Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan "talabaning o‘zlashtirish darajasi — professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni" tamoyili joriy qilinadi.
Bu O‘zbekiston prezidentining "Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq 2019 yil 1 martgacha "talabaning o‘zlashtirish darajasi — professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni" tamoyilning joriy etish bo‘yicha aniq mexanizmlarini belgilash vazifasi topshirildi.
Hujjatda qayd etilishicha, ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.
Shuningdek, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish, shu jumladan, "ustoz — shogird" tizimini joriy etish maqsadida o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o‘qituvchilar "vaqt me’yorlari"ning yangi mexanizmlarini ishlab chiqiladi.