Bilasizmi?

O‘zbekistondagi 9 ta oliy ta’lim muassasasiga bu yil uchun qo‘shimcha kvotalar berildi

O‘zbekistondagi  9 ta oliy ta’lim muassasasida 2018/2019 o‘quv yilgi o‘qish uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha qabul kvotalari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati ma’lumotiga tayangan holda  Kun nashiri ​xabarbermoqda.

Ma’lum qilinishicha, qo‘shimcha qabul kvotasi bo‘yicha o‘qish to‘lov-kontrakt asosida ​tashkil etilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bular:

Toshkent davlat texnika universiteti – 75 ta (bakalavriat);

Andijon mashinasozlik instituti – 90 ta (bakalavriat – 80 ta, magistratura – 10 ta).

Toshkent davlat stomatologiya instituti – 60 ta (bakalavriat);

Toshkent kimyo-texnologiya instituti – 20 ta (magistratura);

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti – 10 ta (magistratura);

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti – 25 ta (bakalavriat);

Milliy rassomlik va dizayn instituti – 20 ta (bakalavriat);

Namangan muhandislik-texnologiya instituti – 60 ta (bakalavriat);

Namangan muhandislik-qurilish instituti – 60 ta (bakalavriat);

To‘lov-kontrakt asosida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavriat va magistraturaga abituriyentlardan hujjatlar 2018 yil 25 sentyabrgacha qabul qilinadi. Kirish imtihonlari oliy ta’lim muassasalari tomonidan 2018 yil 28-30 sentyabr kunlari o‘tkaziladi.

Qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun o‘qish istisno tariqasida 2018 yilning 2 oktyabridan boshlanadi. Kirish imtihonlari natijalari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Kirish sinovlari natijasi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida qo‘shma ta’lim dasturlarida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga to‘lov-kontrakt shartlarini bajarishning oxirgi muddati 2018 yil 31 oktyabr etib belgilandi. Qo‘shma dastur doirasida ta’lim oladigan talabalar o‘qishi mazkur va respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga o‘qishga ko‘chirilmaydi va tiklanmaydi.