yicha imtiyozli kreditlar ajratilishini, biroq mazkur ro‘yxatda o‘qituvchilar yo‘qligini afsus bilan tilga olishgan.
Maqolada ayrim o‘qituvchilarning fikrlari ham keltirilgan bo‘lib, suhbatdoshlar o‘qituvchi mehnatini munosib qadrlash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, ish staji yetarli bo‘lgan o‘qituvchi ayollarga 50 yoshdan pensiyaga chiqish imtiyozini berish va ilgarigi imtiyozlarni yana tiklashni taklif qilishgan.